OITS – bedavo dardmi?..

yoki gigiyenaga amal qilmaslik oqibatlari

O‘tgan asrning 80-yillarida salomatlikni saqlash va mustahkamlashda turmush tarzining ahamiyati beqiyos ekanligi ham ilmiy, ham amaliy tarzda isbotlandi. Butun dunyoda, ayniqsa, rivojlangan davlatlarda asosiy e’tibor kasalliklarni davolash emas, aksincha, sog‘lom turmush tarziga, sog‘lom odamni turli kasalliklarga chalinmaslik, salomatligini yanada mustahkamlash va umrini uzaytirishga keng e’tibor berila boshlandi.

Respublikamizda ham sog‘lom turmush tarzini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish va qaror toptirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. “O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish to‘g‘risida”gi Prezident farmonining asosini ham aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish masalasi birlamchi vazifa qilib belgilab berildi.

Haqiqatan ham yuqorida aytib o‘tganimizdek, insonning salomatligi, avvalo o‘ziga, turmush tarziga bog‘liqligini hammamiz bilamiz. Ammo… Unga rioya etib yashashga kelganda ko‘pchiligimiz loqaydlik qilamiz. Go‘yo kasallik atrofimizda yuripti-yu, bizni chetlab o‘tadigandek. Biz me’yoridan ko‘proq yoki aksincha kamroq ovqatlansak, ko‘proq harakat qilish tartibiga rioya qilmaslik, ruhiy holatimizga e’tibor bermasligimiz va hokazo holatlar turmushimizning tarkibiy qismiga aylanib ulgurgan bo‘lsa, sog‘lig‘imiz zavol topadi. Bu illatlar asta-sekin turli a’zolarimizni yemirib, kuchsizlantirib borishini bila turib, turmush tarzimizni o‘zgartirishni xohlaymiz va oqibatda biror xastalikka chalingandagina o‘ylab qolamiz va afsus chekamiz. Azizbek (ismi o‘zgartirilgan) yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlaridan birida tahsil olardi. U turli kitoblarda o‘qiganlarini turmushga tatbiq qilishga urinar, o‘zi ham imkoni boricha, sog‘lom turmush tarziga rioya qilib yashashga intilar edi. Bir kuni uning qo‘liga beg‘araz donorlik haqidagi buklet tushib qoldi va uni o‘qib ko‘rib, donorlik qilishga ahd qildi. Uning qoni tekshirilganda OIV infeksiyasi aniqlandi. Epidemiologik surishtiruvlar jarayonida u oliygoh yotoqxonasida hamxonasi bilan bitta tish cho‘tkasi va soqol olish ustarasidan foydalanishi aniqlandi va ushbu hamxonasi ham OIV infeksiyasi bilan zararlanganligi ma’lum bo‘ldi.

Bu voqeadan ayonki, OITS kasalligi nafaqat axloqiy buzuqlik, balki boshqa yo‘llar bilan ham yuqadi. E’tiborsizlik, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilmaslik, sog‘lom turmush tarziga rioya etmaslik va boshqa biz ko‘pda ahamiyat beravermaydigan sabablar ham kishini ushbu xastalik girdobiga tashlashi mumkin. OiTS qanday xastalik ekanini bugun bilmaydigan odam bo‘lmasa kerak. Ammo, ba’zi narsalarni eslatib o‘tish foydadan holi emas. Kasallikning dastlabki bosqichi OIV (odam immun tanqisligi virusi) infeksiyasi deb ataladi. Kasallik hech qanday belgilarsiz 3-5 yil davom etishi mumkin.

Yana o‘qing:  Chaqaloqni tunda emizishning foydasi

Virus doimiy ravishda inson immunitetini yemirib borishi natijasida kasallik oxirgi OITS (orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi) bosqichiga o‘tadi va immunitetni batamom izdan chiqarib, og‘ir oqibatlarga olib keladi. Kasallik chaqiruvchi virus o‘ta o‘zgaruvchan bo‘lganligi sababli ham hozirgi paytgacha vaksina yaratilgani yo‘q. OIV infeksiyasi surunkali kasallik, uni butunlay davolash imkoni hali mavjud emas. Lekin, organizmda virus ko‘payishini to‘xtatuvchi turli antiretrovirus dorilari yaratilgan va ushbu dori vositalarini qo‘llash natijasida bemorlarning umrini uzaytirish, ish faoliyatini tiklash va hayot tarzini yaxshilash mumkin. Xo‘sh, kasallikka chalinmaslik uchun nimlarga e’tibor berish lozim?

Avvalo, inson axloqan pok bo‘lishi lozim. Qolaversa, tibbiy muolajalar vaqtida bir marotabalik ishlatiladigan shprits va ignalardan foydalanish, boshqalar ishlatgan soqol va tirnoq olish asboblari, tish cho‘tkasi, tatuirovka, pirsing ignalaridan foydalanmaslik, ichkilikbozlik va giyohvandlik kabi illatlardan voz kechish, tasodifiy jinsiy aloqalardan saqlanish, vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tib turish, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish orqali o‘zimizni nafaqat OIVdan, balki boshqa jinsiy yo‘llar bilan yuquvchi tanosil kasalliklari hamda virusli gepatit V, S turlari yuqishidan ham himoya qilamiz. Shuningdek, ushbu kasallik va OIV yaxshi sterillanmagan tibbiy va sartaroshxona asboblari orqali ham yuqishi mumkin.

Har bir inson o‘z salomatligi uchun mas’ul. Shu sababli tibbiy muolajalar olish va sartarosh hamda kosmetolog xizmatidan foydalanishda asboblarning sterillanish tartib qoidalari haqida so‘rab-surishtiring.

R. YUSUPOVA,

H. LATIPOV,

Toshkent viloyati OITSga qarshi kurash markazi bo‘limi mudiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: