Farzandim tunda peshobini tuta olmaydi
4-sinfda o‘qiydigan farzandim tunda peshobini tuta olmaydi. Men uni nevropatolog ko‘rigiga olib borganimda, u tegishli dorilarni yozib berdi. Dorilarni ichgandan so‘ng ma’lum vaqt o‘g‘limda bu holat ro‘y bermadi. Ammo hozirda ushbu xastalik qayta takrorlanmoqda. Qanday chora ko‘rsam bo‘ladi, menga maslahat bersangiz.
Gulbahor DILSHODOVA
Tohir IBRAGIMOV,
tibbiyot fanlari doktori,
professor
– Tibbiyotda bunday xastalik enurez deb nomlanadi. Eng avvalo, bemorni to‘g‘ri davolash uchun unga aniq tashxis qo‘yish lozim. Xastalikning kelib chiqish sabablari turlicha, ya’ni bunga mikroblar, toliqish, ruhiy va jismoniy jarohatlar, qo‘rquv, siydik yo‘lidagi yakunlovchi mushaklarning bo‘shashuvi va boshqa sabablar bo‘lishi mumkin. Doimiy va qisman peshob tuta olmaslik hamda tungi enurez bir-biridan farq qiladi, albatta.
Farzandingizni urologga olib borishingiz va shifokor tavsiyasi bilan peshobining umumiy tahlilini qilishingiz kerak bo‘ladi. Tahlil natijalariga ko‘ra shamollash belgilari aniqlansa, bemordagi bu asoratlarni antibiotikaterapiya qilishga ehtiyoj tug‘iladi. Muolajadan so‘ng bemor yana peshobning umumiy tahlilini tekshirtiradi. Agar shamollash alomatlari yo‘qolgan bo‘lsa, unda shifokor maslahati bilan enurezni davolash kerak.
Shu qatorda bu dardni xalq tabobati bilan ham davolash mumkin. Nortosh O‘ljaboyevaning “Xalq tabobati xazinasidan javohirlar” kitobida inson salomatligini saqlash, kasalliklarning oldini olish hamda davolashning an’anaviy usullari va tavsiyalari yoritilgan.
Masalan, jiyda mevasining qaynatmasidan kuniga uch mahal 100 grammdan 5 kun ichilsa, enurezga yaxshi foyda qiladi. Shuningdek 2 bog‘ isiriqqa bir chelak suv quyib, 25 daqiqa mil-mil qaynatiladi. Keyin tog‘oraga quyib, shu suvga 30 daqiqa o‘tiriladi. Ushbu muolaja 20 kun davomida uyquga yotishdan oldin qaytarilishi lozim. Isiriqli suvdan keyin boshqa suvda cho‘milmaslik kerak.
Shuningdek, echki yog‘i qovug‘i bo‘sh bolaning ostidan tutatilsa, qovuqni mustahkamlaydi.
Ukrop urug‘idan bir osh qoshig‘i ustiga bir stakan qaynoq suv quyib, 2-3 soat damlab qo‘yiladi. Tayyor bo‘lgan damlamani bir mahal bir stakandan ichiladi. Bunday damlama turli yoshdagi bemorlarni mazkur xastalikdan qisqa vaqtda davolashi mumkin ekan.