Bosh miya qon tomir kasalliklari: nasliy moyillik mavjudmi?

So‘nggi yillarda ishemik insult xavfi muammosi barchaning e’tiborini jalb qilmoqda. Bu esa hozirgi paytda farmakologiya, klinik tekshiruvlar, kasallikning birlamchi va ikkilamchi profilaktikalari rivojlanganligiga qaramay ko‘pgina davlatlarda o‘limning va nogironlikning 2 qismi uchun asosiy sabab bo‘lib qolayotganligi bilan xarakterlanadi.

Serebrovaskulyar (bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi) kasalliklarni kundan-kunga yosharib borishini hisobga olsak bu muammoning naqadar dolzarbligini tushunish mumkin. Dunyo bo‘ylab bir yilda 6 mln. aholi bosh miya insulti kasalligi bilan xastalanadi. Shunisi ayanchliki, bu bemorlarning 20 foizigina faol hayotga qaytadi.

Ushbu kasalliklar zamonaviy tibbiyotning dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi. Butun dunyo sog‘liqni saqlash tashkilotining xabariga qaraganda, bu kasallik barcha mamlakatlarda juda keng tarqalgan. Chunki ushbu xastalikning asorati sababli 30-35 foiz bemorlar nogiron bo‘lib qoladi. Hozirgi vaqtda bu masala faqat tibbiyot muammosi bo‘lib qolmay, balki ijtimoiy vazifalardan biridir.

O‘tkir bosh miya qon aylanishining buzilishi – bu o‘choqli va umumiy miya belgilari, meningial yoki bu belgilarning birgalikda kechishi bilan ifodalanuvchi, qon tomir o‘zgarishlari ta’sirida yuzaga keluvchi miyaning zararlanishidir. Bemordagi nevrologik nuqsonlarning qancha vaqt saqlanib qolishiga qarab o‘tib ketuvchi miya qon aylanishining buzilishi va insultlar tafovut etiladi. Tez-tez ruhiy zo‘riqish, kam harakatlilik, chekish, tana vaznining ortiqcha bo‘lishi, qandli diabet, arterial gipertenziya, dislipoproteinemiya, yurak qon-tomir tizimi kasalliklariga irsiy moyillik bor bemorlar bu xastalik ehtimolligi yuqori bo‘lgan bemorlar hisoblanadi.

Xastalikning ishemik turi bosh miyaning kislorodga va energetik substratlarga bo‘lgan ehtiyojini, miyaga kelayotgan qonni ta’minlay olmasligi va undagi qon aylanishini birdan yomonlashishi natijasida yuzaga keladi. O‘tkir bosh miya qon aylanishining buzilishi gemorragik turi asosida esa miya qon tomirlari devori butunligi buzilishi natijasida miya to‘qimasiga, miya qorinchalariga, miya pardalari ostiga qon quyilishi yotadi.

Bosh miya qon tomir kasalliklarini kelib chiqishi sabablarini o‘rganish natijasida bir qancha xavfli omillari borligi aniqlandi:

1. Bemorlar yoshi

Kasallik rivojlanishida muhim o‘rin tutadi, yosh o‘tgan sari kasallikning rivojlanish xavfi ortib boradi. Xastalik asosan aholining yoshi o‘tgan va keksa yoshdagi qismi uchun xavf tug‘dirsada, lekin kishilar yoshi ortgan sari har 10 yillikda serebrovaskulyar kasalliklarning rivojlanish xavfi ikki barobar ortadi. Misol uchun aholi soniga nisbatan 0-14 yoshda 1:30000, 35 – 44 yoshdagilar guruhida 1: 5000, 65 – 74 yoshda 1:100, 75 – 84 yoshda 1:50ta, 84 yosh va undan yuqorida 1: 30 ni tashkil qiladi. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, yoshi o‘tgan va keksa kishilarda bosh miya qon-tomir tizimi va lipid almashinuvi buzilishi ateroskleroz patologiyasi kelib chiqishi bilan bir-biriga o‘zaro bog‘liqdir. Ateroskleroz rivojlanishi esa o‘z navbatida gipertenziyaga olib keladi.

Yana o‘qing:  KO‘KRAK SUTINING BOLA HAYOTIDAGI AHAMIYATI

2. Nasliy moyillik

Xafaqon va ateroskleroz xastaligini kelib chiqishiga nasliy moyillik zamin hozirlaydi.

3. Ateroskleroz

Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida kishilar o‘limining va nogironligining asosiy sababchisi hisoblanadi. Organizmdagi barcha a’zolarni ishemiyasida, ayniqsa markaziy asab tizimi va yurak qon-tomir tizimi sohalarida kechuvchi kasalliklarda yirik va o‘rta kalibrdagi arterial qon-tomirlarning zararlanishi asosiy o‘rin tutadi. Bunda arterial qon tomirlarning silliq mushak hujayralaridan tashkil topgan ichki qavatiga lipid (yog‘lar)ning o‘rnashishi natijasida qon-tomirlar bo‘shlig‘ining torayishi kelib chiqadi. Qon-tomirning birlamchi zararlangan sohasida ateroskleroz do‘mboqchasi (blyashka)si rivojlanadi. Aterosklerozning klinik ko‘rinishi qaysi a’zo qon-tomirlari jarohatlanganligiga va uning xarakteriga bog‘liqdir. Misol uchun: koronar (toj tomirlar) ateroskleroz (koronar tomirlar zararlanishi natijasida yurakning qon bilan ta’minlanishi buziladi) – stenokardiya yoki miokard infarkti sababchisi, serebral arteriyalar zararlanishi bosh miya insulti sababchisi bo‘lishi mumkin Buyrak arteriyalari aterosklerozi arterial gipertoniya kelib chiqishida muhim omil bo‘lishi bilan bir paytda uning o‘zi ateroskleroz uchun xavf omili bo‘lib hisoblanadi. Ateroskleroz to‘lqinsimon kechish xususiyatiga ega. Ateroskleroz blyashkalari bir necha yillar yoki bir necha 10 yillar mobaynida rivojlanishi mumkin. Ateroskleroz arteriyalarni zararlashi har xil bo‘lib, odatda aterosklerotik blyashkalar qon-tomir bo‘shlig‘ida stenoz (torayish) keltirib chiqarishi bilan qonning oqish tezligini chegaralaydi yoki bo‘lmasa qon-tomir bo‘shlig‘ini kengaytirgan holda tomirlar anevrizma (tomir devorining cho‘zilishi va bo‘rtib chiqishi natijasida qon tomir yoki yurakning chegaralangan kengayishi)ni ham keltirib chiqarishi mumkin. Bu holat misol uchun aorta qon tomiri uchun xosdir. Chunki bu yerda anevrizmaning yorilishi yoki bo‘lmasa kengayishi stenoz va okklyuziyaga nisbatan ko‘p uchraydi.

4. Kam harakatlik – turli yurak tomir xastaliklari sababchisi bo‘lishi mumkin.

5. Noto‘g‘ri ovqatlanish

Noto‘g‘ri ovkatlanish xafaqon (gipertoniya) va ateroskleroz xastaligi sababchisi bo‘lishi mumkin. Yaponiyalik olimlar tekshiruv natijasida oqlangan guruchni va osh tuzini me’yordan ko‘p iste’mol qilish xafaqon va miyaga qon quyilishi xastaligini kelib chiqishida sababchi bo‘ladi, degan fikrga keldilar.

6. Tamaki chekish

Tamaki qonni quyultiradi. Natijada chekish insult rivojlanish xavfini ikki marotaba oshiradi. Uyqu va koronar arterialarda ateroskleroz rivojlanish jarayonini tezlashtiradi. Chekishni to‘xtatgan kishilarda 2-4 yildan so‘ngina insult kelib chiqish xavfi kamayishi mumkin.

Yana o‘qing:  ONA VA BOLA hamisha e’tiborda, e’zozda

7. Psixo-emotsional (ruhiy his-hayajon) omili

Toshkentda yer qimirlash davrida F.Ablyalitov o‘tkazgan tekshiruvda bemorlarning gomestaz (fiziologiyada odam ichki muhitining turg‘unligi) holati boshqaruvini to‘satdan buzilishi bosh miya qon aylanishi o‘tkir buzilishiga, ayniqsa, o‘tkinchi buzilishiga olib kelishini ko‘rsatdi.

8. Xafaqon kasalligi

Bu birlamchi (essensial gipertenziya) yoki ikkilamchi sistolik yoki diastolik arterial qon bosimining oshishidir.

Gipertoniya kasalligi ham gemorragik, ham ishemik insultlarning asosiy xavf omillaridan hisoblanadi. Tekshirishlar shuni ko‘rsatadiki, arterial qon bosimining 50 mm.simob ustuniga oshishi insult kelib chiqish xavfini 1/3 marotaba oshiradi. Qon bosimining 90 mm. simob ustunidan oshishi insult xavfini birdan oshiradi. Qon bosimi 160/95 mm. simob ustuni bo‘lgan bemorlarda insult kelib chiqish xavfi me’yoriy qon bosimida yuruvchi kishilarga nisbatan 4 marotaba yuqoridir. 200/115 mm. simob ustuni qon bosimi bilan yuruvchi bemorlarda esa 10 marotaba yuqori bo‘lishi kuzatilgan. Arterial gipertoniya miyada o‘choqli va diffuz o‘zgarishlar keltirib chiqarishi bilan kechadi.

O‘choqli o‘zgarishlar – arterial bosim oshganda (qayta gipertonik kriz kuzatilganda ham); tomir devori miotsit(bir yadroli mushak hujayrasi)lari nekrozi (chirishi), plazmorragiya va uning fibrinoid nekrozi kuzatiladi. Bu esa anevrizmalar rivojlanishiga, buning oqibatida esa miyaga qon quyilish holatlarini keltirib chiqaradi. Shu bilan birga devorlar bukishi, arteriolalar bo‘shlig‘i torayishi yoki berkilishi miyaning lakunar infarkti rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

Bosh miya qon aylanishi o‘tkir buzilishi gipertonik kriz serebral varianti asorati hisoblanadi va gipertonik ensefalopatiya (bosh miya to‘qimasida distrofik o‘zgarishlar yuzaga kelishi bilan o‘tadigan kasalliklar) o‘tkinchi bosh miya qon aylanishi buzilishi, gemorragik yoki ishemik insult ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.

Gipertonik kriz deb arterial bosimning individual (o‘ziga xos) qon bosimiga nisbatan keskin ko‘tarilishi, gipertoniya belgilari chuqur namoyon bo‘lishi yoki qo‘shimcha belgilar paydo bo‘lishi bilan kechuvchi holatga aytiladi.

9. Tashqi muhitning-ekologiyaning ta’siri

10. Yuqumli kasalliklar va zaharlanishlar

Infeksion-allergik ensefalitlar, zahm, orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS).

11. Qandli diabet

Qandli diabet (ba’zan bosh miya infarkti bilan asoratlanadi). Ushbu holatda lipid (yog‘) almashinuvini buzilishi, arterial gipertenziya, ateroskleroz asosiy omil hisoblanadi. Qandli diabet bilan xastalangan bemorlarning gipoglikemik preparatlarini qabul qilishi insult rivojlanish xavfini kamaytirmaydi.

Yana o‘qing:  ZIKA ISITMASI QANDAY KASALLIK?

12. Giperxolesterinemiya – qonda xolesterin miqdorining ortiqcha bo‘lishi.

13. Yurak qorinchasi oldi fibrilyasiyasi (ayrim mushak tolalarining tez qisqarishi)

14. Oral (og‘iz orqali) kontratseptiv vositalar – (homiladorlikning oldini oluvchi)ni qabul qilish.

15. Menopauzada gormon o‘rnini bosuvchi terapiya

16. Alkagolni me’yordan ortiq iste’mol qilish.

Qon-tomirlarda qon aylanish tezligini sekinlashtiradi. Natijada miya hujayralarini doimiy O2kislorod tanqisligiga olib keladi. Buning natijasida xotira pasayishi kabi belgilar kelib chiqadi. Alkogol tomirlarda sklerotik o‘zgarishlar erta boshlanishiga sababchi bo‘ladi va qon qo‘yilish xavfini oshiradi.

17. Gemodinamik omillar

Miokard infarktidan so‘nggi arterial bosimning pasayishi, yurak ritmining buzilishlari, qon ketishlari, ortostatik gipotenziya, yatrogen (shifokor yoki boshqa tibbiyot xodimlarining noo‘rin gaplari va xatti-harakatalrining bemor ruhiyatiga ta’siridan kelib chiqadigan kasalliklar) ta’sirlar va boshqalar.

Ko‘rsatilgan omillarning bir nechtasi bir bemorda bo‘lishi bosh miya tomir kasalligini kelib chiqishini tezlashtiradi.

Yuqorida aytilgan omillar ta’siri natijdasida bosh miya qon tomir kasalliklari rivojlanadi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, sog‘lom turmush tarzi, meva-sabzavotlar, ko‘katlar, sut-qatiq mahsulotlarini ko‘p iste’mol qilish, sport bilan shug‘ullanib faol hayot kechirish, ochiq havoda sayr – uzoq umr garovidir.

A. MAMADALIYEV, N. RAHMATULLAYEVA, O. BO‘STONOV,

Andijon davlat tibbiyot instituti

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: