Sun’iy go‘zallikning zarari
Buyuk Britaniya va AQSH olimlari zamonaviy kosmetik vositalarning kompleks tadqiqotlari natijasida kosmetika ayol salomatligiga zarar yetkazadi, degan xulosaga kelmoqda.
Olimlar kosmetika tarkibiga ko‘plab har xil zararli moddalar kirishini va ular kosmetik vositalarda ko‘zda tutilgan dozalarda zarar qilmasligini aniqladi. Biroq ularni uzoq vaqt davomida muntazam ravishda qo‘llash, ushbu moddalarning organizmda to‘planib qolishiga olib kelib, turli allergik reaksiyalarni va hatto astma hamda onkologik xastaliklarni keltirib chiqarishi mumkin ekan.
Xususan, dezodorantlar tarkibidagi alyuminiy tuzlari eng zararli moddalar sifatida qayd etiladi. Ular ko‘krak bezi saratoni rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, nafaqat ayollar, balki dezodorantlar, dush uchun gellar va murakkab tarkibli sovunlardan foydalanuvchi erkaklar ham xatar guruhiga kirishi aytiladi. Shu bois kosmetik vositalarni ishlab chiqaruvchi firmalarni tanlashda juda ehtiyot bo‘lish lozim.
Z.MAMATQULOVA tayyorladi