Doimo e’zozdasiz
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “Doimo e’zozdasiz” mavzusida ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda turli sohalarda mehnat qilgan va bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan nuroniy onaxonlar mehnati e’tirof etildi.
Tadbir doirasida Ikkinchi jahon urushi yillarida adabiyot, san’at, fan va boshqa jabhalarda faoliyat yuritib fidoyilik ko‘rsatgan faxriy ayollar rag‘batlantirilib, esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, ularga Kasaba uyushmalari federatsiyasi tasarrufidagi sanatoriylarda dam olishlari uchun imtiyozli yo‘llanmalar berildi.
– 1,5 million o‘zbekistonliklar Ikkinchi jahon urushiga chaqirilgan edi. Qurbon bo‘lganlar xotirasini yodga olish uchun yurtimizda Xotira maydoni tashkil etildi. Ushbu tabarruk maydondagi manzillar kitobida kim qayerda tug‘ilib o‘sgani, nomlari aniq qilib yozib qo‘yilgan. Bu, xalqimizga, jang maydonlarida halok bo‘lgan ajdodlarimizga davlat tomonidan ko‘rsatilgan yuksak e’tibor, qadr deb bilaman, – deydi O‘zbekiston “Nuroniy” jamg‘armasi faoli Mukarram Muhiddinova.
Tadbirda turli yillarda adabiyot yo‘nalishida Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan shoira qizlar hamda iqtidorli yigitlar ishtirokida o‘tgan mushoira hamda halqimizning sevimli san’atkorlari ijrosidagi kuy va qo‘shiqlar barchaga zavq ulashdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova ishtirok etdi.
M.QURBONOVA