O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Q A R O R I

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MUSTAQILLIGINING YIGIRMA UCH YILLIK BAYRAMIGA TAYYORGARLIK KO‘RISH VA UNI O‘TKAZISH TO‘G‘RISIDA

Shu kunlarda xalqimiz Vatanimizning shonli tarixidagi buyuk va o‘chmas sanani – O‘zbekiston mustaqilligining 23 yilligini keng nishonlash uchun katta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ana shu ulug‘ ayyomni munosib kutib olish va o‘tkazish maqsadida bugungi kunda olib borayotgan ma’naviy-ma’rifiy faoliyatimizning asosiy ma’no-mazmunini avvalo biz tanlagan taraqqiyot yo‘lining har tomonlama to‘g‘ri va hayotiy yo‘l ekanini, yangi demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish borasida biz erishgan yutuq va marralarning mohiyati va ahamiyatini yurtimiz aholisi va jahon jamoatchiligiga yetkazish, ularning qadr-qimmatini chuqur anglash tashkil etishi darkor.

Shular qatorida O‘zbekistonimiz barqaror sur’atlar bilan o‘sib borayotgani, qo‘lga kiritgan ulkan natijalarimizni butun dunyo tan olayotgani, mamlakatimizning xalqaro maydonda obro‘-e’tibori ortib, o‘ziga munosib o‘rin egallab olayotganini keng yoritish, bu yutuqlarning asosiy omili va mezonini birinchi navbatda xalqimizning dunyoqarashi, odamlarimizning siyosiy ongi va tafakkuri o‘zgarib, fuqarolik faolligi tobora kuchayib borayotganida ko‘rish, ushbu ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni har tomonlama asoslab berish va bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda tahlil qilish o‘ta muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlash zarur.

Shu munosabat bilan:

1. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Respublika komissiyasining tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Respublika komissiyasi bir hafta muddatda “Yagonasan, muqaddas Vatanim, sevgi va sadoqatim senga baxshida, go‘zal O‘zbekistonim!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqsin.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklariga, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Nuroniy” va “Mahalla” jamg‘armalariga Mustaqillik bayramining yigirma uch yilligini yuksak saviyada nishonlash uchun joylarda hududiy komissiyalar tuzish, Respublika dasturidan o‘rin oladigan tadbirlar rejasini ishlab chiqish topshirilsin.

3. Mazkur dasturni tuzishda quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilsin:

tarixan qisqa davrda biz qanday ulkan rivojlanish yo‘lini bosib o‘tganimizni baholashda “Kim edigu kim bo‘ldik?” degan hayotiy haqiqatni asosiy va bosh g‘oya sifatida belgilash;

mamlakatimizning o‘tgan asr oxirida keskin ijtimoiy muammolar girdobiga tushib qolgan, aholining hayot darajasi bo‘yicha sobiq SSSRda eng oxirgi o‘rinlardan birini egallagan, paxta yakkahokimligi halokatli tus olgan, iqtisodiyoti biryoqlama rivojlangan, qoloq agrar respublikadan bugungi kunda sanoati tez sur’atlar bilan o‘sib, iqtisodiy qudrati va salohiyati yuksalib borayotgan zamonaviy davlatga aylanganini ochib berish. Buning tasdig‘ini mustaqillik yillarida O‘zbekiston iqtisodiyoti 4,1 barobar, aholining yalpi real daromadlari jon boshiga 8,2 karra oshgani, keyingi 9 yil davomida mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’ati 8 foizdan kam bo‘lmasdan kelayotgani va boshqa shu kabi raqam va ko‘rsatkichlar misolida qiyosiy tahlillar orqali ko‘rsatish;

Yana o‘qing:  Nuroniylar e’zozda

yurtimiz, shahar va qishloqlarimiz qiyofasi yildan-yilga ochilib, tobora obod va go‘zal bo‘lib borayotgani, jumladan, aholimizning asosiy qismi yashaydigan qishloq joylarda munosib turmush sharoitini yaratish, namunaviy loyihalar asosida uy-joylar va infratuzilma tarmoqlarini barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturlarning ijtimoiy ahamiyatini yoritish;

hech shubhasiz, vaqt o‘tishi bilan tobora yorqin namoyon bo‘layotgan, biz birinchilar qatorida amalga oshirgan va davom ettirayotgan, dunyoda katta qiziqish uyg‘otayotgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va Maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy dasturi, bir so‘z bilan aytganda, ta’lim-tarbiya sohasiga eng ustuvor ahamiyat berganimiz mamlakatimizning katta sur’atlar bilan barqaror rivoj topishida va yurtimizning dadil qadamlar bilan ilgarilab borishida mustahkam fundament yaratib berganiga alohida e’tibor qaratish;

biz uchun o‘ta muhim bo‘lgan sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport sohalarida qo‘lga kiritgan yutuq va marralarimizning hayotiy omillarini ochib berish;

mustaqillikning birinchi yillaridan boshlab xotin-qizlarga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oila va jamiyat hayotidagi nufuzini oshirish, qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarish, onalik va bolalikni himoya qilish, ayniqsa, qiz bolalarni zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallab, hayotda munosib o‘rin olishi uchun amalga oshirayotgan keng ko‘lamli ishlarimizni hayotiy va ta’sirchan misollarda ifoda etish;

bugun biz boshimizdan kechirayotgan o‘ta tahlikali va qaltis zamonda, yon-atrofimizda turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan bir sharoitda eng katta va bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik-osoyishtalikni ko‘z qorachig‘idek saqlash, millatlar va fuqarolar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, doimo hushyor va ogoh bo‘lib, tinchlik uchun kurashib yashash hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini chuqur aks ettirish;

O‘zbekistonning xalqaro maydonda olib borayotgan, yaqin va uzoq qo‘shnilarimiz bilan do‘stona aloqalar, o‘zaro hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan tashqi siyosatini, dunyoning turli mintaqalarida yuz berayotgan qarama-qarshilik va to‘qnashuvlarni faqatgina siyosiy muzokaralar, tinchlik yo‘li bilan hal etish bo‘yicha yondashuv va qarashlarining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish;

yuqorida bayon etilgan beqiyos natijalar, Vatanimizning izchil va barqaror taraqqiyoti negizida turgan asosiy omil va mezonlarni ochib berish amalga oshiriladigan barcha axborot-informatsion ishlarimizda, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv va muloqotlarda, jonli suhbatlarda katta o‘rin tutishi lozim. Ushbu qarorning kirish qismida qayd etilgan fikr va g‘oyalarni chuqur ma’noli, shu bilan birga, sodda tilda yoritish, odamlarning qalbi va ongiga singdirish bu borada alohida ahamiyat kasb etishi tabiiydir.

Yana o‘qing:  OILAGA E’TIBOR — KELAJAKKA E’TIBOR

Muxtasar aytganda, biz mustaqillik yillarida qanday og‘ir va mashaqqatli sinovlardan o‘tib, misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishgan bo‘lsak, ularning barchasi zamirida faqatgina xalqimizning fidoyi mehnati, chidamliligi, olijanobligi va bag‘rikengligi, matonati va jasorati, ertangi kunga mustahkam ishonchi mujassam ekanini teran aks ettirish zarur.

4. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab aholining keng qatlamlari o‘rtasida ma’rifiy uchrashuvlar, jonli muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy tadbirlar o‘tkazish maqsadida taniqli olimlar, adiblar va san’atkorlardan iborat ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot guruhlari tashkil etilsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishi ta’minlansin.

5. Respublika komissiyasi o‘z yig‘ilishlarida belgilangan chora-tadbirlar markazda va joylarda qanday amalga oshirilayotgani yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlari hisobotini muntazam ravishda eshitib borsin.

6. Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda o‘tkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar bo‘yicha yuksak mahorat va tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar – ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh san’atkorlar vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin.

7. Madaniyat va sport ishlari vazirligi “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi Yozuvchilar va Bastakorlar uyushmalari bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etishga qaratilgan eng yaxshi qo‘shiqlar, musiqa asarlari uchun “Yagonasan, muqaddas Vatan!” an’anaviy respublika tanlovining yakuniy bosqichini o‘tkazsin. Tanlov g‘oliblari va sovrindorlari Mustaqillik bayrami arafasida e’lon qilinsin.

8. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Badiiy akademiya, “Tasviriy oyina” uyushmasi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda avgust oyining oxirida “Eng ulug‘, eng aziz”, “Vatan uchun yashaylik”, “Seni kuylaymiz, zamondosh”, “Ranglar jilosida – ona diyor” kabi ko‘rik-tanlovlarni yuqori darajada o‘tkazishni ta’minlasin.

9. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hamda xayriya mablag‘lari hisobidan;

Toshkent shahrida respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.

10. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga mustaqillikning yigirma uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.

Yana o‘qing:  BIR GAP BOR (2014/27)

11. Mazkur qarorning ijrosini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.KARIMOV

Toshkent shahri,

2014 yil 1 iyul

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: