Quyoshga qarab yashash saodati

Xalqimizda bir gap bor: bolaning qo‘llarini bo‘sh qo‘ymang, biriga non bering, ikkinchisiga kitob. Ayni shu naqlni bugungi kunimiz bilan muvofiqlashtirsak, ham ma’nan, ham jismonan sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishdek ezgu maqsadimizga hamohang yangraydi.

Yozuvchi Nazar Eshonqul bilan bo‘lgan suhbatimiz kitobning kattalar va bolalar hayotidagi o‘rni haqida kechdi.

– Yerning ba’zi olis nuqtalarida odamlar ibtidoiy jamoa ko‘rinishida yashashadi. Ular tezda yoqalashib, bir-biriga qasd qilishar ekan. Na murosa bor, na madora. Sizningcha, ularning ongida nima yetishmaydi?

– Savolingizning tagida “Ular kitob o‘qimagan” degan javobning o‘zi bo‘rtib turibdi. Kitobsiz xalq – bu madaniyatsiz xalq, madaniyatsiz elat, madaniyatsiz qavm. Hayotlarida kitob paydo bo‘lmas ekan, ular siz aytgan jaholat botqog‘iga botib yotaverishadi. Usiz millat – jaholatga g‘arq bo‘layotgan millat, jaholatga g‘arq bo‘layotgan xalq. Jamiyat qanchalik taraqqiy etgan bo‘lmasin, kishilar kitob o‘qimay qo‘ysa, uning tanazzuli boshlanadi. Agar dinlar tarixiga nazar solsangiz, insoniyatni jaholatdan, siz aytgan qavmlar kabi yashashdan qutqarish uchun kitoblar tushgan. Boshqa narsa emas, aynan kitob tushgan. Bu yerda ramz, ishora, timsol bor. Insonni faqat kitob va unga asoslangan ma’naviyat qutqarishi azaldan uning peshonasiga yozib qo‘yilgan. Faqat kitob odamzotni biologik jonivordan idrokli mavjudotga aylantira oldi. Uning timsolidagi madaniyat insoniyatning butun taraqqiyot sarhadlarini yoritib turibdi. Aslida kitobsiz madaniyatning, madaniy ongning o‘zi yo‘q. Kitob tushunayotganimizni to‘g‘ridan to‘g‘ri bosma kitob deb tushunmaslik kerak. U men uchun insonni iloh bilan bog‘lab, unga oliy haqiqatga boradigan yo‘lni ko‘rsatib turuvchi barcha narsa. Hatto xalq og‘zaki ijodi ham aslida kitob. Faqat shakli og‘zaki. Bu og‘zaki kitob minglab yillar insoniyat uchun biz bugun nazarda tutayotgan kitob vazifasini o‘tagan va uni madaniyat, ong, taraqqiyot sari yetaklab kelgan. Yozma shakli paydo bo‘lgach esa inson jaholat ustidan g‘alaba qilishi aniq bo‘lib qoldi: boshqacha aytganda, insonga jaholat ustidan zafar qozonish quroli berildi. Faqat u bu qurol kuchidan to‘la foydalanyaptimi, yo‘qmi, bu boshqa masala. Muhimi, insonda jaholatdan, yovuzlik, xudbinlik, zulm, mahdudlik, badbinlik, ong zulmatidan qutulish quroli bor. Bu – kitob. Afsuski, bu quroldan bugun har kim har xil maqsadda foydalanayapti.

Tasavvur qiling, inson tafakkuridan kitobning ulushi tortib olinsa, u nimalar haqida o‘ylashi, so‘zlashi mumkin? Shunday hol ro‘y bersa, odamlar bugun ham o‘sha ibtidoiy davrda yashab yurgan hayvondan juda kam farq qilgan, tabiiyki, o‘y-fikri, kechinmalari, mayli, ehtiyoji, gap-so‘zlari ham shunga yarasha bo‘lardi. Kitob ilohdan kuch olishga o‘rgatadi, ruhni tarbiyalaydi, odamni o‘z jismidan uzib, osmonga, koinotga yaqinlashtiradi. Uning tafakkuriga, idrokiga qanot va quvvat beradi. Kitob nuri yoritmagan ong esa faqat jism, faqat qorin haqida o‘ylaydi. Kitobsizlik – yovvoyilik, yovvoyilik bilan yonma-yon, birga yashashdir.

Yana o‘qing:  Tarbiya hamjihatlik talab etadi

Keksa avlod “Kompyuterlar bo‘lmasa edi, yana odamlar kitobga qaytardi” deyishadi. Bugunning odami esa: “Nimalar deyapsiz, kompyuter butun koinotni boshqaryaptiku” deydi.

– Bu bahs emas, shunchaki bir-birini tushunmaslik yoki bir-birini tushunishdan qochish. Har ikki tarafning ham o‘z asoslari bor. Biroq gap shundaki, kompyuter kitobni siqib chiqargani yo‘q, kitob o‘qishni yengillashtirdi, kitob o‘qishga, kitobni anglashga imkoniyatni kengaytirdi. Bugungi oddiy bir planshet men uchun butun boshli kutubxona. Unga jo bo‘lgan kitob ilgari katta bir binoga joy bo‘lardi. Gap kompyuterda emas, gap ehtiyojda. Kompyuter ko‘paygani, yanada takomillashayotgani emas, kitobga ehtiyoj yo‘qolayotgani xavotirli. Kompyuter inson qo‘lidagi vosita. Undan har kim har xil foydalanadi. Oshxonadagi pichoqdan kimdir oshxona uchun, boshqa bir kimsa qabihlik yo‘lida foydalanishi mumkin. Ayb kompyuterda emas, o‘zimizda.

Ushbu zamonda ikki avlod vakillarining qarashlari to‘qnash turibdi. Ikkisining ham o‘z tarjimai holi bor. Shu kungacha yetishgan faylasufning ham, olimning ham kundaligini varaqlang: barini kitob katta qilgan. Bugungi avlodni esa kompyuterlar ulg‘aytiryapti.

– Men yoshlarning biz ko‘nikkan shakldagi bosma kitobni o‘qimayotganini hadeb yuziga solish, shundan katta fojea izlashga unchalik qo‘shilmayman. Kompyuter ham aslida kitob. Bosma shakldagisida ham, kompyuter shaklida ham kitobning yovuzlikka o‘rgatadigani, yo‘ldan ozdiradigani, insonni shafqatsiz qiladigani bor. Bunga tarix ko‘p bora guvoh bo‘lgan. Lekin ota-bobolarimiz kitobni muqaddas bilishgan va avlodlarga insonning ruhini, qalbini tarbiyalaydigan, ezgulikka boshlaydigan kitoblarni o‘qishni vasiyat qilishgan, shunday kitoblar mutolasi insonni kamolotga yetishtiradi deb bilishgan. Kompyuterda shafqatsiz o‘yinni ko‘rayotgan, shu o‘yin ruhida tarbiyalanayotgan bola aybdormi yoki shunday o‘yinlarni mamlakatimizga bolalarimiz o‘ynasin, deb olib kirayotgan, shundan moddiy manfaatdor bo‘lgan, shu manfaatdorligi orqasida butun boshli millatning, xalqning o‘zligini, kelajagini, ma’anaviyatini xatarga ro‘baro‘ qilayotgan kattalarmi? Pul, tijorat uchun qon to‘kish, shafqatsizlik, yovuzlik targ‘ibotiga “bel bog‘lagan”, shunday ko‘nikmalar paydo qiladigan o‘yinlarni olib kirayotgan “tadbirkor”larning qirg‘inga undovchi kitoblarni targ‘ib qiladiganlardan qanchalik farqi bor. Bugun Internet klublarga qarang, ular qaysidir ma’noda bugunning kutubxonalari. Zamon shunday. Ular vizual kutubxonalar, aslida. Bugunning bolasi dunyoni harflar orqali emas, vizual tasvirlar, manzaralar orqali anglashga ko‘proq ehtiyoj sezayotgan bo‘lsa, bundan fojea yasash unchalik to‘g‘ri emas. Aksincha, biz, bolalar kelajagi uchun mas’ullar unga shu shakldagi “kitoblarni” taqdim etishimiz kerak. Lekin u sizu bizni tarbiya qilgan kitoblarning vizual shakli bo‘lsin. Men uchun gap shaklda emas, gap mazmunda, g‘oyada. Kitob bolada ezgulik bilan yovuzlik, yaxshi bilan yomon, oq bilan qora, mardlik bilan nomardlik, adolat bilan xiyonat chegaralarini ko‘rsatib, uning didini, ko‘nikmasini, ruhini tarbiyalaydi. Nima, bugun shunday ruhda tarbiyalaydigan kompyuter asarlari yo‘qmi? Bor. Bolalarimiz ana shunday “asarlarni” o‘qib, o‘zlarining didlarini, tushunchalarini shakllantirayotgan bo‘lsa, men baribir xursand bo‘laman. Bunday boladan yomon bola, yomon odam chiqmaydi. Uning didi ham bosma kitob o‘qigandan kam shakllanmaydi. Faqat ular nimani o‘qishyapti, nima ko‘rishyapti, nimadan tarbiya olishyapti? Ularning qo‘liga bosma shakldami, vizual shakldami, yomon kitob tushib qolmadimi?! Shunday kitob tushib qolmaslikka kim mas’ul?! Gap mana shunda.

Yana o‘qing:  Cho‘lda daromadning chorasini topgan azamat

– Adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov bir suhbatida bolaligini shunday xotirlaydi:

“5-6 yoshlarimda cho‘milishni yaxshi ko‘rar edim-u, suzishni bilmas edim. Bir kuni bolalar qiyqirishib cho‘milib yurgan anhorni ko‘rdim-u, yugura kelib o‘zimni suvga otdim. Anhor chuqur ekan. Tabiiyki, cho‘ka boshladim. Katta bolalar bir amallab qirg‘oqqa olib chiqib qo‘yishgan. Mening kitoblar olamiga kirib kelishim ham shunga o‘xshash tarzda sodir bo‘lgan. Hali o‘qishni o‘rganib-o‘rganmas, o‘zimni kitoblar ummoniga otganman. Bu ummon ham chuqur ekan, lekin buni qarangki, bu ummonda cho‘kmay hanuz suzib yuribman”.

Bunday dilbar o‘tmishni bugunning avlodi ham yashay olarmikan?

– Yuqorida aytdim, bugungi avlodni ayblashdan qochaman. Ertaga uning ham dilbar xotiralari bo‘lishiga ishonchim komil. Biz o‘z qarichimiz bilan ularning dunyosini o‘lchamaylik. Bugun olam o‘zgargan. Bugun axborot olish, his qilish, zavq olish darajasi, shakli o‘zgardi. Men ertaklar o‘qib, tarbiya olganman, didim, ruhim shunga yarasha shakllangan. Yaqinda kompyuter orqali dunyoni ko‘radigan o‘n ikki yashar va to‘qqiz yashar jiyanlarim bilan savol-javob qildim. Ularning qarashlari mening shu yoshdagi qarashlarimdan ko‘ra ancha keng, ancha chuqur. Ezgulik haqidagi tushunchalariga ham putur yetmagan. Faqat tasavvur shakli o‘zgargan. Ularning bu borada o‘z qarashlari, o‘ziga xos qabul qilish usullari bor. Faqat ular bizga qaraganda juda realist. Bosma yoki bugungi vizual “kitoblarni” o‘qiydimi, gap bunda emas, gap har ikki holatda ham qalbni, ko‘ngilni, insonni, uning o‘zligini saqlab qolish va shuning uchun kurashga hozirlanishida. Agar viziual kutubxonalar ham shunday tarbiyalasa, kompyuterlardan qo‘rqishga asos yo‘q.

– Qiziq, umrida kitob o‘qimagan ikki kishi uchrashib qolsa, nima haqida suhbatlashar ekan-a? Dov-daraxtlar, hayvonot olami, dunyoning yaralishi haqidami? Yo‘q, bular ham ilm-ku, deyman. Bo‘lmasa nima haqida?

– Suhbatimiz ramziy ma’nodagi kitob tushunchasi haqida boryapti. Bu fikrni savodi yo‘q, ya’ni harf tanimaydiganlar bilan chalkashtirmaslik kerak. Kitob yaralgandan so‘ng ham, hozir ham millionlab odamlar savodsiz, o‘qish-uqishdan bebahra yashashgan, yashashyapti, biroq ular siz bilan biz gaplashayotgan kitobdan holi odamlar emas. Ular kitob yaratgan madaniyat, axloq, tushuncha, qarashlar asosida tarbiya olishgan, olishmoqda.

Kitob degan tushuncha bu ramziy tushuncha. “Kitob” deganda odamning qalbi va ruhini poklaydigan, unga qanot beradigan, uni olamiy uyg‘unlikda tarbiyalaydigan, insonni, olamni sevishga o‘rgatadigan, chorlaydigan, da’vat qiladigan, insonni shafqatga, halollikka, mardlikka, adolatga, mehrga, muruvvatga, ezgulikka undaydigan barcha narsalar tushuniladi. Men tog‘li qishloqda tug‘ilganman. Tog‘da bolaligi urush yillariga to‘g‘ri kelgan, shu sababli o‘qiy olmagan juda ko‘p qariyalar bor, ularning savodlari haminqadar edi. Ammo ularning e’tiqodi, qarashlari, tushunchalari kitob o‘qigan odamlardan hech qanday kam emasdi: ularga haligacha havas qilaman. Ular mening nazarimda, tug‘ma kitobga, tug‘ma madaniyatga, tug‘ma kamolotga o‘xshashadi. Chunki ular kitob yaratgan an’analar, qadriyatlar, madaniyat va ahloq asosida tarbiya topishgan. Ularning bir-biri bilan muloqotini eshitsangiz, faqat zavq olasiz, ularning o‘zlari biz o‘qishimiz, o‘rganishimiz kerak bo‘lgan butun boshli kitobga o‘xshaydi. Ularning ko‘ngliga jaholat uya qurolmagan, ularning mehru oqibatlari, ko‘ngillari, hayotga, insonga qarashlari oldida jaholat ham uyalgan. Kitob o‘qiganning ham, o‘qimaganning ham ko‘ngliga jaholat uya qursa, bu juda yomon, bu xatarli. Farq shundaki, kitob o‘qimaganning, hech qursa, kitob yaratgan madaniyatni, axloqni, an’analarni, fazilatlarni o‘ziniki qilmaganning qalbi bo‘sh idish bo‘ladi, uni jaholat birdan to‘ldiradi.

Yana o‘qing:  Hunardan naf yelga emas, elga

– Kitob o‘qib o‘tirgan odam qiyofasi. Xoh uni kuzating, suratdan tomosha qiling, baribir zavqingiz ortadi. Chin halovatni ko‘rasiz.

– To‘g‘ri. Menda German Gessening katta kitob javoni oldida kitoblarga havas bilan qarab turgan surati bor. Ba’zida shu suratga negadir uzoq tikilib qolaman. Menga nimadir gapirayotgandek bo‘ladi. Kitob o‘qiyotgan odam o‘zini va o‘zgalarni xalos qilishni, poklashni o‘ylayotgan, shuning yo‘lini izlayotgan odam. Unga havas qilsa, uni tomosha qilsa, uning izidan ergashsa bo‘ladi. Kitob izidan ergashganning yo‘li ham baribir oydin bo‘ladi. Chunki kitob zulmatga qarab emas, quyoshga qarab yashashni o‘rgatadi.

Bobur ELMURODOVsuhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: