MAJBURIYAT VA UNI BEKOR QILISH ShARTLARI
Mamlakatimiz qonunchilik tizimi o‘zining mukammal va har tomonlama aholi manfaatlari uchun xizmat qilishi bilan bugun dunyoning rivojlangan davlatlari qonunchiligi bilan bir qatorda e’tirof etiladi. Zero, yurtimizda olib borilayotgan siyosatning asosi ham aholi farovonligini qonunlar asosida ta’minlashga qaratilgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Turli qonunlarning qabul qilinishi soha rivoji yo‘lida dasturulamal vazifasini bajarmoqda. Fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilishni o‘zida mujassam etgan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi ham ana shunday hujjatlardan biridir. Bugun ana shu kodeksning ba’zi bir moddalari tahliliga e’tibor qaratamiz. Aniqrog‘i, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 234-moddasiga asosan majburiyatning bekor bo‘lish asoslari haqida so‘z yuritamiz.
Majburiyat tushunchasi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 234-moddasida belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra majburiyat – fuqarolik huquqiy munosabati bo‘lib, unga asosan bir shaxs (qarzdor) boshqa shaxs (kreditor) foydasiga muayyan harakatni amalga oshirishga, chunonchi, mol-mulkni topshirish, ishni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish, pul to‘lash va hakozo yoki muayyan harakatdan o‘zini saqlashga majbur bo‘ladi. Kreditor esa qarzdordan o‘zining majburiyatlarini bajarishni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Majburiyatlar shartnomadan, ziyon yetkazish natijasida hamda ushbu kodeksda ko‘rsatilgan boshqa asoslardan kelib chiqadi.
“Majburiyatning bekor bo‘lish asoslari” O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 340-moddasi talablariga ko‘ra to‘liq yoki qisman bekor bo‘ladi. Majburiyatni taraflardan birining talabi bilan bekor qilishga qonun hujjatlari yoki shartnomada nazarda tutilgan hollardagina yo‘l qo‘yilmaydi.
Majburiyat, qoida tariqasida, uning lozim darajada bajarilishi bilan bekor bo‘ladi. Taraflarning kelishuviga muvofiq majburiyat uni bajarish o‘rniga voz kechish, haqini berish (pul to‘lash, mol-mulk berish va shu kabilar) bilan bekor qilinishi mumkin. Voz kechish haqining miqdori, muddatlari va uni berish tartibini taraflar belgilaydilar. Muddati to‘lgan yoki muddati ko‘rsatilmagan yoxud talab qilish payti bilan belgilangan muqobil o‘xshash talab hisobga o‘tkazilishi bilan mujburiyat to‘liq yoki qisman bekor bo‘ladi. Hisobga o‘tkazish uchun bir tarafning arizasi kifoya qiladi. Quyidagi talabalarni hisobga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi: da’vo muddati o‘tgan talablarni, fuqaroning sog‘lig‘iga shikast yetishi yoki uning vafoti munosabati bilan yetkazilgan zararni to‘lash haqidagi talabni, aliment undirish haqidagi talabini, umrbod asrash sharti bilan uy-joyni boshqa shaxsga topshirish talabini, qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollardagi talablarni.
Hayot yoki sog‘liqqa yetkazilgan zararni qoplash va alimentlarga nisbatan majburiyatlar xususida yangilashni amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Agar taraflarning kelishuviga muvofiq boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, majburiyatni bekor qiladi. Kreditor qarzdorni uning zimmasidagi majburiyatlardan ozod qilishi bilan, agar bu hol boshqa shaxslarning kreditor mol-mulkiga nisbatan huquqlarini buzmasa, majburiyat bekor bo‘ladi. Agar taraflardan birontasi ham javob bermaydigan vaziyat tufayli majburiyatni bajarish mumkin bo‘lmay qolsa, u bekor bo‘ladi. Basharti, qarzdor majburiyatni kreditorning aybli harakatlari tufayli bajarishi mumkin bo‘lmasa, kreditordan o‘zining majburiyat bo‘yicha bajarganlarini qaytarib berishni talab qilishga haqli emas. Davlat organining hujjati chiqishi natijasida majburiyatni bajarish to‘liq yoki qisman mumkin bo‘lmay qolsa, majburiyat to‘liq yoki uning tegishli qismi bekor bo‘ladi.
Sh.ISMAILOV,
Namangan tuman 2-sonli davlat notarial idorasi notariusi