Tibbiy xizmat kafolati sog‘lom hayot garovidir
Yaqinda poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida “Sifatli tibbiy xizmat: unda kim qanday imtiyozga ega?” va “Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarida bepul va pullik xizmat ko‘rsatish tartib-qoidalari haqida” mavzularida matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri A. Alimov kirish so‘zi bilan ochib, aholi salomatligini muhofaza qilish bilan bog‘liq bo‘lgan bepul va pullik tibbiy xizmatdan foydalanishga doir masalalarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shundan so‘ng Sog‘liqni saqlash vazirligining Xususiylashtirish va pullik xizmatni tashkil etish markazi direktori A. Agzamov hozirgi kunda bepul va pullik tibbiy xizmat ko‘rsatishning tartib-qoidalari to‘g‘risida tadbir qatnashchilariga batafsil ma’lumot berib o‘tdi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, bugun mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan davlat davolash-profilaktika muassasalari tomonidan aholiga kafolatlangan tibbiy va boshqa turdagi yordam bepul ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam hajmidan tashqari, qo‘shimcha xizmatlar belgilangan tartibda pul to‘lash orqali amalga oshirilayotir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998 yil 10 noyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish Davlat Dasturi”ga asosan aholiga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inida tibbiy yordamlar va bir qator davlat davolash-profilaktika muassasalarida bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish belgilangan. Unga ko‘ra, birinchi navbatda qishloq joylaridagi tibbiyot muassasalarida tibbiy xizmat ko‘rsatish, yuqumli kasalliklarga qarshi immunizatsiyalash va emlash, ijtimoiy ahamiyatga ega va atrofdagilar sog‘lig‘iga xavf tug‘diruvchi sil, xavfli o‘sma, narkologik, endokrinologik, ruhiy va asab kasalliklari bilan xastalangan shaxslarga ixtisoslashgan tibbiy xizmat ko‘rsatish, bolalarni tekshiruvdan o‘tkazish va davolash (pullik muassasalardan tashqari), shuningdek, 15-17 yoshdagi o‘smirlarni, hamda chaqiruv komissiyalarining yo‘llanmalari bilan chaqiriq yoshidagi (18-27) shaxslarni tekshiruvdan o‘tkazish va davolash, homiladorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish (pullik muassasalardan tashqari), bemorlarning imtiyozli toifalari, ya’ni nogironlar, urush faxriylari, boquvchisini yo‘qotganlar va boshqalarga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.
Shuningdek, mamlakatimizda yagona shoshilinch tibbiy yordam tizimi yaratilgan. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, ularning viloyatlardagi filiallari va shahar, tuman markaziy shifoxonalari shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlarida aholiga barcha shoshilinch va tez tibbiy yordam bepul amalga oshirilmoqda.
Aytish joiz, bepul va pullik tibbiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 2011-2014 yillarda 10 ga yaqin normativ hujjatlar qabul qilindi. Shuningdek, yangi normativlar bilan tanishtirish uchun tibbiyot muassasalari rahbar va mas’ul xodimlari uchun o‘quv seminarlari tashkil etildi. Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyruqlariga asosan aholiga kafolatlangan bepul tibbiy xizmat ko‘rsatadigan davolash-profilaktika muassasalari ro‘yxati ishlab chiqildi va qo‘shimcha servis xizmatlari: fitobarlar, sog‘lomlashtirish markazlari tashkil etish tartib-qoidalari tasdiqlandi.
Tadbirda qatnashgan mutaxassislar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan aholini tegishli axborot va ma’lumot bilan ta’minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining buyrug‘i bilan barcha tibbiyot muassasalarida pullik tibbiy xizmat ko‘rsatish tartib va qoidalari, xizmat turlari hamda narxlari aks ettirilgan axborot burchaklari bo‘lishi shartligi aytib o‘tildi.
Anjumanda soha mutaxassislari vazirlik tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari, ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida aholiga bepul va pullik tibbiy yordam ko‘rsatishning huquqiy asoslari va amaliy mexanizmlari, bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish istiqbollariga doir jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berdilar.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA,
“Sog`lom avlod” muxbiri