Birinchi mavsum yakunlandi
Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 102-sonli maktab qoshida tashkil etilgan “G‘uncha” oromgohining 1-mavsumida 120 nafar o‘g‘il-qiz maroqli hordiq chiqardi. Oromgohda 1-mavsumning yopilish marosimiga bag‘ishlab “Quvnoq o‘tgan o‘n kun” deb nomlangan tadbir tashkil etildi.
– Bu yil oromgohning ilk mavsumida hordiq chiqargan bolajonlarimiz rus va ingliz tili, matematika kabi fan to‘garaklari hamda stol tennisi, shaxmat-shashka, futbol, bichish-tikish, kompyuter, raqs to‘garaklarida bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazdilar, – deydi oromgoh rahbari Dilfuza Nizomova.
– Oromgohga jalb etilgan bolalar yoshiga qarab “Kichkintoy”, “Parvoz”, “Boychechak”, “Kamolot”, “Barkamol avlod”, “Quyosh” guruhlariga ajratildi. Ular o‘rtasida o‘tkazilgan turli bellashuvlar, sport musobaqalari bolajonlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashish bilan birga, o‘ziga bo‘lgan ishonch tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” kitobi bo‘yicha “Suhbat davraga chorlaydi” mavzuidagi suhbat, syujetli o‘yinlar, turli sport musobaqalari va konsert dasturlari o‘quvchilarning ma’naviy bilim va imkoniyatlarini yuzaga chiqarishga, shuningdek, jismoniy salomatliklarini mustahkamlab olishiga turtki bo‘ldi.
Baxtiyor OMONOV