Havo va quyosh vannalari – tanga davo

Yangi tug‘ilgan chaqaloqni tashqi muhitga tez moslashishi va organizmni chiniqtirish uchun tez-tez quyosh, havo vannasidan foydalanib turish maqsadga muvofiqdir. Buning uchun albatta xona harorati va bolaning umumiy ahvoli inobatga olinishi darkor. Dastavval, shifokor tekshiruvidan so‘ng bolaga qay tartibda havo vannasini buyurish kerakligi ko‘rsatiladi.

Bahorning may va yozning dastlabki oyidan boshlab kun ochiq paytda, ayniqsa, tushgacha bo‘lgan vaqtda quyosh vannasi bola uchun eng foydali hisoblanadi. Quyosh vannasi tabiat qo‘ynida amalga oshiriladi. Jumladan, bolani har kuni ochiq havoda sayr qildirish, tabiat qo‘ynida uxlatish bolani nafas olish tizimi va o‘pkani kerakli miqdorda kislorod bilan to‘yinishiga yordam beradi. Bu paytda bola yotadigan xonani eshik va derazalarini ochib qo‘yish, shamollatib turish kerak. Shuningdek, bola organizmini tabiiy ravishda chiniqtirishga alohida e’tibor berish zarur. Bolani ko‘chaga olib chiqqanda burniga oksolin mazidan surib qo‘yish kerak.

Yilda bir marotaba yoz kunlari bolani tog‘ yon bag‘irlariga olib borish, toza havoda ko‘proq dam olishi uning sog‘lig‘i uchun foydali hisoblanadi.

Uy sharoitida esa havo vannasini 2 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun qo‘llash mumkin. Dastlab chaqaloqni 1-2 daqiqa davomida kiyimlarini yechib, ochiq yotqizib qo‘yiladi. Bir yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun xona harorati 20 S dan past bo‘lmasligi lozim.

Haddan tashqari shabada bo‘layotgan xonada chaqaloqni kiyimsiz yotqizish mumkin emas!

Havo vannasining muddati har kuni 1 daqiqaga ko‘paytirib boriladi. Bu muolajani qo‘llashdan avval bolaning umumiy ahvoli hisobga olinishi kerak. Bola uchun havo vannasining afzallik tomoni shundaki, chaqaloq organizmi tashqi muhitga tez moslashadi va kasalliklarga qarshi chidamli bo‘ladi.

Uy sharoitidagi havo vannasi uchun xona havosi shamollatilgan, bola yotadigan joy ozoda bo‘lishi lozim. Bir oygacha bo‘lgan bolani havo vannasiga o‘rgatish uchun dastlab uning kiyimlarini yechib qo‘yib yoki tagligini almashtirish jarayonida ona o‘z bolasi bilan muloqotda bo‘lish kerak. Unga yoqimli so‘zlarni aytishi va uni erkalab, bola badanini yengil uqalash kerak. Yana qo‘l-oyoq mushaklarini ham massaj qilish va jismoniy mashqlar bajarish bola uchun foydalidir. Bir oygacha bo‘lgan bola uchun 5 daqiqa yetarli. 3-4 oylik bolani 8-10 daqiqa havo vannasida ushlab turish mumkin. 12 oy va undan katta bo‘lgan bolalarni 30 daqiqa uy sharoitida havo vannasiga o‘rgatish kerak. Bir yoshgacha bo‘lgan bolada suyak tizimi jadal rivojlana boshlaydi. Shuning uchun o‘tkaziladigan kunlik jismoniy mashqlar uning oyoq-qo‘llari va gavdasini tik tutishida, erta yurib ketishiga turtki beradi.

Yana o‘qing:  “Qiymali sharcha” taomi

Bolada O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya) yoki gripp, shuningdek, boshqa jiddiy, og‘ir, kasallikka chalinganligi kuzatilsa havo vannasi to sog‘ayguncha mumkin emas! Havo vannasi faqat bola sog‘lom bo‘lgan paytda zarur.

Bola uchun o‘tkaziladigan havo vannasi chaqaloqning qornini to‘yg‘azishdan avval amalga oshiriladi. Chunki, to‘q qoringa bajarilgan mashg‘ulotlar bolani qayt qilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Jismoniy mashg‘ulotdan so‘ng bolaning ishtahasi ochiladi va u to‘yib emadi. Go‘dakning uyqusi ham yaxshilanadi. Bolaning fiziologik yaxshi rivojlanishi uchun havo vannasi kabi foydali mashg‘ulotlar juda muhimdir.

Bolani tez-tez sayrga olib chiqishning yana bir foydali jihati shundaki, bola tinchlanadi. Uning ishtahasi ochiladi, o‘pka kislorod bilan yaxshi to‘yinadi.

Oliy toifali shifokor Oyjon TOSHPO‘LATOVA tavsiyalari asosida Nargiza UGLAMOVA tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: