Farzandingiz bayramni qanday nishonlashni xohlaydi?
“Ishtirokchi davlatlar bolaning dam olish va bo‘sh vaqtini o‘tkazish huquqini o‘zining yoshiga mos keladigan o‘yinlar va ko‘ngilochar tadbirlarda ishtirok etish, madaniy hayotda erkin qatnashish, san’at bilan shug‘ullanish huquqini e’tirof etadilar. shtirokchi davlatlar bolaning madaniy va ijodiy hayotda har tomonlama qatnashish huquqini hurmat qiladilar, rag‘batlantiradilar hamda madaniy va ijodiy faoliyat, bo‘sh vaqtni o‘tkazish va dam olish uchun tegishli teng imkoniyatlar yaratib berilishiga ko‘maklashadilar”.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya”si 31– modda.
Ushbu Konvensiyada belgilab qo‘yilgan mazkur talab, qolaversa, ushbu xalqaro huquqiy hujjat me’yorlari istiqlolning ilk yillaridanoq yurtimizda keng yo‘lga qo‘yildi. Zero, 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni xalqimiz orasida keng nishonlanishi, umummilliy bayram darajasiga ko‘tarilgani fikrimiz tasdig‘idir.
Darhaqiqat, go‘dak dillarni munavvar, oilalarni esa farovon etadigan ilohiy ne’matdir. Bu dunyoda chaqaloq iforidek yoqimli, kulgusidek umidbaxsh, ko‘zlaridek beg‘ubor mavjudot yo‘q. Zero, bola hayot abadiyligini ta’minlaydigan qudratga ega. Tinchlik hukm surayotgan jonajon Vatanimizda jajji avlodning sog‘lom va ma’nan yetuk bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida qator samarali tadbirlar amalga oshirilayotir. Xususan, joriy yilning Sog‘lom bola yili deb e’lon qilinishi va shu nomda Dastur ishlab chiqilishi yurtimizda bolalarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasidir. Shunday ekan, bolaning qiziqishlariga qarab unga shart-sharoitlarni yaratib berish ota-ona zimmasidagi mas’uliyatlardan biridir. Jumladan, ularning dam olish huquqini ta’minlash ham. Xo‘sh, 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bayramini bolalar qanday nishonlashni xohlaydi? Ota-onalar ularning bu boradagi qiziqishlari bilan o‘rtoqlashyaptimi?
– Ikki nafar farzandim bor, – deydi Sergeli tumanida yashovchi Sitora Rahmonova. – Kattasi yetti, kichkinasi esa ikki yoshga to‘ldi. Ularni tez-tez istirohat bog‘lariga olib boramiz. Baribir, 1-iyun bolalar hayotida boshqacha o‘rin tutadi. Ulardagi bayramona ruhni so‘ndirib qo‘yishdan juda qo‘rqaman. Axir, ayni ushbu kun boshqalaridan ajralib turishi kerak-da! Shu maqsadda bolalarimni “Hayvonot bog‘i”ga, muzey va tasviriy san’at ko‘rgazmalari, kitob do‘konlariga olib borishni odat qilganman. “Sirk” va bolalar teatriga chiptalar olishni esa hech qachon unutmaymiz. Bunday bayramlarda bolalar nafaqat sayr etishi, balki ma’naviyatini shakllantirishi, o‘z huquqlarini tanib borishi lozim. Sovg‘a olishda ham ana shu jihatlarga e’tibor beramiz.
Har bir ota-ona borki, bolasining kamolini ko‘rishni istaydi. U erkin ulg‘ayishi uchun zarur shart-sharoitni muhayyo qilishga harakat qiladi. Qolaversa, bayram arafasida “Kamolot” Yoshlar ijtimoiy harakati respublika va hududiy kengashlari tomonidan qator tashkilotlar bilan hamkorlikda bayramni ko‘tarinki ruhda, bolalarga mos o‘tkazish maqsadida samarali tadbirlar amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
– Bolalar, yurtimizning kelajagini ta’minlaydi. Shu maqsadda, 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bayrami munosabati bilan poytaxtimizdagi jajji avlodning ma’naviy olamini boyitishga hissa qo‘shadigan ko‘ngilochar va ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Toshkent shahar kengashi raisi o‘rinbosari Vosit Umarxo‘jayev. – Xususan, istirohat bog‘larida turli viktorinalar, rasmlar ko‘rgazmasi, “Ijodkorlar bekati”, “San’atkorlar bekati”, “Ekologiya bekati”, “Salomatlik bekati” kabi qator tarbiyaviy ahamiyatga ega ramziy bekatlar tashkil etishni rejalashtirganmiz.
Eng muhimi, bu tadbirlar bir kun bilan cheklanib qolmay, davomiylik kasb etadi. Shunday ekan, bolalarning xotirasida bayram muhrlanib qolishi uchun shoshiling, hurmatli ota-onalar!
Shoira MARAHIMOVA