Qanday zararli moddalar bor
Supermarket va bozor rastalarida ko‘zni quvontiradigan mevalarni ba’zan zararli deb eshitamiz. Chunki, ular uzoq joylardan keltirilgani sababli ko‘rinishi buzilmasligi uchun turli kimyoviy moddalar bilan dorilanar ekan. Ular tarkibida qanday zararli moddalar bor?
Olimjon Xolov,
Sirdaryo viloyati
O‘lkamiz tuprog‘ida barcha meva-sabzavotlar va poliz ekinlari pishib yetiladi. Ularni tatib ko‘rgan xorijlik mehmonlar ham quyoshli yurtimizda yetishtirilgan bu ona tabiat ne’matlarining ta’mi o‘zgachaligini ko‘p bora matbuotda e’tirof etishgan. Epli uy bekalari qishki mavsum uchun may oyidanoq harakat qilib, qulupnay va tut, gilos, so‘ngra yoz mevalari o‘rik, shaftoli, olcha, shuningdek, navbati bilan turfa meva-sabzavotlardan turli murabbo, kompot, jem, marinad va tuzlamalar, salatlar, shinnilar tayyorlashadi. Yana meva va poliz ekinlaridan tayyorlangan qoqilar ham qishda organizmni zarur darmon-dorilar, mikroelementlar bilan ta’minlaydi
Shuningdek, xorijdan keltirilayotgan turli meva-sabzavotlar ham bozor va supermarketlarda ko‘plab sotilmoqda. Ularning ko‘rinishi yirik va yorqin rangli shuningdek, ba’zan sun’iy, mumdan yasalgan o‘yinchoqlarni ham yodga soladi. Bu mahsulotlarning ko‘pchiligi geni o‘zgartirilgan mahsulotlar (GO‘M) bo‘lib, uzoq muddat sifatini yo‘qotmasligi uchun ularga maxsus kimyoviy ishlov beriladi. Nitrat va nitritlar bilan ishlov berilsa meva-sabzavotlar tez buzilmaydi va uzoq muddat muzxonalarda yaxshi saqlanadi. Agar bunday mahsulotlar qaynagan va iliq suvda uzoq yuvib, keyin po‘stini archib iste’mol qilmasangiz stearin yoki parafin (mum) asta-sekin me’da-ichak tizimi faoliyatini izdan chiqaradi.
Shu sababli ko‘rinishi (oddiyroq) bo‘lsada tabiiy meva-sabzavotlar va ulardan tayyorlangan qoqilar va turli ozuqaviy mahsulotlar organizm uchun foydaliroq ekanligini unutmang.