Zarg‘aldoq o‘riklar – yurak shifosi
O‘lkamizda o‘rik mevasini yoki turshakni sevib iste’mol qilmagan insonlar bo‘lmasa kerak. Bahor fasli nihoyasiga yetayotgan bir vaqtda bu meva bozor rastalarida asta-sekin bo‘y ko‘rsatib, dasturxonimizga to‘kinlik ulashmoqda.
Markaziy Osiyoda o‘sadigan turshakbop o‘riklardagi uglevodlar miqdori 79 foizni tashkil etsa, bularning 49 foizgacha qismi saxarozaga to‘g‘ri keladi.
Bu meva nafaqat shifobaxshligi, balki xushta’mligi bilan qishda ham jonimizga oro kiradi. Uy bekalari o‘rik mevasidan sharbat va murabbolar tayyorlashadi. Undan ozuqa hamda dori sifatida keng foydalanadi.
Ma’lumki, xalq tabobatida o‘rikning sarxil va quritilgan mevalaridan tayyorlangan qaynatma peshob haydovchi, qon bosimini tushiruvchi, qonni ko‘paytiruvchi, yel haydovchi vosita sifatida keng foydalaniladi. Me’da-ichak kasalliklari (qabziyat, gastritlar)da, sariq (gepatit) kasalligining o‘tkir xuruji bor bemorlar esa kam iste’mol qilish tavsiya etiladi. O‘rikning yangi barglaridan stomatitda, tish og‘riqlarida, tishlarni tozalashda, mag‘izlaridan esa gijjaga qarshi dori tariqasida qo‘llanilsa bronxit, traxeit, laringit, ko‘k yo‘tal va nefrit singari kasalliklarda boshqa dorivor o‘simliklar bilan birgalikda ishlatiladi. O‘rik mevasining eti yuzni oftob olganida kosmetologik muolaja sifatida foydalaniladi (o‘rik mevasini ezib, yuzga surtiladi) .
Tarkibi A vitamini bilan to‘yingan o‘rik ismaloq va tuxum sarig‘idan qolishmaydi. Lekin S vitamini o‘rikda kamroq bo‘ladi. Shuningdek, o‘rik mag‘zida amigdalin degan glikozid bor. O‘rik yelimida galaktoza, arabinoza, glyukuronat kislota mavjud.
Tibbiyotda undan yurak glikozidlari ichilgandan keyin hamda miokard infarkti paytida paydo bo‘ladigan aritmiyalarda foydalanish tavsiya etiladi. O‘rik mevalarining tarkibida ko‘p miqdor vitaminlar, karotin, mikroelementlar, mineral tuzlar va boshqa moddalar bor. 100 gr. miqdordagi o‘rik kamqonlik kasalligi paytida qon yaratish jarayoniga xuddi 40 gr temir yoki 250 gr yangi jigar bilan birdek ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan. Yurak urishining maromi buzilgan kasallarga bargak yaxshi davo bo‘ladi. Xo‘l o‘rik mevalari esa gipovitaminoz va avitaminoz paytlarida bolalarga berish uchun tavsiya etiladi. Uning suvi homilador ayollarga ham foydalidir. O‘rik mag‘zini 20 gr.dan ortiq miqdorida iste’mol qilish yaramaydi. Odamlarning ko‘p mag‘iz yeb qo‘yib zaharlanib qolgani ma’lum. Shuningdek, o‘rikning achchiq mag‘zi ham zararli bo‘ladi.
O‘rik mevasida qand moddasi ko‘p bo‘lganligi tufayli qandli diabet kasalligida undan parhez qilish kerak. Ho‘l o‘rik mevalari yara kasalligi va o‘tkir gepatit bilan og‘rigan bemorlarga ham to‘g‘ri kelmaydi. Bir narsani esda tutish kerakki, o‘rik yeb, keyin sovuq suv ichish ich surishiga sabab bo‘ladi. Yel haydaydigan xususiyatlari borligi sababli uni, ayniqsa, g‘o‘ralari me’dasi susayib qolgan keksalarga tavsiya etilmaydi.
Malika ZOKIROVA