Salomatlik va insonparvarlik karvoni
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi “O‘zbekiston temir yo‘llari” DAK hamkorligida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining chekka, tog‘li va ekologik jihatdan noqulay hududlarida istiqomat qilayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini malakali tibbiy xizmat bilan qamrab olish maqsadida tashkil etilgan “Salomatlik” poyezdi haftalik faoliyatini yakunlab poytaxtga qaytib keldi.
Mehr-muruvvat, saxovat xalqimizning yuksak insoniy fazilatlaridir. Jismu jonimizga singgan azaliy qadriyatlarimizda ham u o‘z aksini topgan. Hamisha hamjihat el topsa hovuchida, yo‘qsa shirin kalomi bilan bir-birining dardini yengil, ehtiyojini bartaraf etadi.
Yurtimizda aholi salomatligini saqlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini muhofaza qilish, yosh avlodning benuqson dunyoga kelishi va barkamol voyaga yetishi borasida amalga oshirilayotgan ishlar, davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bemisl g‘amxo‘rlik xalqimiz ezgu an’analarining ozod va obod Vatan quyoshi kabi oydin nur va iliqlik baxsh etib turganidan dalolatdir.
Mamlakatimizning janubiy vohasi – Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari tomon yo‘l olgan salomatlik va ezgulik karvonining maqsad-muddaosi ham el salomatliga kamarbasta bo‘lishdir.
Toshkent – Surxondaryo (Sariosiyo-Qumqo‘rg‘on-Boysun-Darband) – Qashqadaryo (Oqrabot-Dehqonobod) – Toshkent yo‘nalishida tashkil etilgan “Salomatlik” poyezdi faoliyati davomida 1 ming 669 nafar aholi malakali tibbiy ko‘rik bilan qamrab olindi. Tibbiy ko‘rik “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasining “Salomatlik tibbiy-sanitariya yordam poyezdi” shifokorlari, fondning Surxondaryo va Qashqadaryo viloyati filiallari tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalari mutaxassislari, shuningdek, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalarining malakali shifokorlari tomonidan amalga oshirildi. Xastalik aniqlangan bemorlarga ambulator va statsionar sharoitda davolanish tavsiya etildi.
Aholiga malakali mutaxassislar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatishda zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yordamida tekshiruvlarni o‘tkazish katta ahamiyat kasb etadi. Shu bois tibbiy ko‘rik davomida aniq laboratoriya tahlillariga va zamonaviy tekshirish usullariga tayangan holda tashhislar qo‘yildi. Jumladan, 414 nafar aholiga flyurografiya, 488 nafar aholiga EKG tekshiruvi, 599 nafar aholiga UTT tekshiruvi va 709 nafar aholiga laboratoriya tekshiruvlari (qon va peshob umumiy tahlili, surtmalarning tahlili, eritrotsit, leykotsit, ECHT (eritrotsitlarning cho‘kish tezligi) tekshiruvlari va qondagi gemoglobin miqdorini aniqlash) o‘tkazildi.
Tibbiy ko‘rik bilan qamrab olingan 1669 nafar aholidan 571 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Mazkur xotin-qizlarning 478 nafari tug‘ish yoshidagi ayollardir. Tabdir davomida 534 nafar bola ham chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan aholida turli xastaliklar: yurak-qon tomir tizimi, ovqat hazm qilish, kamqonlikning turli darajalari, endokrin tizimi kasalliklari aniqlandi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi mutaxassislari “Salomatlik” poyezdi faoliyati doirasida xayriya aksiyalarini tashkil etdi. Tadbir davomida yurtimizning janubiy viloyatlarida joylashgan “Mehribonlik”, “Muruvvat”, “Saxovat” uylari, maxsus maktab-internatlari, sil kasalliklari shifoxonalariga vitaminlar bilan boyitilgan quritilgan sabzavot sho‘rvalarini taqdim etdi.
Bundan tashqari, hududlarda istiqomat qilayotgan nogironlar, boquvchisini yo‘qotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan manzilli xabar olindi. Ularga oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or buyumlaridan iborat insonparvarlik yuklari yetkazib berildi.
– Darvozamizdan hatlab xonadonimizga mehmon kelganidan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi, – deydi Uzun shaharchasida istiqomat qiluvchi Rahima opa Hamidova. – Taqdirning mukofotini qarangki, qizim Mehriniso ikkinchi homiladorligida uch nafar egizak farzandlar – Hasan, Husan, Zuhraxonlarni dunyoga keltirib, Sog‘lom bola yilida baxtiyor onalikni boshidan kechirmoqda. Ammo, uch nafar norasidani parvarish qilish, voyaga yetkazish kuchli e’tibor, onadan esa quvvat talab qiladi. “Salomatlik” poyezdi mutaxassislari turli sovg‘alar bilan bizni yo‘qlab kelishi g‘amxo‘r hukumatimizning aholiga, ayniqsa, kelajagimiz bo‘lgan bolalarga yuksak e’tiboridir.
…Ba’zan jismimizda og‘riq sezsak, hayotimizdan mazmun ko‘chgandek bo‘ladi, halovatimiz yo‘qoladi. Hayot gashtini surib yurganda to‘rt muchasiga darz ketsa-yu, yurib turgan oyog‘i qadam tashlashdan qolsa, dunyo ko‘zga qorong‘i ko‘rinishi tabiiy. Qumqo‘rg‘onlik Akmaljon tengdoshlari bilan yayrab kollejda o‘qib yurgan kezlarida kutilmaganda dard uning oyoqlariga zarb berdi. O‘qituvchilari, qo‘shnilari, barchaning unga havasi kelar edi. Akmal doimo yetakchi edi. Lekin u ruhan yengilmadi, hozir ham uyda sog‘lom hayot uchun kurashadi. Kitob o‘qiydi, kompyuterni mukammal o‘rganadi, internetda do‘stlar orttiradi. Matematika uning jonu dili, kelajagini bank sohasi bilan bog‘lamoqchi. Akmalning ham endi og‘iri biroz yengil bo‘ldi, “Sog‘lom avlod uchun” fondi tomonidan unga nogironlik aravachasi berildi.
“Salomatlik” poyezdi manzil topgan stansiyalar doimo aholi bilan gavjum bo‘ldi. Markaziy Osiyoda yagona o‘ziga xos bichim va qulaylikda ishlangan, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan poliklinika vagonlarida fidoyi shifokorlar aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bilan birga sog‘lom turmush tarzi borasida ham suhbatlar o‘tkazdi. Fondning viloyat filiali tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalari mutaxassislari tomonidan hududlarda istiqomat qiluvchi 1670 nafar aholiga dori-darmon, kiyim-kechak, poyabzal, uy-ro‘zg‘or buyumlari va sanitariya-gigiyena vositalari bepul tarqatildi.
– Mamlakatimizda xalqimizning salomatligini saqlash, farovon turmush kechirishi borasida bebaho ishlar amalga oshirilayotganining har daqiqa guvohi bo‘lib turibmiz, – deydi Dehqonobod tumani, “Oqrabot” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Do‘stmamat Yangiboyev. – Bir paytlar bu tog‘u toshlar orasida nochor turmush kechirib yurgan tog‘liklar bugun ulkan bunyodkorlik ishlaridan bahramand elga aylandi. Toshguzar – Qumqo‘rg‘on temir yo‘lining ishga tushirilishi, tumanimiz hududida dunyoda yetakchi zavodlarning barpo etilishi yuzlab yoshlarning ish bilan ta’minlanishi, hayotining farovon bo‘lishiga zamin yaratdi. Aholi salomatligini asrash borasida “Salomatlik” poyezdlarining tashkil etilishi ham qishloqdoshlarimizni cheksiz quvontirdi.
Ulug‘larimiz duoga qo‘l ochganda, avvalo, salomatlikni, yurtga tinchlik va osoyishtalikni so‘raydi. Albatta, jismu joni, ruhi salomat inson hayotdan zavqlanib yashaydi, mustahkam iroda bilan turmush tashvishlariga barham berib, orzularining ro‘yobga chiqishi uchun intiladi, izlanadi. El-yurt koriga yaraydi. O‘z salomatligiga loqayd kishi esa o‘zining, oilasi va farzandlarining, yurtining buguni va ertasi uchun dahldorlik his qilmaydi.
Jonajon yurtimizda sog‘lom hayot kechirish, baxtiyor turmush bunyod etish uchun keng imkoniyatlar mavjud. Zero, bu yurtda inson qadri aziz!
“Salomatlik” karvoni esa dillarga ezgulik ulashib yuraversin…
Faxriddin Hayitov,
muallif olgan suratlar