Taqdimot va tomosha
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Respublika qo‘g‘irchoq teatrida “Borlig‘imsan, bolajon” deb nomlangan ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalarning yuzga yaqin bolalari taklif etilib, hamkor tashkilotlar tomonidan bayram sovg‘alari ulashildi. Tadbir doirasida G.Saidovaning bolalarga bag‘ishlangan “Yoshlarga mo‘ljallangan fizika” nomli she’riy to‘plamining taqdimoti o‘tkazilib, kitob ishtirokchi bolalarga sovg‘a sifatida tarqatildi.
– Mazkur bayram tadbiriga o‘n nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oila bolajonlari bilan kelganmiz, – deydi Hamza tumani “Olmos” mahallasining faoli Muqaddas Mirodilova. – Bolalar uchun tashkil etilgan bayramona tadbir ularga haqiqiy tuhfa bo‘ldi.
Tadbir so‘ngida “Oh, bu Xo‘ja Nasriddin” deb nomlangan spektakl namoyish etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova ishtirok etdi.
M.TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri