Ingliz tili bilimdonlari
Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta`limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markaziy institutida umumta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida “Ingliz tili bilimdonlari” intellektual musobaqasinining yakuniy respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda viloyatlardan saralanib, o‘z hududida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan besh nafardan ishtirokchi qatnashdi.
Musobaqa uch turdan iborat bo‘lib, o‘quvchilarning yoshi, chet tilidan bilim darajasi e’tiborga olingan. Birinchi shart bo‘yicha 5-, 6-sinf o‘quvchilari test savollariga javob berishgan bo`lsa, 7-9-sinf o‘quvchilari tanlangan mavzu bo‘yicha ijodiy yozma ish topshirishdi.
Ikkinchi tur og‘zaki savol-javob tarzida o‘tdi. 5-sinf o‘quvchilari geografiyaga oid bilimlarini ingliz tilida ifodalashgan bo‘lsa, 6-sinfdagi aka-opalari muayyan rasmning mazmunini chet tilida so‘zlab berdi. 7-sinf o‘quvchilari tarixga doir bilimlarini, 8-sinf o‘quvchilari ingliz tilidagi audiomatnni tinglab tushunish va gapirish mahoratini namoyon etgan bo‘lsa, bitiruvchi sinf o‘quvchilari esa videotasvirni diqqat bilan kuzatib, savollarga javob berishdi.
Oxirgi shartda sahna ko‘rinishi bo‘lib, bunda o‘quvchilardan jamoaviy uyushqoqlik, o‘zaro tushunish, ingliz tilida yaxshi so‘zlasha olish bilan birga, dramatik mahorat ham talab etildi.
Yakuniy natijalarga ko`ra, Toshkent shahri jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Farg‘onalik o‘quvchilar ikkinchi, Buxoro viloyati jamoasi uchinchi o‘rinni band etdi. Qolgan viloyat o‘quvchilari ham maxsus diplom va sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi.
Xalq ta`limi vazirligi Axborot xizmati