Sarimsoq piyozli non
Diyorimizda nonning Namangan shirmoyi, Samarqand noni, Toshkentning oq yog‘li patiri, vohaning lochiralari sevilib iste’mol qilinadi. Bugun sizlarga havola etayotganimiz – sarimsoqli nonni xonadoningizda tayyorlab ko‘rishingiz mumkin.
Sarimsoqli nonni tayyorlash juda tez va oson, mazasi esa sarimsoqni xush ko‘rmaydiganlarni ham befarq qoldirmaydi. Sarimsoqni pishirib olish nonga o‘zgacha ta’m va maza beribgina qolmay, balki xom sarimsoqga xos bo‘lgan o‘tkir va badbo‘y hidni ham kesadi. Bu nonni har qanday taom bilan, ayniqsa, suyuq ovqat yoki salatlar bilan iste’mol qilsa bo‘ladi.
Kerakli masalliqlar:
– 1 bosh sarimsoq piyoz;
– 250 gr sariyog‘ (yumshatib olingan);
– 1/4 piyola parmezan pishlog‘i (qirg‘ichdan o‘tkazilgan);
– 1/4 choy qoshiqdan tuz va yanchilgan qora murch;
– 2 dona baton noni.
Tayyorlanishi:
Gaz pechi 200 darajagacha qizdirib, sarimsoq piyozni butunligicha alyumin falgaga o‘rab, 20-30 daqiqa davomida pishiriladi. Agar tovada pishirmoqchi bo‘lsangiz, uni donalarga ajratib (po‘sti olinmaydi) o‘rta olovda har bir tarafini qizarguncha o‘girib turiladi, so‘ng biroz sovugach, po‘stini tozalab pichoqda mayda qilib to‘g‘raladi va eziladi. Sariyog‘ yumshatib olingach, hamma masalliqlarni bir idishga solib aralashtiriladi. Baton nonini uzunasiga o‘rtadan bo‘lib, sarimsoqli aralashmani nonga surtib chiqiladi. Gaz patnisi ustiga pishiriq qog‘ozi qo‘yib, non bo‘laklarini 10-15 daqiqa davomida duxovkada, chiroyli qizg‘ish rangga kirguncha pishiriladi. Tayyor bo‘lgan non bo‘laklarga bo‘linib, dasturxonga tortiladi.
Yoqimli ishtaha!
Guli NOZ