Xarid qilgan MAHSULOTINGIZ SIFATLIMI?
Biror xalqning turmush tarzini bilmoqchi bo‘lsang, bozorlarini aylan, degan ibratli gap bor. Darhaqiqat, bozor elning ko‘zgusidir. Birgina u orqali mamlakat taraqqiyoti, el salomatligi, kishilarning hayoti, orzu-umidlari, intilishlari, madaniyati, o‘zaro hamjihatligini bilish mumkin. Shuning uchun ham yurtimizda qadimdan bozorlarni obod qilish, uni turli noz-ne’matlar bilan to‘ldirish urf bo‘lgan. Istiqlol yillarida esa bu an’ana qadriyat darajasiga ko‘tarildi.
Mamlakatimizning chekka hududlaridagi bozorlargacha kapital ta’mirlanib, zamonaviy qiyofa kasb etdi. Ko‘plab savdo markazlari, dehqon bozorlari qad rostladi. Mavjudlari kengaytirildi. Bugun bozorlarimizni aylanayotgan xorijiy sayyohlar Vatanimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar – ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va servis, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish borasidagi yutuqlarimiz haqida ma’lumotga ega bo‘ladi. Shuningdek, aholining to‘q-farovon turmush kechirayotgani yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikning mahsuli ekanini anglaydi.
To‘rt faslda ham turli noz-ne’matlar rastalarini bezagan bozorlar yoz faslida yanada to‘lib toshadi. Tilni yorgudek mevalar bebaho darmondoriga aylanadi. Kishi organizmida vitamin va turli moddalar yetishmasligiga barham beriladi. Eng muhimi bozor ozodaligi, mahsulotlarning sanitar-gigiyenik holati sifat darajasida bo‘lishi salomatlikni ta’minlovchi asosiy vositadir.
– Bozorimizda oltita pavilonda turli oziq-ovqat mahsulotlari sotuvi yo‘lga qo‘yilgan. 12 ta ovqatlanish shoxobchasi faoliyat yuritmoqda, – deydi Toshkent shahar Yunusobod tumani OAJ Yunusobod dehqon bozori direktori birinchi o‘rinbosari Otabek Rasulov. – Bilasizmi, bozorning ham o‘ziga yarasha yozilmagan qonun-qoidalari bor. Shulardan biri qancha turdagi mahsulot sotilayotgani emas, balki iste’molchilarga sifatli mahsulot yetkazilishidir. Muddati o‘tgan oziq-ovqat inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi. Buni his qilgan holda bozorimiz hududida veterinariya va sanitariya ekspertiza laboratoriyasi tashkil etilgan. Qolaversa, Yunusobod tuman Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi xodimlari ham bu ishga doimiy jalb etilgan. Tuman hokimligi tomonidan tashkil etilgan jamoatchilik nazorati vakillari ham bu mahsulot sifati, uning yaroqlilik muddatini doimiy nazorat qilib borishadi. Bozor ma’muriyati tomonidan esa go‘sht va sut mahsulotlari rastalariga maxsus sovutgichlar o‘rnatildi. Bu sa’y-harakatlar zamirida iste’molchilarga sifatli mahsulot yetkazib berish, ularning talab va istaklarini qondirishdek maqsad mujassam. Qolaversa, bu inson salomatligini ta’minlashda ham juda muhim rol o‘ynaydi.
Markaziy bozor hududi 3 gektar maydonni egallagan. 1 ming 670 ta rasta mavjud. Bitta rastadan kuniga kamida o‘n nafar iste’molchi mahsulot xarid qilsa, ularning umumiy soni 16 ming 700 nafarga to‘g‘ri keladi va shuncha oilaga bozor oziq-ovqat mahsulotlari yetib boradi. Bu esa avvalo, bir kunda 50-60 ming nafar aholining salomatligi bozor oziq-ovqat mahsulotlarining sifati bilan bevosita bog‘liq deganidir. Mazkur hisob-kitob, albatta, taxminiy. Aslida esa ko‘rsatgich bundan besh baravar yuqori bo‘lishi ham mumkin. Shunday ekan, bozordagi sanitar-gigiyenik holatni barqaror saqlashga, nafaqat bozor ma’muriyati, balki tegishli tashkilot vakillari ham birday mas’uldirlar.
– Vazifamiz aholiga sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishdir, – deydi Yunusobod tuman Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi ovqatlanish gigiyenasi bo‘limi mudiri Po‘lat Kamolov. – Shu maqsadda Yunusobod dehqon bozoriga uch nafar xodimimiz biriktilgan. Ularning ish faoliyatini nazorat qilib turamiz. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida sanitariya qonun-qoidalarini buzganligi uchun 27 ta fuqaroga nisbatan jarima solindi. Kelib chiqishi noma’lum, hech qanday tegishli hujjatlarsiz bozor hududiga olib kelingan 400 kilogrammga yaqin har xil turdagi oziq-ovqat mahsulotlari iste’molga yaroqsizligi bois qonun doirasida savdodan olinib, musodara qilindi.
Darhaqiqat, shunga o‘xshash holatlarning aniqlangani, vaqtida qonun doirasida jazo qo‘llanilganligi ko‘plab insonlarning sog‘lig‘ini saqlab qolishi, shubhasiz. Zero, salomatlik har qanday ezgu ishning bosh omilidir. Tani sog‘ odamning yumushi yengil, muammosi esa o‘z yechimini topib boraveradi. Zero, sog‘lik – oilalar tinchligini ta’minlovchi asosiy vositadir.
Bahodir HALIMOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri
Muallif olgan surat.