Ogohlik – osoyishta turmush himoyachisi
Rahimjon bugun ham dars qoldirdi. Ertalab onasiga o‘zini o‘qishga borayotgandek ko‘rsatib, uydan chiqib ketdi-yu kun bo‘yi ko‘chada kezib yurdi. Axir u sinfdoshlariga yana kalaka bo‘lishni istamasdi-da. Ha, onasiga ham qiyin. To‘rtta farzandini “bir ko‘z” bilan katta qilayapti. Buning ustiga keyingi paytda sog‘lig‘i ancha pand bermoqda. Hammasi otasi ularni yolg‘iz tashlab ketganidan keyin boshlandi. Chet elga pul ishlash ilinjida ketgan otasi shu yerda bo‘lganida o‘ksinib yurmasmidi?!
Balog‘at yoshidagi o‘g‘il-qizlar atrofdagilarning, ayniqsa, ota-onasining e’tiboriga, ularning maslahatiga muhtoj bo‘ladi. Ana shunday davrda bolalar yolg‘iz qoldirilsa, atrofdagi ba’zi bir nopok odamlar bundan foydalanish payida bo‘lishlarini hech birimiz, eng avvalo, ota-onalar aslo unutmasligimiz lozim.
Voyaga yetmagan yoshlarni bilimli, jismonan va ma’nan barkamol etib tarbiyalash, huquqiy ongini o‘stirish, ular o‘rtasida huquqbuzarlik, jinoyatchilik hamda turli norasmiy diniy oqimlar izmiga tushib qolmaslik maqsadida mamlakatimizdagi huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Biz bu borada poytaxtimizning Shayxontohur tumanida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdik.
Azamat Gulyamov, Shayxontohur tuman xokimligi huzuridagi voyaga yetmaganlar komissiyasi mas’ul kotibi:
– O‘smirlik, ya’ni o‘tish davridagi yoshlar ongiga ta’sir etish juda oson. Ayniqsa, u ma’nan zaif, ya’ni bilim va hayotiy tajribaga ega bo‘lmasa, oilasidan uzoqlashgan bo‘lsa, nopok yo‘llarga kirib qolishi mumkin.
Tumanimizda 310 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Ularning 103 ming nafardan ziyodi esa voyaga yetmaganlardir.
Tumanimizda 35 ta umumta’lim maktabi, 43 ta maktabgacha ta’lim muassasalari, bitta yordamchi maktab, uchta sport maktabi, bitta O‘quvchilar texnik ijodiyot markazi faoliyat ko‘rsatadi.
Afsuski, bu o‘qituvchilarning ishi, deya farzandi tarbiyasiga ko‘pchilik ota-onalar loqayd bo‘ladi. Ana shunday bo‘shliq bor joyda bola tarbiyasi izdan chiqadi. Har qanday yosh esa yaxshi muomala qilib katta narsalarni va’da qilgan begonalar izmiga tushib qolganini anglaganida ancha vaqt o‘tgan bo‘ladi. U xalqiga, Vataniga nisbatan jinoyat sodir qilganida esa ko‘pchilik ota-onalar “uni kim yo‘ldan urdi”, “nega shunday bo‘ldi”, deya aybni boshqalardan izlaydi. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi komissiyaning “Voyaga yetmagan yoshlarni bilimli, jismonan sog‘lom va ma’naviy barkamol qilib tarbiyalash, ularning huquqiy ongini o‘stirish, ular o‘rtasida huquqbuzarlik, jinoyatchilik, hamda har xil norasmiy diniy oqimlar tarkibiga kirib qolish holatlarining oldini olishda mutasaddi idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish” yuzasidan 2014 yilga mo‘ljallangan tadbirlar dasturi, tuman komissiyasining 2014 yilga belgilangan ish rejasi asosida faoliyat olib bormoqdamiz. Shuningdek, “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida tuman komissiyasi tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Tuman komissiyasining tashabbusi bilan tuman hududida istiqomat qiluvchi huquqbuzarlikka moyil bo‘lgan o‘smirlarga tajribali pedagoglardan murabbiylar tayinlangan. Ular bilan yakka tartibda tarbiyaviy tadbirlar o‘tkazilayotgani o‘z samarasini bermoqda.
Yaqinda “Samarqand darvoza” majmuasida tumanda istiqomat qilayotgan, profilaktik ro‘yxatda turuvchi va kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun “Har bir bolaga e’tibor” mavzusida tuman “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, tuman ma’naviyat va sport ishlari bo‘limi, sog‘liqni saqlash sohasi, IIB xodimlari bilan hamkorlikda davra suhbati o‘tkazdik. Unda yetti yoshdan o‘n yoshgacha bo‘lgan 105 nafar bola qatnashdi. Ularni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar javob berdi.
Bundan tashqari voyaga yetmaganlar orasida nazoratsizlik, daydilik va huquqbuzarlikka qarshi kurash olib borilmoqda. Maktab, litsey, kollej va boshqa o‘quv muassasalarida doimiy ravishda “Jinoyatchilikning oldini olish”, “Huquqbuzarlik va jinoyat”, “Spirtli ichimlik va giyohvandlikning salbiy oqibatlari”, “Giyohvandlik bilan emas, sport bilan mashg‘ul bo‘l!”, “Odam savdosi, fohishabozlikka qarshi kurash” kabi turli mavzulardagi profilaktik ishlar, mahallalarda uchrashuv hamda seminarlar muntazam o‘tkazilib kelinmoqda. Bundan keyin ham o‘quv muassasalarining ma’naviyat soatlarida barcha yo‘nalishlarda, ayniqsa, diniy ekstremizm va odam savdosining salbiy oqibatlari bo‘yicha targ‘ibot-tushuntirish ishlarini kuchaytirish niyatidamiz.
Darhaqiqat, Vatanga sadoqatli bo‘lish va uning ravnaqi yo‘lida kuch-g‘ayratini ayamaydigan kelajak avlodni vatanparvarlik ruhida, sog‘lom va barkamol voyaga yetkazish ota-onalarning, pedagoglar, yoshlar tarbiyasi bilan shug‘ullanadigan mutaxassislarning burchi, albatta. Vaholanki, Vatanga muhabbat oiladan boshlanadi. Farzand yolg‘on gapirdimi, demak u oilasiga xiyonat qilgan hisoblanadi. Ana shu tuyg‘ularni farzandi ongida shakllantirmagan ota-ona bir kun kelib “chuv tushishi” bor gap. Buni hayot ko‘rsatyapti. Bas, shunday ekan, barchamiz ogoh bo‘lishimiz kerak. Ogohlik nafaqat davr talabi, balki kundalik yumushimizga aylansin.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri