Xotirangiz faol bo‘lsa, vaqtingizda tejam, ishingizda unum bo‘ladi
Ayrim hollarda ko‘cha‑ko‘yda kimnidir ko‘rganingizda ko‘zingizga juda tanish ko‘rinadi‑yu, ammo qayerda uchratganingizni eslolmay qiynalasiz. Yoki o‘z uy telefon raqamingizni ham bir necha daqiqa davomida xotirlolmay xunobingiz oshgan paytlar ham uchrab turadi, to‘g‘rimi? Xo‘sh, xotirani mustahkamlash, diqqatni jamlash uchun nimalarga e’tibor berish kerak?
Dangasa bo‘lmang!
Yalqov odamning xotirasi ham sust bo‘ladi. Nimanidir eslab qolish istagi kuchli bo‘lsagina, fikrlaringizni bir joyga to‘play olasiz. Nimanidir eslolmasangiz: hisob raqami, biror so‘zning mazmuni, xonandalar ismi, yaqinlaringizning telefon raqami, – darrov yon daftarchangiz, telefon kitobchasi yoki internetdan izlashdan oldin bir necha daqiqa o‘zingiz eslab ko‘rishga harakat qiling.
Mutolaa – sizga ko‘mak beradi
Har kuni bir necha sahifa bo‘lsada, mutolaa qilishga erinmang. Qiziqarli kitoblar o‘qing, o‘qib tugatganingizdan keyin asarning qiziqarli syujetidan parcha va qahramonlarning ismlarini yozib qo‘ying.
Oradan ancha vaqt o‘tgach ham bu yozuvlarni qayta o‘qisangiz, asar voqealari yana esingizga tushadi. Bu nafaqat xotirangizni mashq qildirishga, balki atrofdagilarga ham o‘z bilimdonligingiz bilan ko‘maklashasiz: deylik, Alpomishning oti nomini eslab qola olmaydigan odamlar ham uchrab turadi. Sizning yon daftarchangizda esa bularning bari yozib qo‘yilgan.
Harakatdan to‘xtamang!
Ko‘proq harakat qiling. Sho‘x musiqalarga raqsga tushing, sport bilan shug‘ullaning. Jismoniy faollik qon aylanishini yaxshilaydi, asab tizimini faollashtiradi, idrok qilishni ta’minlaydi. Ayniqsa, sportning yugurish turi xotirangiz mustahkam bo‘lishiga, ma’lumotlarni qayta tiklashingizga ko‘mak beradi.
Mashhurlar ismi bilan taqqoslang
Agar sizga bironta kishini tanishtirishsa, uni esda qolarli biron mashhur shaxs nomi bilan taqqoslang. Deylik, Nodira ismli qiz. Nodirabegimning nomi bilan eslab qoling.
Takrorlash eng yaxshi usul
Bundan yaxshisini topolmaysiz. Ayniqsa, muntazam she’r yodlash xotirangizni mustahkamlaydi. Faqat ketma-ket besh marta emas, besh kun davomida bir martadan takrorlash ijobiy samara beradi. Yaxshisi, yotish oldidan takrorlang.
To‘g‘ri ovqatlaning
Baliq, dengiz mahsulotlari, o‘simlik yog‘lari, yong‘oq, ko‘kat va sabzavotlar xotirani tiklashga yaxshi foyda beradi. Asosiysi, vitamin va minerallarga boy mahsulotlarni iste’mol qiling.
Xorij tillarini o‘rganing
Xorij tillarini o‘rganish hayotingiz va ishingizda foyda beribgina qolmay, xotirangizni yanada charxlaydi.
Tasavvur qiling
Xotirasi o‘tkir kishilarning ko‘pchiligi voqealarni tasavvur qilish orqali eslab qolishadi. Deylik ular raqamlarni hayvonlar timsolida tasavvur qilishadi. Yoki o‘simliklar, jonsiz predmetlarning nomlari bilan yodlab qolishadi. Masalan; ikki – laylak, bir – simyog‘och, olti – qulf va boshqalar. 333-18-10 telefon raqamini eslab qolmoqchisiz? Ushbu raqamlar bilan biron voqea ham tuzib olishingiz mumkin. Siz ham bir harakat qilib ko‘ring. Uchta qaldirg‘och ustunga qo‘nib, laylakni kuzatishdi. U ham boshqa bir ustunda o‘tirib, yon-atrofiga nazar solayotgan edi.
Dona‑dona qilib gapiring
Biron voqea yoki yangilikni so‘zlab berayotganingizda kichik pauzalar bilan (3 soniya me’yorida) obrazli qilib gapiring. Shunda tinglovchining yodida yaxshi qoladi. Aksincha, eslab qolishlarini istamasangiz, tez‑tez gapiring.
Mashqlarni bajarib ko‘ring
Qo‘lingizga qog‘oz olib xohlagan sakkizta so‘zni yozing. Keyin qog‘ozga qaramasdan so‘zlarni ketma-ketlik bilan qaytaring. Keyinchalik bu so‘zlarnining sonini ko‘paytirib borishiningiz mumkin;
Harid uchun otlanishdan oldin kerakli mahsulotlarning ro‘yxatini tuzib chiqing. Ro‘yxatni ikki‑uch marta takrorlang. Do‘kondan mahsulotlarni olgach, kassa oldiga borganingizda ro‘yxat bilan yana bir marta solishtirib ko‘ring;
Narsa‑buyumlarning rasmi ko‘proq tasvirlangan bironta jurnalni oling. Unga 15‑20 sekund sinchkovlik bilan qarab turing. Keyin esingizda bor buyumlarning nomini qog‘ozga yozib chiqingda, jurnal bilan solishtiring.
Har kuni kamida 10 daqiqa turli boshqotirma, krossvordlar to‘ldirishni odat qiling. Kichik matematik masalalar yeching. Xullas, miyangizni ishlashga majbur qiling. Shunda albatta diqqatingizni jamlab, xotirangizni tiklashga erishasiz.
Natalya GUDKOVA,
ruhshunos