Buyuklarga beshik bo‘lgan yurt
Prezidentimiz Islom Karimovning 2014 yil 1 apreldagi farmoyishiga muvofiq, bugun Samarqand shahrida “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusida xalqaro konferensiya ochiladi.
O‘rta asrlarda yashab ijod qilgan Sharq allomalarining ilmiy-tarixiy merosini chuqur o‘rganish va ahamiyatini anglab yetish, jahon taraqqiyotiga qo‘shgan bebaho hissasini dunyo va mahalliy jamoatchilikka yetkazish, ilmiy markazlar va yetakchi olimlarning bu boradagi hamkorligini kengaytirish maqsadida tashkil etilayotgan anjumanda ellikka yaqin mamlakatdan olimlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar, ilmiy markazlar vakillari qatnashadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va hukumatimizning alohida e’tibori tufayli mustaqillik yillarida Samarqand shahri taraqqiyoti tarixida yangi sahifa ochildi. Istiqlol Samarqand timsolida o‘zbek xalqi o‘zining buyuk allomalari tarixiy merosini qaytadan anglash, milliy g‘urur, o‘z madaniyati va an’analari, tili hamda ma’naviyatini qayta tiklash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Dunyoning eng qadimiy shaharlari va yirik madaniyat markazlari hisoblangan Rim, Afina, Fiva, Bobil tengdoshi sifatida 2007 yilda Samarqand shahri o‘zining 2750 yillik yubileyini nishonladi.
Samarqand qulay geografik o‘rni, betakror tabiati, go‘zalligi, dunyo ilm-faniga qo‘shayotgan ulkan hissasi bilan qadim o‘tmishdan jahon miqyosidagi xalqlar va madaniyatlarni bir-biri bilan bog‘lovchi muhim markaz sifatida shuhrat topgan. Mazkur shaharda yana bir yirik xalqaro anjumanning o‘tkazilishi O‘zbekistonning boy tarix va ulkan madaniy merosiga dunyo ilm-fani jamoatchiligining yuksak nigoh bilan boqayotganidan dalolatdir.
Qadimiy va hamisha navqiron Samarqandda konferensiyani yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Muvofiqlashtiruvchi shtab shakllantirilib, zaruriy texnik vositalar bilan ta’minlandi. Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetida o‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlari tarixiy merosi, ularning ijodi va yutuqlari to‘g‘risida axborotnoma, qo‘llanma tayyorlandi. “Registon Plaza” mehmonxonasida matbuot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Anjumanga tayyorgarlik jarayonida mehmonlarni kutib olish, ularni transport vositalari bilan ta’minlash, mehmonxonalarga joylashtirish, gid-tarjimonlik xizmatlari ko‘rsatish, tarixiy obidalar, zamonaviy inshootlar va boshqa maskanlarga sayohat uyushtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rildi. Konferensiya ishtirokchilari uchun zamonaviy avtobus va mikroavtobuslar ajratilib, ularning texnik holati ko‘rikdan o‘tkazildi. Anjuman qatnashchilari “Registon Plaza”, “Oriyent Star Ko‘ksaroy”, “Regal palas”, “Registon” kabi mehmonxonalarda joylashgan. Samarqand davlat chet tillar instituti professor-o‘qituvchilari va talabalaridan iborat gid-ekskursovod va tarjimonlar tanlangan. Konferensiya ishtirokchilari va xorijlik mehmonlarga hamrohlik qiluvchi guruhlar ish boshladi.
Samarqand shahar hokimligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand xalqaro aeroporti, temiryo‘l vokzali va ular atrofini obodonlashtirish hamda tantanali tadbirga mos bezatish ishlari olib borildi. Shahar ko‘chalari, yirik bino va inshootlar, tarixiy obidalarni tungi zamonaviy illyuminatsiya vositalari bilan yoritish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilgan.
O‘z muxbirimiz