Ma’naviyat qalbni nurlantiradi

Talabalar turar joyi. Ozodning yaqin o‘rtog‘i uning qo‘liga ikkita jurnal tutdi. Yassi va brayl uslubida chop etilgan mazkur nashr ko‘zi ojizlar auditoriyasi uchun mo‘ljallangan “Bir safda” jurnali edi. Shunday qilib, Ozod Qurbonovning she’rlari 2006 yil ilk bor “Bir safda” sahifalarini bezadi.

Barmoqlari bilan mutolaaga kirisharkan, Ozod sevinchini yashira olmadi.

– Tepasiga “Yosh ijodkorlarning she’rlar tanloviga”, deb yozishibdimi?!

O‘sha yili Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetiga o‘qishga qabul qilingan Ozod Qurbonov yil so‘nggida mazkur tanlovning g‘olibi bo‘ldi. Ayni paytda esa u tahririyatning fidoyi xodimlaridan biridir.

– O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyatining matbuot nashri – “Bir safda” jurnali ko‘rish imkoniyati cheklangan insonlar hayoti, orzu-umidlari, quvonchu tashvishlari, turli sohalarda yuritayotgan faoliyati va ularning yutuqlari haqida atroflicha hikoya qiluvchi yagona qo‘llanmadir, – deydi jurnalning yetakchi mutaxassisi Ikrom Rajabov. – “Bir safda” sahifalarida ushbu tizim bilan bog‘liq jarayonlar, sohadagi yutuq va muammolar keng yoritilmoqda. Shuningdek, mushtariylarga ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy yo‘nalishdagi sahifalar, hayot saboqlari, ko‘ngil bitiklari, donolar hikmatlari, ruhiyat chizgilari kabi ruknlarda ham materiallar havola etib kelinmoqda.

Aytish joiz, “Bir safda” jurnaliga 1957 yili asos solingan. Dastlab rus va o‘zbek tillarida materiallar chop etilgan mazkur nashr 1968 yilga kelib alohida-alohida shaklda mushtariylarga havola etildi. Natijada jurnalni to‘rt variantda – relyef-nuqtali va yassi shriftlarda o‘qish imkoni yuzaga keldi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi esa jurnal ijodkorlarining o‘z ona tilida erkin ijod qilishiga zamin hozirladi. 2006 yilga kelib jurnal sarf-harajatlari davlat tomonidan moliyalashtirilishi natijasida nashr faoliyati, mazmuni va auditoriyasining kengayishiga erishildi.

– Jurnalning davlat tomonidan moliyalashtirilishi yuksak g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasidir, – deydi nashr mas’ul kotibi Qudrat Ochilov. – Bu kabi sa’y-harakatlar ko‘zi ojiz insonlarning bilim doirasi, dunyoqarashi kengayishiga zamin hozirlaydi. Ularni jamiyatning faol a’zosiga aylantirishda o‘z hissasini qo‘shadi. Shuning uchun ham jurnal sahifalarini badiiy ijod namunalari, she’r va hikoyalar bilan boyitib boryapmiz. Maqsadimiz ko‘zi ojiz insonlarga so‘z orqali ziyo nurini ulashmoqdir. Bilasizmi, lotin alfavitiga o‘tilgach, brayl usulidagi kitoblar, darsliklarga ehtiyoj kuchayib ketdi. Bu borada mamlakatimizda qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. “Bir safda” esa ana shu ehtiyojlarni qondirish uchun ham muhim omil bo‘layotir. Qolaversa, 2006 yildan so‘ng jurnalning qog‘oz sifati, dizayni tubdan o‘zgarib, yassi varianti rangli holatda, shu bilan birga zaif ko‘ruvchi kishilar uchun katta shriftlarda chop etila boshlandi. Mazkur sa’y-harakat ham mushtariylarning axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun xizmat qilayotir. Ayni paytda tahririyatimizda faoliyat yuritayotgan besh nafar ijodiy xodimning oldiga qo‘ygan asosiy maqsadi ham aslida shudir. Ularning mehnati munosib baholanib bir necha tanlovlarda g‘olib va sovrindorlar safidan joy olayotgani fikrimiz tasdig‘idir.

Yana o‘qing:  “Matbuot fikr aytish borasida jamiyatdan hech qachon ortda qolishi kerak emas”

Darhaqiqat, tahririyat xodimi Nodira Zokirova BMTning “ACCES” loyihasi doirasida nogiron ijodkorlar o‘rtasida tashkil etilgan “Nogironlik masalalarini yoritish bo‘yicha eng yaxshi maqola” nomli tanlovda 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, nashrning yetakchi mutaxassisi Ikrom Rajabov rag‘batlantiruvchi mukofotga loyiq topildi. Qolaversa, “Bir safda” jurnali bosh muharriri Abdusaid Mirhamidovga 2006 yil hukumatimiz tomonidan “Shuhrat” medali topshirildi.

– 2006 yil tahririyatimiz hayotida muhim rol o‘ynadi, – deydi yetakchi mutaxassis Ikrom Rajabov. – Xususan, shu yildan boshlab muhim sanalarga bag‘ishlab ijodkorlar o‘rtasida tanlovlar e’lon qila boshladik. Bu tanlovlar jurnalimiz auditoriyasining kengayishiga, shu bilan birga qator iste’dodlarning kashf etilishiga turtki bo‘ldi. Ularni ijodiy faoliyatga yo‘naltirish, iste’dodini rivojlantirishda jamoamiz tomonidan ham salmoqli ishlar amalga oshirilayotir.

Darhaqiqat, tahririyat tomonidan e’lon qilingan tanlovlarning birida o‘z she’rlari bilan ishtirok etib, g‘olib bo‘lgan Ozod Qurbonov ham bugun “Bir safda” sahifalarini o‘zining mushohadaga boy, tahliliy maqolalari bilan boyitib kelmoqda. Eng muhimi, ko‘zi ojiz insonlar orasida bunday iste’dodlar juda ko‘p. Jurnal jamoasi nafaqat, axborot tarqatish, ko‘zi ojizlar bilim doirasini oshirish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatmoqda, balki ularning orasidan chiqqan iste’dodlarni bo‘y ko‘rsatishida ham o‘z hissasini qo‘shayotir.

Bahodir HALIMOV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: