KICHKINTOYINGIZ MAKTABGA TAYYORMI?

Ilk bor maktabga qadam qo‘yish – nafaqat bola uchun, balki ota-ona uchun ham katta sinovdir. Ota-onalarni: “Kichkintoyim qanday o‘qiydi?”, “O‘ziga yaxshi do‘stlar topa oladimi?”, “Birinchi ustozini qanday qabul qiladi?” kabi savollar o‘ylantiradi. Shu kabi savollarga psixolog Roziya Niyazimbetova javob beradi.

– Farzandni olti yoshdan maktabga berishning qanday ijobiy jihatlari bor?

Ko‘pchilik ota-onalar o‘z farzandlarini nisbatan ertaroq maktabga berishni orzu qilishadi. Chunki, bolalikda insonning zehni, xotirasi kuchli, o‘zi harakatchan va faol, qiziqishlari esa cheksiz bo‘ladi. Bu davrda bolani har qanday muhitga odatlantirish, ko‘niktirish va uning intellektual salohiyatidan unumli foydalanish mumkin. Hatto, bu orqali olamshumul yutuqlarga erishganlar ham bor. Bulardan xabar topgan ota-ona tabiiyki, o‘z farzandining ham bilag‘on yoki daho bo‘lishini xohlaydi.

Bola ulg‘aygan sari uning biologik o‘sishi sekinlasha boradi. Bu undagi harakatlarning ham bir qadar susayishiga olib keladi. Mana shu susayish davri boshlangunga qadar bolaning iqtidori yuqori darajada bo‘ladi. Bu davrda, masalan, o‘nta so‘zni ikki marta eshitganda eslab qolsa, keyinchalik esa uning esida qolishi uchun to‘rt-besh marta takrorlash kerak bo‘ladi. Shuning uchun ham olti yoshda maktabga borgan bola bir yil ichida nisbatan ko‘proq narsa o‘rganadi.

– Bolaning maktabga tayyorgarlik darajasini qanday aniqlash mumkin?

Bolaning maktabga tayyorgarlik holatini aniqlashning bir nechta yo‘llari bor. Agar bolakay o‘qishni, sanashni bilsayu, bir oz odamovi, kamsuqum va faqat uy sharoitiga o‘rgangan bo‘lsa, maktabga borgach, o‘qituvchi va do‘stlari o‘rtasidagi munosabatlarga ko‘nikishda muammo paydo bo‘lishi mumkin.

Farzandining olti yoshdan o‘quvchi bo‘lishini istagan ota-ona uning o‘qishga bo‘lgan rag‘bati, qiziqishi, ishtiyoqi va qobiliyatini oldindan kuzatib, tarbiyalab borishi kerak. Bolaning ko‘pchilik bo‘lib o‘ynaladigan o‘yinlar qoidalariga rioya qilishi, kattalar bilan muloqotga oson kirishishi, biror ishni o‘zi erkin tarzda yoki mustaqil yondoshuv bilan bajara olishi, o‘z zimmasida qaysidir darajada mas’uliyatni his qila olishi, fikrlashdagi mantiqiylik kabilar bolaning maktab hayotiga tayyor ekanidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, ko‘pgina olti yoshli bolalarning maktabga bo‘lgan qiziqishi keragidan ortiq bo‘ladi. Bunday hollarda ota-ona bu xohish ortiga berkingan muhim sababni o‘rganib chiqishi, maktab bolani nimasi bilan o‘ziga jalb etayotganini aniqlashi lozim. Bu o‘rinda yangi bilimlarni egallash, oiladagi o‘rni va nufuzining o‘zgarishi, kun bo‘yi uyda o‘tirishdan qutulish yoki chiroyli maktab anjomlariga ega bo‘lish kabilar bolani qiziqtirayotgan bo‘lishi mumkin.

Yana o‘qing:  Shoshqaloqlik qimmatga tushdi

– Olti yoshda maktabga chiqishga xohishi bo‘lmagan farzandga qanday muomala qilinadi?

Olti yoshli bolaning maktab muhitida o‘zini erkin sezishi ko‘p jihatdan ota-onalarga bog‘liq. Agar olti yashar bolaning maktabga borishga qiziqishi bo‘lmasa, bu holda uni majburlab o‘qishga berish kerak emas. Yaxshisi, unga maktabga borish va o‘qishning afzalliklarini tushuntirib borish vositasida unda yetarli xohish paydo bo‘lishini kutish kerak. Aks holda, ota-ona ham, bola ham qiynaladi va bolada maktabga ilk qadamlaridanoq salbiy kayfiyat shakllanadi. Keyinchalik bolaning o‘zlashtirish darajasidan qoniqmagan ota-onaning farzandining kelajagiga bo‘lgan umidlari bir oz pasayib, bolani ham shu holga solib qo‘yishadi. Shuning uchun bu masalada adashmaslik zarur.

FARZANDINGIZNI SINAB KO‘RING!

Ushbu test bolangizning bilish saviyasi qay darajada ekanini aniqlashda sizga yordam beradi. Bu orqali siz bolangizning o‘zi, oilasi, atrof-muhit haqidagi ma’lumotlarni qay darajada bilish, muhokama va tahlil qila olish qobiliyatini bilib olasiz.

1. Isming, familiyang, otangning ismini ayt.

2. Ota-onangning familiyasini ayt.

3. Qiz bolamisan, o‘g‘il bolami?

4. Akang yoki opang bormi? Ularning qaysi biri katta?

5. Yoshing nechada? Bir (ikki, uch…) yildan so‘ng necha yoshda bo‘lasan?

6. Hozir kunduzimi, kechasimi yoki ertalabmi?

7. Nonushtani qachon qilasan ertalabmi, kechki paytmi?

8. Qayerda yashaysan? Uy manzilingni bilasanmi?

9. Otangning va onangning ismlari kim?

10. Rasm chizishni yaxshi ko‘rasanmi? Bu qalam (kitob, devor) qaysi rangda?

11. Hozir qaysi fasl? Buni qanday aniqlasa bo‘ladi?

12. Chanada qachon uchsa bo‘ladi yozdami, qishdami?

13. Nimaga qor faqat qishda bo‘ladi?

14. Pochtachi (o‘qituvchi, vrach) nima qiladi?

15. Maktabda parta, qo‘ng‘iroq nimaga kerak?

16. Maktabga borging kelyaptimi? Nimaga?

17. O‘ng ko‘zingni, chap qulog‘ingni ko‘rsat. Bizga quloq, ko‘z nima uchun kerak?

18. Qanday xayvonlarni bilasan?

19. Qanday qushlarni bilasan?

20. Qaysi biri katta — sigirmi, echkimi?

21. Qaysi biri ko‘p 8 mi 5 mi? 3 dan 6 gacha, 9 dan 2 gacha sanab ber.

22. Birovning narsasini buzib qo‘ysang, nima qilish kerak?

Bolaning o‘zi va oilasi haqida ma’lumotlarga egaligini — 1,2,3,4,5,8,9,17-savollar; atrof-muhit haqidagi tasavvurlarini — 6,7,10,11,12,14,18,19-savollar; tahlil va muhokama qilish qobiliyati — 13,20, 21,22- savollar; maktabga intilishini — 15,16-savollar orqali bilib olish mumkin.

Yana o‘qing:  NAFOSATLI, OQILA, TASHABBUSKOR

BaHolash mezoni:

Har bir to‘g‘ri javob 1 balldan, to‘g‘ri, lekin to‘liq bo‘lmagan javob 0,5 balldan baholanadi.

Quyidagi savollar alohida baholanadi:

· 5-savol — bola necha yoshda ekanligini bilsa — 1 ball, agar oyni ham inobatga olib aytsa — 3 ball (masalan, meni yoshim 6 yosh va 4 oy, bir yildan keyin yoshim 7 yosh va 4 oy bo‘ladi);

· 8-savol — to‘liq manzilini aytsa — 3 ball;

· 15-savol — maktab narsalarini to‘g‘ri ishlatilishi — 1 ball;

· 16-savol — ijobiy javob 1 ball;

· 22-savol — to‘g‘ri mulohazali javob — 2 ball.

Farzandingiz javob berishda 24-29 ball to‘plashi uning yuqori saviyada; 20-23,5 ball to‘plashi o‘rta saviyada; 19,5 va undan kam ball to‘plashi esa quyi saviyada ekanidan dalolat beradi.

E’tibor bering, qaysi guruhdagi savollar farzandingizga javob berishida qiyinchilik tug‘dirdi. Keyinchalik bolangiz tarbiyasida bunday muammolarni bartaraf etishga bel bog‘lang. U bilan ko‘proq shug‘ullaning va dars tayyorlashiga yordam bering. Sersavol kichkintoyning har bir savoliga diqqat-e’tibor, sabr bilan javob bering. Shunda farzandingiz o‘z fikrini erkin bayon etib, muloqotga tortinmay kirisha oladi.

Iroda Bobur qizi tayyorladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: