Quyosh tuhfa etgan tong

Boshlang‘ich sinfda tahsil olardim.

Hovlimiz shundaygina qishlog‘imizda yagona (hozir beshta) maktab binosiga tutashib ketgandi. Bir qadam bu yoqqa tashlasam maktab, bir odim u yoqqa yursam uy.

Sinfdoshlarimning havasi kelardi:

– Senga maza, qo‘ng‘iroq chalinganda yugursang ham o‘qituvchi sinfga kirib ulgurmasdan yetib kelasan.

Ko‘pincha dars soatlari tugagandan so‘ng ham maktab hovlisida o‘ralashib yurardim.

Meni o‘quvchilar ketib bo‘lgandan so‘ng ozodlikka chiqadigan oyog‘i taxtakachlangan laylak va qanoti majruh burgut qiziqtirardi.

Negadir maktabning xo‘jalik mudiri Ro‘zi bobo (qizig‘i bu bolajon inson ham urushdan o‘ng qo‘li yaralanib qaytgandi) o‘quvchilar bor payti har ikala jonivorni Sulaymon temirchiga yasatgan qafaslariga qamab qo‘yardi.

Qafaslar hovlining bir burchagida turgani sababli tanaffus paytlari shu yer o‘quvchilar bilan gavjum bo‘lardi.

Ro‘zi boboning qushlarga tegajaklik qilayotgan bolalarni haydayman, deb esxonasi chiqib ketardi:

– Hoy, yaqin borma, burgut yirtqich qush;

– Laylak beozor jonivor, ozor berma…

Faqat sinfxonalari bo‘shab, maktab g‘ala-g‘ovuri tinchigan peshin chog‘i har ikala qush qafasdan ozod etilardi.

– Nega bo‘shatdingiz, uchib ketishmaydimi, – so‘rardim Ro‘zi bobodan.

Ro‘zi bobo otamning oshnasi, qolaversa, maktab direktorining arzandasiman, har bir savolimga javob olmasdan tinchimasdim.

– Qani edi uchib ketishsa, laylak olis o‘lkalarga yetib borolmaydi, burgut esa ucholmaydi.

– Nega ucholmaydi?

– Yomon odamlar uning qanotidan otishgan.

Beixtiyor yomon odamlardan nafratlandim:

– Shunday bahaybat qushni qanday otishdi ekan?

– Bunisini bilmadim, ammo uni menga keltirib berishganda shu ahvolda edi, yarasini tuzataman deb shuncha urindim, bo‘lmadi.

Keyin Ro‘zi bobo mening savollarimdan qutilmoqchi bo‘ladimi:

– Yaxshisi sen uyingga borib bir bo‘lak xom go‘sht olib kel, burgut bechora ochlikdan ozib borayapti, – deydi.

Muhim topshiriqni bajarish uchun uyga qarab yelaman, yo‘lini topib nimagadir andarmon bo‘lgan onamning ko‘zini shamg‘alat etib maktabga o‘lja bilan qaytaman.

Burgut qo‘limdagi yemishni ko‘rib qag‘illaydi.

Uni intiq qilmay lahmni yemish idishiga tashlayman.

Burgut bir zumda go‘shtni laxta-laxta bo‘lib, yutib yuboradi…

Odatdagi kunlarning birida, quyosh olis yotog‘iga bosh qo‘yayotgan palla falakdan g‘alati ovoz eshitildi:

– Qiy-xuv-v-v, qiy-xuv-v-v…

– Qishloqqa qirg‘iy oralayapti, endi u kimningdir qarovsiz qolgan tovug‘ini oladi, – dedi Ro‘zi bobo bilan gurunglashib o‘tirgan otam.

– Qirg‘iysi nima, – so‘rayman qiziqsinib.

– Xu-u, ana, – Ro‘zi bobo sog‘ qo‘lining ko‘rsatkich barmog‘i bilan osmondagi qora nuqtani ko‘rsatdi. – Qirg‘iy degani ham shu burgutimizning ajdodlaridan.

Qora nuqta asta-sekin qanotlarini keng yoyib uchayotgan bahaybat qushga aylanadi.

Burgut bezovtalandi, qarasam u ham qip-qizil qondek ko‘zlarini qirg‘iyga tikib, uchishga urinardi. Ammo, urinishlari besamar ketdi, majruh qanot uning mayliga bo‘ysunmadi.

Shu-shu yarador burgut hech narsaga qiyo boqmay qo‘ydi, ming azobda uydan olib chiqqan go‘shtlarim tuproqqa qorishib qolaverdi. Oradan uch-to‘rt kun o‘tib burgutni o‘tkir ko‘zlarini osmonga qadaganicha o‘lib yotgan holda ko‘rdim.

– Erk istagi, musaffo osmon, ozod hayot sog‘inchi burgutni boqiy maskaniga olib ketibdi, – dedi Ro‘zi bobo kiprigiga qalqigan yoshni menga sezdirmaslik uchun faylasufona ohangda…

* * *

O‘quvchilik yillarim “qizil imperiya”
chuqur ildiz otgan davrga to‘g‘ri kelgandi. Sinfimizda a’lochilar ko‘p edi, bolalik qiziquvchanligi bilan bugun kechagidan ko‘proq bilishga intilardik.

– Muallim, o‘tmishda bizning hududimizda kuchli davlatlar, dono hukmdorlar bo‘lmaganmi, nega ularni o‘rganmaymiz, – so‘rab qoldi sinchkov sinfdoshlarimizdan biri “Vatan tarixi” darsida Aleksandr Nevskiy, Demitriy Donskiy, Stepan Razinlar haqida uzundan-uzun ma’ruza o‘qib charchamaydigan o‘qituvchimizdan.

Ehtimol savol kutilmaganligi, biroz qaltisroq bo‘lgani uchunmi, u kishi anchagacha boshini qashlab turdi, javob topolmay qiynaldi, so‘ngra, tiliga kelgan gapni aytib yubordi:

– Bo‘lgan, ammo hukmdorlari qonxo‘r, bosqinchi bo‘lishgani bois darslikka kiritilmagan…

…Oltmishinchi yillarning o‘rtasi, otam davlat xo‘jaligiga firqa qo‘mitasi kotibi bo‘lib ishga o‘tdilar, ilgari darsdan bo‘shagan vaqtlari uyda bo‘ladigan kishi endi ko‘pincha biz uxlab qolganda ishdan qaytar, gohida haftalab otamizni ko‘rmagan vaqtlarimiz bo‘lardi. Bir kun odatdagidek ishdan kech qaytgan otamning sovib isitilgan ovqatni naridan-beri tamaddi qilarkan onamga hasrat bilan aytgan gaplarini eshitib qoldim:

– Bugungi yig‘ilishda viloyatdan kelgan vakil “Baynalminal”ni o‘rischa aytishimizni talab qildi, raykom a’zolarining hammasiga birma-bir matnni o‘qittirib ko‘rdi. Cho‘l xo‘jaliklaridan birida ishlaydigan brigada boshlig‘i o‘rischa o‘qishni o‘rganolmagandi vakil uni rosa so‘kib berdi, paxtadan boshqa narsaga vaqti yo‘q bechora dehqon ko‘pchilik oldida izza bo‘lganidan yig‘lab yubordi, rahmim kelib ketdi, uning qilgan mehnatlari qadri til bilmaganining o‘rnini bosolmadi…

* * *

O‘tgan yili o‘g‘lim Bilimlar kuni ara-
fasida shahardan to‘ng‘ich qiziga kitob-daftar, ruchka-qalam, yangi o‘quvchi sumkasi olib keldi.

Endigina birinchi sinfga chiqayotgan Mironshoh xarxashani boshladi:

– Axir men ham o‘qishga borishim kerak, qani menga sumka. Maktabga ikki qo‘lim bo‘sh boramanmi?

Ota-o‘g‘ilning muloqotini bir chekkadan kuzatib turdim.

Bola baribir bolada, otasining u deganiga ham, bu deganiga ham ko‘nmadi, qanday qilmasin opasining kitob-daftarini “arra” qilishi kerak. Uni erkalatib yonimga chorladim:

– Otangga azob berma bolam, senga hamma narsani Prezident bobong sovg‘a qiladi.

– Meni aldamoqchi bo‘layapsizmi, – ishonqiramadi nabiram.

Oradan ikki kun o‘tib Mironshoh maktabdan og‘zi qulog‘ida qaytib keldi. Yelkasida yap-yangi sumka:

– Bobo, bobo, Siz to‘g‘ri aytgan ekansiz, o‘qituvchim o‘quvchilar sumkasi berdi, ichida hamma narsasi bor. Bilasizmi, Prezident bobomiz “Shaxsan Mironshohning qo‘liga topshiringlar” degan emish.

– Boshqalarchi?

– Boshqalarga ham sovg‘a qilishdi. Prezident bobomiz juda saxiy ekanlar. Men ham katta bo‘lsam bolalardan hech narsani ayamayman…

…Onam qiyqim matolardan quroq qurab, kitob xalta tikib berdi.

Yelkaga osadigan tasmasi ham quroqdan.

Og‘zim qulog‘imda: “Akang qarag‘ayning sumkasini ko‘rib qo‘yinglar” qabilida g‘oz yurib sinfxonaga kirib bordim.

Tabiiyki, sinfdoshlarim yangilikni sezmay qolmadi:

– Voy, xaltasining chiroyliligini.

– Kim tikib berdi?

– Oyim, – dedim ularning havasini oshirib.

– Qani edi, menda ham shunaqasi bo‘lsa, – orzulandi sinfdosh qizlardan biri.

– Bunaqasini ko‘tarish uchun, oying har kuni yangi ko‘ylak kiyishi kerak, bildingmi?!

Do‘stlarimning birisi aytgan kesatiqdan so‘ng havasmand qizning uni o‘chdi.

Bu voqea qirq besh yilcha ilgari sodir bo‘lgandi. Hamon o‘sha quroq xalta ko‘targan kunlarim xotiramda tez-tez jilvalanib turadi…

…Bu yil maktab ostonasidan hatlayotgan yarim million o‘g‘il-qizga 12 turdagi o‘quv qurollari Yurtboshimiz sovg‘asi sifatida taqdim etilayapti. Har bir jamlamaning narxi qariyb 24 ming so‘mga teng ekanligini hisobga oladigan bo‘lsak yurtimizda barkamol avlodni tarbiyalashning birgina yo‘nalishiga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning naqadar teranligini his qilish mumkin. Endiyam Siz biron o‘g‘il-qizga maktabga chit xalta tugul, eski sumka ko‘tarib bor, deb ko‘ringchi…

Yana o‘qing:  Iqboli porloq yoshlar

* * *

Men yuqoridagi voqealarni bejiz eslamadim.

Istiqlol qayta hayot baxsh etgan iymonimiz, qadriyatlarimizni sanab nihoyalash mushkul.

Fermer do‘stim bor, yaqin o‘tmishda egnidan oxori qochgan, yirtiq-yamoq ko‘ylak-shim arimasdi, kunda, kunosha tanishlaridan qarz ko‘tarib, bir amallab ro‘zg‘or tebratardi, kun bo‘yi dalada ter to‘kib biri-ikki bo‘lmasdi. Mustaqilligimizning ilk yillaridayoq o‘z fermer xo‘jaligini ochgandi.

Quyosh tuhfa etgan tong!..

U bilan uchrashib qoldim, egnidagi kiyimlariga havasim keldi, “dehqon ham ziyolidek kiyinsa bo‘larkan-ku”.

– Viloyat markaziga ketayapman, moshina olmoqchiman, – dedi u.

– Muborak bo‘lsin, qanaqasidan?

– Albatta, o‘zimizda ishlab chiqarilganidan – “Neksiya”.

– Bu baxtga qanday erishding?

– Istiqloldan aylanay, tadbirkorga qanot berdi, ishlagan yaxshi yashaydigan zamonlar keldi…

Men shu zaminda yashayotganim, omon-omon kunlarga yetganim uchun qayta-qayta shukrona o‘qiyman.

Darvoqe, o‘tgan yili oilamizdan ikki kishi – kichik akam va opam har bir mo‘min-musulmonga farz etilgan muqaddas haj safarini ado etib qaytish baxtiga muyassar bo‘lishdi.

– El omon kunlarga yetmaganimizda shunday ulug‘ joylarga borish nasib etarmidi, – deydi Orif hoji akam. – Gapning ochig‘i, boshqa bironta mamlakat hojilariga ham biz singari shart-sharoitlar yaratib berilmagan ekan.

– Bir kuni hojilar orasida adashib qoldim, – deb eslaydi Go‘zal hoji opam. – Hamma bir xil libosda, orqasidan kimning-kim ekanligini ajrim etolmaysan. Eh-hey, bu safda kimlar yo‘q deysiz, habash ham bor, zanji ham bor, arab ham bor, lekin qancha qidirmayin, tanish chehra uchratolmadim. Ikki soatlar chamasi o‘tgach, yuragimga g‘ulg‘ula tushib boshladi, nahot begona tuproqda adashib qolsam. Shu payt bilasizlarmi, olisdan nimaga ko‘zim tushdi?

– Nimaga?

– Baland bino ustida hilpirab turgan Vatanimiz bayrog‘ini ko‘rib qoldim. Yurt tuprog‘ining bir parchasiga yetishganday bo‘ldim, ko‘zlarimdan tirqirab yosh chiqdi. Qadrimni-qiymatimni baland etgan, orqamda tog‘dek tayanch bo‘lib turgan Vatanim borligidan qalbim quvonch tuyg‘ulariga to‘ldi.

Abdunabi ABDIYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: