Huquqbuzarliklarga qarshi kurashishning qonuniy asosi kuchaytiriladi
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonun imzolanib, matbuotda e’lon qilindi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, vazirliklar va idoralar, jamoat birlashmalari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan amalga oshiriladigan huquqbuzarliklarning profilaktikasi, jamoat tartibini ta’minlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini jinoiy tajovuzlardan himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni amalga oshirish davlatimiz siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi nima?
– Huquq-tartibotni saqlash hamda mustahkamlash, huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga barham berish, shuningdek huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish maqsadida qo‘llaniladigan huquqbuzarliklar umumiy, maxsus, yakka tartibdagi va viktimologik profilaktikasining huquqiy, ijtimoiy, tashkiliy va boshqa chora-tadbirlar tizimi.
“Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida” gi Qonuni
Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan tub islohotlar huquqbuzarliklarning oldini olishdagi faoliyatning yuritilishini, mohiyati, mazmuni va prinsiplarini tubdan o‘zgartirib yubordi. Huquq-tartibot hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek, jamoatchilik tashkiloti o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning kuchaytirilishi fuqarolarning hokimiyat institutlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. Ushbu yo‘nalish yuksaltirishga zarur shart-sharoitlarni yaratish, bajarilishi zarur bo‘lgan vazifalarni amalga oshirishning yanada ishonchliligini ta’minladi.
Huquqbuzarliklarning oldini olishda militsiya tayanch punktlarini mahallalar qoshida “Mahalla posboni” jamoat tuzilmalarining tashkil etilganligi, shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qoshida yarashtiruv komissiyalarning faoliyat yuritayotganligi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ko‘rilgan choralar huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyat sodir etilishini keltirib chiqaruvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, ularni bartaraf etish ishlarini kuchaytirish imkonini beradi, joylarda vaziyatning yaxshilanishiga erishiladi.
Qonunning asosiy g‘oyasi huquqbuzarliklarning oldini olishning ko‘p qirrali tizimini amalga oshirish prinsipi negizida davlat tuzilmalari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari shakllantiradigan huquqbuzarliklarning profilaktikasining butun tizimi faoliyatining asosini qonuniy mustahkamlashdan iboratdir.
Qonun huquqbuzarliklarini keltirib chiqaruvchi sabablar va ularning sodir etilishiga imkon beruvchi shart-sharoitlarni aniqlash, ularni bartaraf etish choralarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan umumiy, maxsus, yakka tartibdagi va viktimologik (jabrlanuvchi bo‘lib qolish holati) profilaktikasi sub’yektlarining faoliyati hisoblanadi. Shuningdek, huquqiy bazaning tahlili shuni ko‘rsatadiki, hozirgi kunda huquqbuzarliklarning profilaktikasi masalalari ayrim qonun normalari, hukumat qarorlari, idoraviy hujjatlar bilan tartibga solinadi, bu esa ushbu masalani hal etish lozim bo‘lgan profilaktika sub’yektlari harakatlarini muvofiqlashtirish va samaradorligini ta’minlashning to‘liq imkoniyatini bermayapti.
Qonunni tayyorlashda MDH va uzoq xorij mamlakatlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi tajribalari hisobga olinadi. Xalqaro amaliyotni o‘rganish shundan dalolat beradiki, bir qator xorijiy mamlakatlar (Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va boshqalar)da huquqbuzarliklar profilaktikasi masalalari yagona qonunchilik hujjati bilan tartibga solingan. Umuman, MDH mamlakatlarida bevosita huquqbuzarliklarning profilaktikasini ichki ishlar, davlat xavfsizligi organlarining tegishli bo‘linmalari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar amalga oshiradi.
Shu bilan birga, qonunda o‘xshash xorijdagi loyihalardan ijobiy hayotiy qadriyatlarni targ‘ib qilish, turli hayotiy vaziyatlarga tushib qolgan shaxslarni moddiy, psixologik va boshqa turda qo‘llab-quvvatlash belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, davlat organlari faoliyatining ijtimoiy institutlari va bevosita fuqarolari tomonidan jamoatchilik asosida nazorat qilinishi prinsipi qonun bilan mustahkamlangan.
O‘zbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida” gi Qonunida quyidagilar belgilab qo‘yilgan:
– huquqbuzarliklar profilaktikasining maqsadi, vazifalari, prinsiplari va asosiy yo‘nalishlari;
– huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan bog‘liq asosiy tushunchalar;
– huquqbuzarliklar profilaktikasi asosiy sub’yektlarining ro‘yxati va ularning vakolatlari;
– umumiy, maxsus, yakka tartibdagi va viktimologik choralarni o‘z ichiga qamrab olgan huquqbuzarliklar profilaktikasining tizimi va ularni amalga oshirish tartibi;
– ichki ishlar idoralarining profilaktik hisobini amalga oshiriladigan shaxslar toifasi hamda uni amalga oshirish asoslari va tartibi;
– huquqbuzarliklar profilaktikasi sub’yektlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;
– huquqbuzarliklar profilaktikasi sub’yektlarining majburiyatlari va javobgarligi;
– huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining kafolatlanishi;
– huquqbuzarliklar profilaktikasi sub’yektlarining faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-ta’minlash masalalari.
Bundan xulosa qilish mumkinki, qonunning qoidalari jinoyatchilikka qarshi kurash, jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi amaldagi qonunchilikni modernizatsiya qilishga qaratilgan. Qonun davlatning demokratik islohotlarini yanada chuqurlashtirish va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish strategiyasiga uyg‘un bo‘lib, milliy xavfsizlikka nisbatan yuzaga kelayotgan yangi tahdidlar va xavf-xatarlarning oldini olishga xizmat qiladi. O‘z navbatida qonunning qabul qilinishi davlat tuzilmalari bilan turli jamoatchilik institutlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning barcha bosqichlarida ularning mexanizmini takomillashtirish imkonini beradi, huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida qo‘llaniladigan choralarning uzviyligini ta’minlaydi, tizimini mustahkamlaydi.
Mavluda ALIMOVA,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati