Kitob – inson yaratgan buyuk kashfiyot
Kitobdin yaxshiroq do‘st yo‘q jahonda,
G‘amxo‘ring bo‘lgay u g‘amli zamonda.
U bilan qol tanho, hech bermas ozor,
Joningga yuz rohat bergusi takror.
Buyuk mutafakkir Abdurahmon Jomiy kitobni bu qadar ulug‘lashi bejiz emas, albatta. Zero, insoniyatning buyuk kashfiyotlaridan biri ham aynan kitobdir. Necha ming yillar o‘tsa-da, uning qadri hamisha baland bo‘lib qolaveradi.
Yaqinda Poytaxtimizdagi G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” shiori ostida an’anaviy respublika “Kitob bayrami” bo‘lib o‘tdi.
Shu kuni xiyobon har qachongidan-da gavjum. Karnay-surnay navolari barcha kitob ixlosmandlarini bayramga chorlamoqda. Istirohat bog‘idagi “O‘zbekiston”, “Cho‘lpon”, “Yangi asr avlodi”, “O‘qituvchi”, “Fan va texnologiya” kabi ko‘plab nashriyotlar hamda “Sharq” nashriyoti matbaa aksiyadorlik kompaniyasining kitoblari maxsus rastalarni to‘ldirgan.
Ta’kidlash joiz, mustaqillikka qadar yurtimizda 9 ta nashriyot faoliyat yuritgan bo‘lsa, hozirgi kunda 100 dan ziyod nashriyot, turli tashkilot va muassasalar tarkibida 50 ga yaqin noshirlik bo‘limlari faoliyat yuritmoqda. Birgina bu emas, yigirma yil muqaddam respublikamizda 149 ta matbaa korxonasi faoliyat yuritgan. Hozirda esa ularning soni bir yarim mingdan ortdi.
Ikki kunlik tadbir O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, “Kamolot” YOIH, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “O‘zkitobsavdota’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati, Toshkent shahar hokimligi, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad yoshlar ma’naviyatini yanada oshirish, sifatli kitoblar sonini orttirish, saviyali kitobxonlar auditoriyasini shakllantirishdan iboratdir.
Tadbir ochilishida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori Omonulla Yunusov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali hamda O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid so‘zga chiqib, yurtimiz yoshlarining yuksak salohiyatli, aql-zakovatli shaxs bo‘lib kamol topishlarida ma’naviyatning qo‘sh qanoti bo‘lmish kitobning o‘rni muhim ekanini ta’kidlab o‘tishdi.
– Bolaga aqliy boylikni faqatgina kitob hadya eta oladi, – deydi poytaxtimizning Sergeli tumanidagi 300-davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Nodira Jamoliddinova. – Shuni inobatga olgan holda o‘quvchilarimni mutolaaga qiziqtiraman. Bugungi bayram ham o‘quvchilarim uchun yangi-yangi bolalar kitoblari bilan tanishish, taniqli yozuvchi va shoirlar bilan uchrashish, suhbatlashish imkonini berdi.
Tadbirda “Namunaviy kitob do‘koni” respublika ko‘rik-tanlovining g‘oliblari taqdirlanib, “Eng yaxshi kitobxon”, “Kitobxon oila” kabi mavzularda viktorinalar o‘tkazildi.
M.TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri