Oltin topgan emas, elda e’zoz topgan aziz

U vaqtlar bugungidek shart-sharoit qayerda? Ta’lim tizimi qoloq, sog‘liqni saqlash sohasi bir ahvolda. Transport, aloqa kommunikatsiyasi ibtido bosqichini boshidan o‘tkazayotgan kezlar edi. Achinarlisi, xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor juda sust, ular faqat ro‘zg‘or va dala ishlariga safarbar etilgandi.

Bir kuni Tamaraning o‘qituvchisi hovli ostonasida ko‘rinish berdi. Bir bolasining ustozi kelganidan shod, bir ichida “tinchlikmikan”, degan sarosimada mushtipar ona qiziga ma’noli boqdiyu, darvozaga yo‘naldi. Qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, mehmonni qarshiladi.

Odatiy salom-alikdan so‘ng o‘qituvchi gap boshladi:

– Qizingizda noyob iste’dod bor. Xulqi ham, bilimi ham zo‘r. Shuncha o‘qigani, qiziqishlari uvol ketmasin. Tamara institutda ta’limini davom ettirishi kerak, degan maslahat bilan keldim.

– Jonkuyarligingiz uchun raxmat, domla. Ammo otasi nima der ekan?! Qiz bolani uzoq shaharga o‘qishi qiyinmasmi-a?! Bo‘y qizni o‘qitib, ushlab o‘tirib bo‘lmaydi. “Joyi chiqsa, tekin ber”, deyishgan. Maktabi tugashi bilan uzatamiz. Daranga-durung to‘y qilamiz, degan niyatimiz, bir dunyo orzu-havasimiz bor.

– Qiziqsiz-a, opa! Soddaligingizga borasiz. Hali qizingiz yosh, to‘y qilish orzu-havasi qochmas, bolani o‘qitish kerak. Oqil farzandga ona bo‘lish, uning ortidan rahmat eshitishdan ortiq baxt bormi?! Tamara do‘xtirlikka hujjatini topshirsin. Qarang, hali ovozi yo‘g‘onlamay, suyagi qotmay qancha bolalar norasidaligicha ketyapti. Qachon Moskovdan davolovchilar kelarkin, deb o‘tiramizmi?! O‘zimizning yoshlardan iste’dodlar ko‘p, ularni iqtidoriga qarab har sohaga yo‘naltirish kerak. Xo‘p, deng! Otasiga ham maslahat solaylik…

1964 yilning yozi. Guliston shahridan yurtimizning jannatmonand go‘shasi – vodiyga qarab yo‘l olarkan, Tamara bora-borish onasi va ustozi o‘rtasidagi suhbatni esladi. O‘qituvchisining, ota-onasining ishonchini oqlashga o‘zida mas’uliyat va kuch topa oldi. Omadi chopib, Andijon Tibbiyot instituti imtihonlaridan a’lo natijalar bilan o‘tib, qunt bilan saboq oldi va 1972 yildan jonajon maskani Gulistonga qaytib, bolalar shifokori sifatida ish boshladi. Tez fursatda tanilib, oddiygina qiz pediatr Tamara Saidmurodovaga aylandi.

* * *

– Feruzaxon, qizim, tashqarida dadajoningiz kutib qoldi, bo‘laqoling, – dedi Tamara Saidmurodova. – Ishga o‘z vaqtida borishga odatlaning. U yerda to‘lg‘og‘i tutib, yo‘lingizga ko‘z tikib turganlar qancha?!

– Hozir oyijon, idish-tovoqlarni saranjomlab olay, chiqaman. O‘g‘lingiz ham saharmardondan chiqib ketuvdilar, bolalarni ham maktabiga tashlab o‘tish kerak.

Yana o‘qing:  Yaxshi so‘z-la yod etib

– Ulguramiz, qizim, ulguramiz. Faqat chaqqonroq harakat qiling. Sizni ilinj bilan kutib turgan odamlarning ishonchini so‘ndirmang. Dardmandning og‘rig‘i qo‘sh bo‘ladi. Ovsiningizga ham ayting, ildamlasin-a! Tibbiyot kollejining o‘qituvchisi intizomli, o‘ta mas’uliyatli bo‘lishi kerak.

O‘qishini tamomlab qaytgan Tamara kasbiga kasbi yaqin bo‘lgan sanitariya-epidimiologiya yo‘nalishida mutaxassis bo‘lib qaytgan Umarjon bilan oila qurdi. Ikki farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazdi. Ammo ularning qiziqishi ota-ona maylidan ustun kelib, huquqshunoslik yo‘nalishida tahsil olishni lozim topdi.

Bolalarimning biri ming, ro‘zg‘ori tinch, barakali bo‘lsin, degan niyatda tamara Saidmurodova ikki farzandiga ham kelinni o‘zi tanlab qo‘ya qoldi. Hozir esa kelinlaridan mamnun. “Baribir, oilamizda shifokorlar ko‘p. Bizning oila shifokorlar oilasi”, deyishdan tolmaydi. To‘g‘ri-da, butun “jamoa” bo‘lib, xasta jonlarning dardiga qarshi kurashadiyu, faxrlanmaydimi?!

* * *

Tamara opa faoliyatining ilk kezlarini yaxshi xotirlaydi. Kechki soat o‘n birlarda bir mashina darvozasi oldida to‘xtadi.

– Bemahalda kelgan kim bo‘ldi ekan”, – degancha Umar aka tashqariladi va biroz o‘tib qaytib keldi. Senga kasal olib kelishibdi. “Shifoxonaga borsinlar” deyishyapti.

Tamara shart o‘rnidan turdiyu, ketmoqqa hozirlandi.

– E, do‘xtir opa, nimasini aytasiz. Biz olis qishloqdan keldik, – deya gap boshladi shofyor. – Qo‘shnimning bolasi og‘ir kasal. Rosa tinkasi qurib, yuzida rang qolmabdi. Uch kuncha tuman kasalxonasida yotdi. O‘zgarish bo‘lmagach, birovdan siz haqingizda eshitib qolibdi. Bir tanishining farzandini davolagan ekansiz. “Faqat shu do‘xtir bolamni davolay oladi”, dedi. “Unda nimani kutib turibsiz. Gulistonga ketdik”, dedim. Yo‘l uzoqlik qildi. Uzr, kech qoldik, opa. Ming istihola bilan ostonangizni yo‘qlab keldim.

– Yaxshi qilibsiz, davolash bizning vazifamiz. Kechasimi, kunduzimi farqi yo‘q. Bizga ustozlarimiz shunday o‘rgatishgan.

– Dardiga oro kirsangiz, boshimiz osmonga yetardi. Qo‘shnim o‘zi uch bolasidan ayrilgan. Bunisiga chidolmaydi. Jigari titilib ketadi.

– Hay, hay, yaxshi niyat qiling, shofir aka! Avvalo, Yaratganning inoyati. Boraylik, ko‘raylik. Xudo xohlasa, otday bo‘lib ketadi.

– Aytganingiz kelsin. Do‘xtir opa, aytganingiz kelsin. Umidimiz bir sizdan.

Yo‘l-yo‘lakay suhbat bilan shifoxonaga yetib kelgan Tamara shoshgancha ichkariga otlandi. Yarim soatcha vaqt o‘tib, ikki kishi uning ortidan mulozamat qilib, qo‘li ko‘ksida rahmat aytgancha chiqib keldi.

Yana o‘qing:  Yuqori pog‘onalar sari

Shofyorga qarata, “Qo‘shni, iltimos do‘xtir opani uyiga eltib qo‘ying”, degancha mashinaning orqa eshigini ochdi. Qayta-qayta rahmat aytib, xayrlashdi.

– Ha, do‘xtir opa, dardi og‘irmasmikan?

– Yo‘q, qoniga infeksiya tushibdi. Yosh bolaga paxta dalasida nima bor, hayronman?! G‘o‘zani dorilash vaqtida ota-onasi ehtiyotsizlik qilibdi-da.

– Eh, do‘xtir opa! Ehtiyotsizlik deysizda, – degancha shofyor chuqur uh tortib qo‘ydi.

Shundan buyon minglab avtomashinalar dard bilan kelib, quvonch bilan Tamara Saidmurodovaning eshigidan qaytdi. Tajribali pediatr esa kamtarlik bilan “Burchimiz”, deb qo‘yishdan nariga o‘tmaydi. Ha, aytmoqchi, “Daraxt bir joyda ko‘karadi”, deydi dono xalqimiz. Tamara Saidmurodova ham qirq ikki yildirki, hozirgi Sirdaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida faoliyat yuritib kelmoqda. U hamon oilalarga quvonch ulashishdan, bolalarning dardiga oro kirib, baxtiyor hayotga qaytarishdan tolgani yo‘q. Izlanuvchan va fidoyiligi uchun bugun uni el qadrlamoqda. U sevinadiki, ayni paytda katta kelini Feruza Saidmurodovani ham yo‘qlab, umid bilan kelayotganlarning soni ortib bormoqda.

Kasbiga ixlos qo‘ygan odam doim elning e’zozida bo‘ladi. Bir kishi uchun bundan ortiq boylik, bundan ortiq saodat bormi?! “Shunday do‘xtirni tarbiyalagan ota-onasiga rahmat”, deb duoga qo‘l ochuvchilar safi ortib borgani sari o‘qituvchisining onasiga aytgan gaplari jonkuyar shifokorning yodiga tushaveradi.

Bahodir HALIMOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: