BAXT KALITI – yaxshilardan o‘rnak olib yashash
– Bolalik sho‘xliklarini mehr bilan ko‘tara olgan onaizorning qadri yillar o‘tib yanada bilinarkan, – deya onajonini esga oladi Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Turg‘un Beknazarov.
– Bolaligimda juda sho‘x edim. Hind filmlaridagi o‘zim sevgan qahramonlarga taqlid qilib yurardim. Ko‘pincha onam Saodatxon aya kechki payt meni yozgi kinoteatrdan topardi. Kino tugaguncha kinoteatr oldida meni kutar edi. Otam usta Said bobo qattiqqo‘l kishi bo‘lgani uchun onam “Bolamni urishmasin”, deya uyga birga kirib borardi.
Beshinchi sinfni bitirish arafasida yozgi ta’tilda bolalar oromgohida dam oldim. Kechki payt hamma yig‘ilib, kimdir she’r, kimdir qo‘shiq ijro etardi. Oromgohdagi musiqa rahbarimiz Boltavoy aka Muqimov rubob chalib, qo‘shiq ijro etar, men ularga jo‘r bo‘lardim. Ilk bor san’atga mehr ana o‘shanda uyg‘ongandi. Boltavoy akadan rubob chalishni hamda Navoiy g‘azali bilan “Qo‘shchinor” qo‘shig‘ini ijro etishni o‘rgandim.
Keyinchalik maktabimizda shu ashulani ijro etganimda, direktor meni boshqalarga maqtab, “Ana ko‘rdinglarmi, sizlar ko‘cha changitib bekorga vaqt o‘tkazgan paytda Turg‘unjon rubob chalishni o‘rganibdi”, degani menga qanot bag‘ishlagan.
Maktabni bitirish arafasida “Kuylang, yosh xonandalar?” ko‘rik-tanlovida sinfdoshim Hadicha bilan viloyat bosqichida 1-o‘rinni oldik. O‘shanda O‘zbekiston xalq artistlari, ustozlarimiz Farog‘at Rahmatova hamda Sur’at Po‘latov hakamlar a’zosi sifatida bizning chiqishimizga a’lo baho bergandi. Sur’at akaning telefon raqamini oldim va sevimli san’atkorimiz bilan yaqindan tanishdim.
Oilamizdagilar maktabni bitirganimdan keyin qo‘shnimiz Azamat akaga havas qilib tish shifokori bo‘lishimni xohlashgan. Hattoki, akam Azamat aka bilan hujjatlarimni ToshMI(hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasi)ning stomotologiya fakultetiga topshirishgan. Men Toshkentga kelib, Sur’at akaga qo‘ng‘iroq qilganimda ustoz menga sobiq Toshkent davlat teatr va rassomchilik institutida o‘qishimni tavsiya qildi. Shundan keyin o‘zimga bo‘lgan ishonchim yanada ortdi. Shartta hujjatlarimni olib, Toshkent davlat teatr va rassomchilik institutiga topshirdim. Bu dargohda kirish imtihonlari boshqa institutlardan bir oy oldin topshirilar ekan. Mendan institutga tayyorgarlik haqida so‘rashganida allaqachon talaba edim. Bosiqlik bilan tushuntirgandim, buni eshitgan otam “Ha, mayli bizdan ham bir aktyor chiqsa, yomonmi”, degandi.
Men baxtli talaba edim. Negaki, O‘zbekiston xalq artisti, ustoz Razzoq Hamroyevning qo‘lida o‘qidim. Buyuk san’atkordan san’at sirlarini astoydil o‘rgandim.
Yigitlik burchimni o‘tash uchun meni barcha qatori Rossiyaning Vladivostok shahriga harbiy xizmatga jo‘natishadigan bo‘lishdi. Ustoz Razzoq Hamroyev, “Axir sen bo‘lajak musiqali teatr aktyorisan. Buning uchun ovozingni ehtiyot qilishing kerak, u yer esa senga to‘g‘ri kelmaydi”, deb meni Ikromjon Bo‘ronov rahbarligidagi harbiy ansamblda olib qolgan edi.
Institutni bitirish arafasida o‘zim tug‘ilib o‘sgan Qashqadaryo viloyatining hozirgi Mulla To‘ychi Toshmuhammedov nomidagi Musiqali drama teatridan yo‘llanma keldi. Shunda ustoz Razzoq Hamroyev otamga “Siz Turg‘unjonni Qashqadaryodagi otasi bo‘lsangiz, men uni Toshkentdagi otasiman. Axir niholni biz yetiltirdik, endi mevasidan ham bahramand bo‘laylikda”, deb meni Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida qoldirishga otamni ko‘ndirgan edi. Bu men uchun bir omad edi. Chunki mashhur san’at ustasi, ustozim Razzoq Hamroyevning nazariga tushgan edim. Shogird sifatida menga maktab davrida va talabalik chog‘larimda san’at sohasida ta’lim bergan ustozlarimdan bir umr minnatdorman.
Yaxshilardan o‘rnak olib yashash baxtning kalitidir.
M. XO‘JAMURODOVA yozib oldi