O‘zimizning sayyora
Xalqaro astronomiya ittifoqi 22948-raqamli asteroid – kichik sayyoraga “Maydanak” deb nom berdi. Bu haqda “Gazeta.Uz” internet-nashri xabar bermoqda.
Garvard Kichik sayyoralar markazi xabarnomasida “Maydanak” O‘zbekistonda joylashgan, jahon darajasidagi astronomik observatoriya ekanligi qayd etilgan.
“Maydanak” – Quyosh sistemasidagi nomi O‘zbekiston bilan bog‘liq bo‘lgan yettinchi kichik sayyoraga aylandi. Bungacha xorijlik astronomlar tomonidan kashf etilgan beshta kichik sayyora O‘zbekistoniya, Avitsenna, Ulug‘bek, Beruniy va Xorazmiy nomlarini olgan edi.
Yana bir kichik sayyora 2009-yili “Maydanak” observatoriyasida kashf etilgan. Unga, O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov taklifiga ko‘ra, buyuk olim Mirzo Ulug‘bek zamonida jahon astronomiya markaziga aylangan shahar sharafiga – “Samarqand” deb nom berilgan edi”, – dedi O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Astronomiya Instituti direktori Shuhrat Egamberdiyev O‘zAga bergan intervyusida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Maydanak” observatoriyasi astroklimati bo‘yicha Kanar va Gavayi orollaridagi xalqaro observatoriyalardan qolishmaydi. “Maydanak” – hozirgi kunda MDHdagi eng faol astronomik observatoriyalardan biridir.