Tabiiy darmondorilar
Azaldan Sharq tabobatida meva va sabzavotlarning inson salomatligiga ijobiy ta’siriga katta ahamiyat berilgan. Chunki, ular organizmni sog‘lomlashtirish, mustahkamlash va yosharishda muhim o‘rin tutadi. Quyida ba’zi meva va sabzavotlarning xosiyatlari haqida qisqacha ma’lumot beramiz.
Olma. Uning tarkibida 15 foizgacha qand, organik kislotalar, pektin, mikroelementlardan temir, kaliy, magniy, mis, kobalt, S, V1, V2, RR vitaminlari bor. U yurakni quvvatlantirib, yaxshi kayfiyat bag‘ishlaydi.
O‘rik. Kaliy va temir moddalariga boy. Yurak-qon tomir, kamqonlik kasalliklarida katta yordam beradi. Shakar moddasi ko‘p bo‘lganligi uchun qand kasali bilan og‘rigan bemorga tavsiya qilinmaydi.
Apelsin. Bosh aylanishida, ko‘z tinishida, ishtaha yo‘qligida, silla qurishida, me’da-ichak tizim faoliyatini yaxshilashda, jigar, gipertoniya (qon bosimi oshganda), yurak-qon tomir kasalliklarini davolashda juda foydali mevadir. Tarkibida yod, temir, kaliy va boshqa moddalar bor. Ayniqsa, S vitaminiga boy.
Pomidor. Kalsiy, fosfor, temir, A, V, S, K vitaminlariga boy. Asablarni tinchlantiradi, ich qotishida ham foydalidir.
Bodring. Ishtaha ochadi, me’da-ichak faoliyatini yaxshilaydi. Qorin dam bo‘lishini yo‘qotadi. Tetiklik bag‘ishlaydi. Ayniqsa, bodring suviga oz miqdorda asal aralashtirib iste’mol qilish me’da-ichak tizimi faoliyatini yaxshilaydi.
Karam. Ishtaha ochadi, qorin dam bo‘lishini yo‘qotadi. Me’da va o‘n ikki barmoq ichak yarasida foydalidir.
Qizil sabzi. A, V, S, Ye vitaminlariga boy. Kamqonlik, vitamin yetishmasligida juda foydalidir. Ko‘z nurini yaxshilaydi, bo‘yning o‘sishiga yordam beradi. Qabziyatda hamda jigar foliyatini yaxshilashda muhim o‘rin tutadi. Uni qirg‘ichdan o‘tkazib, shakar qo‘shib iste’mol qilish kerak.
Qizil Qalampir. Ishtaha ochadi. A’zoi badanni qizdirib, terlatadi. Lekin me’da va ichak yaralari bor bemorlarga tavsiya qilinmaydi.
Bahriddin TURG‘UNOV tayyorladi