Qirovda ko‘z ochgan gul

Quyoshning nuri olamni yoritadi. Oiladagi tinchlik, xotirjamlikning harorati yurakni nurlantiradi. Agar shu nur bo‘lmasa quyoshning nuri hech, bolam…

Bu gavhar so‘zni momomiz aytadi, toshi olmosni bosadigan hikmatlarni yashab-yashab o‘z hayotining xulosasiga aylantirgan bobomiz aytadi. Hikmatlar quvvati maqsad tomon iz soladi… Hayot shunday, odam hamisha ko‘zlagan manzili tomon oshiqadi. Atrofga razm solasan! Yo‘lda shoshayotgan odamlar: tungi ishdan qaytayotgan, bolasini maktabga kuzatayotgan, darsdan, hordiqdan… hamma bir manzil tomon qadam oladi: – u dunyoning har chekkasidan yo‘lga chiqsangda eng yaqin yo‘l, adashmaysan, yaqinlashganing sayin huzur beradi. Ko‘ngling taskin topadi. U har kimning sipogina bo‘lsada, koshonalarga almashmaydigan o‘z uyi, o‘z oilasi. U seni kutayotganlar, sen huzuriga oshiqayotgan yaqinlaring! Ularning bir fe’lidan rohatlanib, o‘nidan ozorlansangda hech kimga almashtirmaysan. Uni xayolingga ham keltirmaysan. Faqat o‘sha bir fe’li uchun oddiygina ayol sanaganimiz umrini oilaga tikkan, butun dunyosini – ilmu hunarini shu baxtga almashgan bo‘ladi.

Sh unday yashash kerakki, ortingga qaraganingda afsuslanishga hojat qolmasin, deydi. Ayol umriga yelkasi osha ko‘z qirini tashlagandayoq xulosa chiqarib, kuch oladi. Bu quvvat qayerdan paydo bo‘lganini gohida o‘zi ham sezmay qoladi. Bilsaki – Oilasi bir to‘g‘on bo‘lib, unga madad bo‘ladi.

Har kimning izlagani – umrining mazmuni bo‘ladi. Ayol hayot ma’nosining to‘rt devorini ham bekam butlash uchun jonini tikadi. Qaynota-qaynonaning duosi, qattiqqo‘l juftining kamyob mehrli nigohi, farzandlarining erishgan kichkinagina yutug‘i uni eng baxtli Ayolga aylantiradi. U o‘zini unutadi – davolanishni reja qilib yurgan bo‘lsada, qayeri og‘riyotganini esidan chiqarib yuboradi.

“Kimdir baxtni yaratib yashaydi, kimdir borini qadrlamaydi, ushlab qololmaydi”. Bunday suhbatlar tez-tez qulog‘imizga chalinadi.

Baxtga birinchi qadam! Uning vaqtini Siz bilasizmi?! Yo‘q, dunyoning donishmandi ham bundan voqif bo‘lmagan… Har kim hayot matosini o‘z qarichi bilan o‘lchaydi. Unda orzulardan qad tiklaysan. O‘ylaring qo‘llaringdan tutib, seni yosh boladek aylantiradi. Qiqirlab kulayotgan qizaloq aylanayotib kattalar olamiga tushib qolganga o‘xshaydi. Unga kutilmaganda kutgani gul tutib, taqdiri bog‘langanda balog‘at bekatiga yetib kelganini anglaydi. Xonasidan gulga munosib joy axtaradi. Ota-onasi, aka-ukasining guldastalari turgan guldon ham kichrayib qolgandek edi. Topdi! Yotog‘ining boshidagi joyni bo‘shatib, chiroyli guldonga soldi-da, jilmayib qo‘ydi. U o‘zining baxtini kutishga shunday chog‘landi. Hamma guldan aziz bilgani va qadrlagani kaftlarida tutib e’zozlashini niyat qildi. O‘zining esa unga munosib bo‘lishi uchun doimo birinchi qadam tashlashi kerakligini ko‘ngliga tugdi.

Yana o‘qing:  Til o‘rgatishda samarali yondashuv

* * *

Hayotning pastu baland so‘qmoqlaridan, yo‘q balkim keskir toshlar yotqizilgan yo‘laklaridan oyoqyalang o‘tishga kuch topganingda oilang poydevorini yiqib bo‘lmasligini his qilasan. Endi uni hech kim nuratolmaydi.

Har kimning izlagani o‘z ko‘nglida deydi. Kimdir baxt qidiradi, kimdir boylik. Zero, oiladan topganing har neki saodatdan ulug‘ ne’mat! Uning qiyosi faqat xotirjamlik, ishonch! Yeganing bir tishlam bo‘lsa ham to‘qsan, egning sipo bo‘lsa ham, oynaga solingan ko‘nglingda hammadan badavlatsan!

* * *

G‘avvos chig‘anoqdan gavhar izlaydi… Chig‘anoqning qaysi biridadir bo‘lishi kerak. Xayol yetaklab ketadi. Izlanayotgan chig‘anoq o‘g‘irlangan emasmi?

Uni topish qanchalar mashaqqat. Ammo, oila atalmish qo‘rg‘on himoyasi undanda mushkulroqdir.

Bu oilaga siniq darvozadan kirilardi. Eshikning yoniga yopishtirilgan oynak ham siniq edi. O‘n yil o‘tsa hamki uch farzandi ulg‘ayayotgan er-xotinning gap so‘zi bir joydan chiqmasdi. Xotin ko‘p hollarda indamay yutar, er esa ichkilikdan boshini ko‘tarmas, ro‘zg‘or tashvishi butunlay ayolning zimmasida edi. Yana yuz-ko‘zlarining ko‘karishi, “yiqilib tushishi” kun sayin edi. Kutilmaganda o‘zga yurtga ketgan erining vafot etganini eshitgan ayol esankirab qoldi. Ayolning to‘kilib yig‘layotganini ko‘rganlar hayron bo‘ldi:

– Bolalarimga otasidek mehribon yo‘q edi, endi hech kim otasidek mehr ko‘rsatolmaydi… – ezilardi Ayol…

* * *

Ayol… 28 yoshida beva qoldi. To‘rt
o‘g‘lini katta qildi. Uch kelin oldi-yu, to‘shakka mixlandi. Aka-ukalar mehribon, ahil. Ona ularga ishonadi. Ammo har kuni kichik o‘g‘lining to‘yini tezlatishni so‘raydi.

– Yelkamdagi shu yukdan qutulsam, tinch ketardim, – deydi. Dorilar uchun ajratilgan pulini ham to‘yonaga qo‘shib beradi.

* * *

Yorug‘ olamda mendan baxtli odam yo‘q edi. Bolalarimning otasi oilasini boshida ko‘tarardi. Qo‘shiqda aytilganidek otamdan ham, aka-ukamdan ham aziz bilardim. Kutilmaganda boshimizga tashvish tushdi. Tuhmat tamg‘asi olinguncha ne sinoatlarni ko‘rdik, – ayolning kundaligidagi yozuvlar siyohi ko‘z yoshidan yoyilib ketgan edi. – Bolalarning sog‘inchi, savoli ezib tashlardi. Tanamni ko‘tarishga kuch topardimu, yuragimni ko‘tarishga kuch topolmasdim.

– Adam tug‘ilgan kunimga gul obkeladimi? – qizaloq to‘rtta barmog‘ini keng yoyib ko‘rsatadi.

– Qo‘g‘irchoq olib keladi…

– Gulniyam-a?! Oq gullarni… ko‘p-a, – qo‘llarini katta ochib, qo‘yni gulga to‘lgandek chehrasiga tabassum yuguradi…

Yana o‘qing:  Buyuklarga beshik bo‘lgan yurt

Otasining maoshi bilan xatini olib kelishdi.

– Qizimga, albatta, gul va sovg‘a obering, – deb ta’kidlagandi. Aytganlarini qildim.

U gulni ehtiyotlardik. Keyin esa qurigan guldastani guldonga asta solib to‘rdagi shkaf ustiga qo‘ydik. Bitta bargi ham tushmas, yelimlab yopishtirib qo‘yganga o‘xshardi.

Xuddi kitoblardagidek, kinolardagidek guldondagi gulni 4 yilu 4 oy 10 kun avayladik. Toki otasining o‘zi gul olib kelmaguncha uni saqladik.

Mening tug‘ilgan kunimga esa atirgulning bargini maktubga qo‘shib jo‘natdi… “Guldasta o‘rnida qabul qiling”. Bu menga dunyodagi jamiki gullardan qadrli edi. “Mening aybim yo‘q, hali ko‘rasiz! Faqat boshingizni egmang! Bo‘yin egadigan ish qilganim yo‘q. Yangi kurtkam va etigimni sotib bolalarga qishki kiyim olib bering”. Men otasining tezroq qaytishini kutib kun sanardim va shippaklarimizni yonma-yon qo‘yib taskin olgandek bo‘lardim – 4 yilu 4 oy 10 kun.

“Erkakning kiyimi ustiga ayolnikini ilish hurmatsizlik. Xaqmisan, noxaqmisan erga tik qarama, gap qaytarma”. Onamning aytgani qulog‘imizgamas, yuragimizga muhrlanib qolgandi. Vasiyatni buzish odamiylikka xiyonat edi. U haqda o‘ylamasdik ham.

Onamdan so‘rayman: – hech ajralish haqida o‘ylaganmisiz? Hayotda hamma narsa bo‘ladi-ku…

– Ha, rost. Lokin, ajralish degan o‘y xayolimning chetigayam kelmagan. Unaqa narsani o‘ylashga bekorchi vaqtim bo‘lmagan. Odam xayolidagi xiyonatdan ham ozor cheksa u asli odam.

Onamning har suhbati bir dars!

– Qayerda bo‘lsang ham, ovqat paytgacha uyingda bo‘l, – ular kichigi qirqdan oshgan qiziga ham shunday uqtirardi…

– Odam faqat qorin uchun yashaydimi, – deydi ular. – Dunyosi ko‘ngil deganidan ortiqmi, ko‘ngil bo‘lmasa, dunyosi bir pul. Erkakning hidi bor uy barakali.

Onamning xulosasi shu. Uni hech kim o‘zgartirolmaydi.

– Nimaga hamma ona, ona deydi. Topadigan otayu, ularni aytsin avval!

Otam onam uchun yagona odam edi! Otam yaxshi ko‘radigan har neni onam ehtiyotlab, panalatib qo‘ygisi kelar… dunyoni otamning ko‘zi bilan, yuragi bilan ko‘rardi. Otamning javobi – sayohatlar, eng so‘nggi urf matolar, tansiq taomlar onamga edi… Endi bilsam ular bir-birini beozorgina ardoqlab, avaylab asrarkan. Haqiqiy oila degani juftlikning uyg‘unlashib, bir bo‘lib ketishi ekan, deya xulosalayman.

Yana o‘qing:  Yurtim

* * *

Uni taqdir ko‘p sinadi. Ukalarim ni tashlab oila qurmayman, dedi. Uka singillariga bosh bo‘lish uning yelkasiga tushdi… Hammasi uy-joyli bo‘ldi… U esa qirqdan o‘tib o‘zini yolg‘iz sezdi. Men ham yonimda boshimni qo‘yadigan yelka, yuragimga tayanch, kunlarimga oddiy ayollik baxtini tuyish saodatini baxsh etadigan Odam bo‘lishini shunchalar xohladimki… hozir yonimdagi yaqin do‘stlarim, tanishlarimni ham xohlamayman… Tezroq ular bilan yo‘limiz bo‘linsa-yu xayollarim bilan ketsam… Yig‘layman, nega? Bilmayman, o‘zimga rahmim kelmaydi… Men ko‘plarning havasi keladigan odamman… Qo‘l telefonimga xat keladi… Menga atalmaganini bilsamda muhabbat maktublarini kutaman… Har safar xat xabari eshitilganda kutganidan maktub olgan kishining hayajoni bosadi meni.

* * *

Yoningdagi odam – kim?! Umr yo‘ldoshing. U seni yo bor qiladi, yo yo‘q… Samandar shu gapni ko‘p takrorlardi. Qiyinchilikda o‘sib, oyoqqa turgan yigit o‘g‘lini uyladi. Xotiniga so‘z berganda o‘g‘li va kelinini tabriklab:

– Otangdek mehnatkash, rostgo‘y, halol, mehribon bo‘lgin bolam, – deganida Samandarning ko‘nglidan nimalar o‘tganini o‘zi bildi.

* * *

Ha, ayol jasoratli, oqila, bardoshli. U xo‘rlikka, ochlikka, jamiki azoblarga chidashi mumkin, ammo g‘ururining toptalishiga yo‘l qo‘ymaydi. Boshdan oyoq kiyimi sabrdan. Yuzta tomirining to‘qson to‘qqizi kesilib, biri qolganda ham hayotga tik qarashga tabassum topadi. U hamma sohada faol, fidoyi. Ammo bilib turib jinoyat ko‘chasiga kirgan, onalikdan, ayollikdan yuz o‘girganlar borki, ular bizdan emas! O‘zligiga xiyonat qilganlar – eng yaxshi meros – ayolga e’zozdan mahrumdir.

Yengil odam yengiladi. Tosh og‘irligi uchun joyini topadi. Yog‘och tikligi uchun qarsillab sinadi. Maysa bo‘ronlarda egilib yana o‘zini tutib oladi.

Ayol esa tik qaddini maysadek egib, oyog‘i toymasdan yana qaddini rasolashga kuch topadi. Polvon har kuni maydonga tusholmaydi, ayol esa uyqusida ham kurashib yashaydi.

Ayolning quvonchi, dardi uning ko‘zida aks etadi. U qirovda ko‘z ochgan gulki, hech bir yovuzlik uni mavh etolmaydi.

Dilfuza ShOMALIKOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: