Kataraktadan holi olam yanada ravshan
Inson ko‘z kasalliklariga uchramasligi uchun nima qilishi lozim? Ko‘zni asrab-avaylash bilan bog‘liq qanday maslahatlarga muhtojsiz? Biz shu kabi savollarga javob olish maqsadida tibbiyot fanlari nomzodi, oftolmolog Ravshan Mirahmedovga murojaat etdik:
– Ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘zning ojizligiga olib keluvchi asosiy sabablarning 50 foizini aynan, katarakta xastaligi tashkil etarkan…
– Katarakta kasalligi ham ko‘z kasalliklaridan biri bo‘lib, xastalik rivojlanish jarayoni ko‘z gavharining xiralashishi va ko‘rish qobiliyatining pasayishi orqali kuzatiladi. Dunyoda katarakta kasalligiga aholining 3 foizi, asosan, yoshi qirq-ellik yoshdan o‘tgan insonlar uchraydi.
Hozirgi kunda yurtimizning chekka hududlaridagi tibbiyot maskanlari ham zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlanayotganligi tufayli ushbu xastalik lazer jarrohlik yo‘li bilan osongina bartaraf etilmoqda. Bu kasallikning boshlang‘ich davrida ultratovush bilan davolash usuli qo‘llanilmoqda. Katarakta olib tashlangandan so‘ng, ko‘z nurini tiklash maqsadida sun’iy gavhar-introokulyar linza qo‘yiladi. Bu yumshoq linzalar ko‘zga butun umrga o‘rnatiladi. Linzalar zararsiz bo‘lib, ular insonga tabiiy gavhar kabi yaqin va uzoq masofani ko‘zoynaksiz ko‘ra olish imkonini beradi.
– Katarakta xastaligini qanday aniqlash mumkin va ushbu kasallikning belgilari qanday kuzatiladi?
– Agar biz ko‘zni fotoapparat deb tasavvur qilsak, ko‘z gavhari ob’yektiv vazifasini o‘taydi. Qachonki, ko‘z gavhari sog‘lom bo‘lib, yaxshi ishlasa, atrofdagi narsalarni yaqqol, aniq-tiniq ko‘ra olamiz. Agar u xiralashib qolsa, ko‘rish qobiliyati yomonlashadi. Bu holat katarakta deyiladi.
Katarakta qarilik belgisi va u oddiy jarayon hisoblanadi. Bu kasallik ko‘z xastaliklarining eng ko‘p uchraydigan turi bo‘lib, qirq va undan ortiq yoshga kirgan kishilarda tabiiy ravishdagi ko‘rish qobiliyatining pasayishi bilan kechadi. Bundan tashqari, yoshga bog‘liq kataraktadan tashqari, gavharga biror shikast yetganlik natijasida ham ko‘z xiralashishi mumkin.
Katarakta xastaligida bemorning ko‘z gavhari o‘z shaffofligini yo‘qotib, yorug‘lik nurlarining bir qismi to‘rpardaga yetib kelmaydi. Natijada ko‘z xiralasha boshlaydi. Kataraktada ko‘rish qobiliyatining pasayishi yoki umuman yo‘qolishi, ko‘z o‘ngida oq parda yoki to‘q dog‘lar paydo bo‘lishi, ko‘rish shaklining buzilishi, bitta narsaning ko‘p bo‘lib ko‘rinishi, yorug‘likka o‘ta sezuvchanlikning (miopiya) paydo bo‘lishi yoki kuchayishi, ko‘z bosimining ortishi, og‘riqlar paydo bo‘lishi holatlari kuzatiladi. Xastalikka chalinish xavfini oshiruvchi omillarga genetik moyillik, organizmda moddalar almashinuvining buzilishi, qandli diabet, avitaminoz, ultrabinafsha nurlardan ta’sirlanish, noqulay ekologik muhit ham sababchi bo‘lishi mumkin.
– Kataraktani davolashning konservativ usullari ham bormi va u qaysi davrda operatsiya qilinadi?
– Bu xastalikni oldini oluvchi va uni davolovchi samarali dori vositalari hali mavjud emas. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislari katarakta xastaligini davolashning yagona va samarali usuli – bu jarrohlik amaliyoti ekanligini tasdiqlaydilar. Shu bois bemorning jarrohlik yo‘li bilan to‘liq tuzalib ketishiga erishilmoqda.
Ba’zi ko‘z mutaxassislarida “ko‘z butunlay ko‘rmay qolganda, ya’ni katarakta yetilganida operatsiya qilish kerak”, degan yanglish fikrlar uchraydi. Bizning klinikamizda esa tajribalarga asoslanib, qo‘llaniladigan ilg‘or usul ya’ni, uni yetilgunicha kutmasdan, kataraktaning dastlabki bosqichidayoq ko‘rish qobiliyatini qayta tiklash imkoniyati qo‘llanilmoqda. Shuningdek, ikkilamchi glaukoma (ko‘z bosimi) bilan murakkablashgan katarakta holatlarida ham tezkor operatsiya qo‘llanilishi kasallikni bartaraf etishda yaxshi natijalarni bermoqda.
– Davolashni qanday usullari mavjud?
– Kataraktani davolashning turli usullari mavjud. Ular, ko‘z tomchilari kabi maxsus dori vositalari bilan davolash va jarrohlik yo‘li bilan davolash usulidir. Jarrohlik amaliyotining maqsadi bitta – xiralashgan ko‘z gavharini olib tashlash va o‘rniga sun’iy gavhar qo‘yishdir.
Konservativ davolash usuli odatda kasallik rivojlanishini vaqtincha to‘xtatib turishi mumkin, ammo butunlay davolay olmaydi. Shu bois konservativ davolash kataraktaning boshlang‘ich davrida qo‘llanilinadi. Shunday holatlar ham bo‘ladiki, ba’zan jarrohlik amaliyotini ham qo‘llab bo‘lmaydi. Bunda lazer davolashning asosiy usuliga aylanadi. Katarakta uzoq davom etuvchi kasallik hisoblanganligi bois, tomchilar bilan davolash muntazam qo‘llanilishi kerak. Kataraktadagi ko‘z tomchilari faqat oftolmolog tomonidan tavsiya etiladi.
– Qanday omillar kataraktani yetilishiga sabab bo‘ladi?
– Davolash jarayonidagi tanaffuslar katarakta yetilishiga sabab bo‘ladi. Bunday hollarda zamonaviy usullardan biri hisoblangan – ultratovush fakoemulsifakatsiyasidan foydalaniladi. Unda sun’iy gavhar hech qanday choralarsiz kichik kesish orqali qo‘yiladi.
Katarakta xastaligining rivojlanishi gavharning suvsizlanishi bilan bog‘liq. Suvsizlanish natijasida gavhar kerakli ozuqani ololmaydi. Boshqa xastaliklar kabi kataraktaning kelib chiqishi ham ovqatlanish tartibi va mahsulotlar sifatiga bog‘liq ekanligini unutmaslik lozim. Ko‘z nuri uchun S vitamini juda foydali. Undagi erkin radikallar shikastlanishning oldini oladi.
– Ko‘z xiralashishidan noliydigan katta yoshdagi kishilar necha yoshdan boshlab ko‘zoynak taqishlari mumkin?
– Inson qirq yoshdan so‘ng yaqindan ko‘rish uchun ko‘zoynak taqishi tabiiy hol. Chunki bu gavharda yuzaga keladigan yoshga xos o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘ladi. Shu bois, bu yoshdagilar ko‘z shifokori ko‘rigidan o‘tib turishlari, ko‘zni asrash va zo‘riqtirmaslik uchun shifokor tavsiya etgan ko‘zoynaklarni taqishlari lozim.
– Ko‘zni ravshanlashtirish uchun qanday mashqlarni tavsiya etasiz?
– Bunda ko‘z soqqasini o‘ynatuvchi mashqlar tavsiya etiladi. Masalan, stol tennisi o‘ynashga odatlanish yoki tennis koptokchasini kuzatish ko‘z uchun yaxshi gimnastika hisoblanadi. Deraza oynasiga biror narsani qo‘yib, unga yaqindan va uzoqdan qarash, yashil maysazorga tikilish ham ko‘zga dam beradi. Shuningdek, har kuni o‘rtadagi uchta barmoqlar bilan qovoqni sekin bosib, ko‘zlarni yumish ko‘zdagi mikrotsirkulyasiyani (qon aylanishi) yaxshilaydi.
Maryam AHMEDOVA
suhbatlashdi