FARZANDIM chet tilida gapira olishini xohlayman
Farzandimni MTMning rus guruhiga bergan edik. Lekin u tilni o‘zlashtirishda qiynalyapti. Bolamni bu muammoni oson yengib o‘tishi, tilni yaxshi o‘zlashtirishi uchun nima qilishim kerak. Bu borada mutaxassislar nima deydi?
Robiyaxon TURDIQULOVA,
Toshkent viloyati
Poytaxtimizdagi “Salomatlik” markazi psixologi Shohida Jumayeva:
– Bolani xorij tilidagi maktablarda qiyinchiliksiz tahsil olishlari uchun shu narsaga e’tibor beringki, bolangizni maktabga bir yildan kam bo‘lmagan vaqt mobaynida tayyorlab boring. Imkon qadar ustozi bilan tez-tez bog‘lanib, farzandingizning o‘zlashtirish darajasi qay holda ekanligi bilan qiziqing va albatta yutuqlarini rag‘batlantirib boring, kamchiliklarini yuziga aytmang, aks holda bolaning o‘ziga bo‘lgan ishonchi sinib qoladi. Natijada har bir ishni ikkilanib, o‘ziga ishonmay bajaradi. Farzandingiz bilan boshlang‘ich darslarini do‘stona ruhda birgalikda bajaring. Bolangizni shunchaki eshitmang, uni tinglang. Zero, eng to‘g‘ri qaror va xulosa ana shunda yuzaga keladi.
Toshkent viloyati Zangiota tumaniga qarashli 65-umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Elnura Ro‘zmetova:
– Rus tiliga ixtisoslashtirilgan maktabning boshlang‘ich o‘qituvchisi sifatida shuni aytishim mumkinki, so‘nggi yillarda ota-onalar farzandlarini chet tiliga ixtisoslashtirilgan maktablarga olib kelish jarayoni ommalashmoqda. Bu yaxshi, albatta. Yangicha muhitga bolaning moslashishi esa biroz qiyin kechishi, tabiiy. Ammo, ota-onalarning e’tibori va harakati tufayli bolalarning xorij tilini o‘zlashtirish, yoki shu tilda olib borilayotgan darslarni qabul qilishi samarali kechyapti. Tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, ayrim ota-onalar chet tilini farzandiga o‘rgatish uchun o‘zlari o‘rganishadi yoki bolasi bilan birgalikda baravariga dars qilishadi. Bola uchun ota-onalar ko‘magi hamisha ruhiy dalda bo‘ladi. Menimcha, bu eng to‘g‘ri yo‘ldir.
M.TOLIPOVA tayyorladi