Bir tadbirli ming kishini boy qilar
Men Urganch shahridagi “Tozabog‘” mahallasida diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi bo‘lib faoliyatimni boshlagach, hududimizda joylashgan “Taraqqiyot” ayollar va yoshlar markazi hamda “Mansura-nur” o‘quv markazi bilan hamkorlikda samarali ishlarni yo‘lga qo‘ydik. Xususan, ayollar bandligini ta’minlash maqsadida markaz rahbari Dilbar Bekchanova bilan maslahatlashdim. U mahalla ayollarini bichish-tikish, biser to‘qish, kashtachilik, shuningdek, qandolatchilik mahsulotlari tayyorlash sirlarini o‘rgatishi, qolaversa, bandligi ta’minlanmagan ayollar uchun bepul kurslar tashkil qilib, ularga kasb-hunar o‘rgatish rejasi borligi haqida gapirdi.
Bu bizga juda qo‘l keldi. “Taraqqiyot” ayollar va yoshlar markazi tomonidan ishlab chiqilgan loyiha asosida 2012 yilda mahallamizdan 150 nafardan ziyod xotin-qiz bepul kasb-hunar o‘rgandi, o‘quv-seminarlarida faol qatnashdilar. Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat va notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan edi. Hunar o‘rgangan hamda “Biznesni qanday boshlamoq kerak?” mavzusida saboq olgan ko‘pchilik ayollar o‘z tadbirkorlik faoliyatini tashkil etdi. Ayrimlari uyida turli pishiriqlar pishirishni, ba’zilar esa chevarlik qilib, mahalladoshlari hojatini chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.
2013 yil mahallamizda va unga yaqin hududlarda joylashgan umumta’lim maktabi, akademik litsey, kasb hunar kollejlari va Urganch Davlat universiteti filiallarida mutaxassislar bilan hamkorlikda “Erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish” mavzularida tadbirlar o‘tkazdik.
Yil yakunida esa “Milliy kalom, milliy taom, milliy libos” mavzusida qizlar tanlovi o‘tkazildi. Bu tanlovda maktab, akademik litsey hamda kasb-hunar kolleji o‘quvchilari va Urganch davlat universiteti talabalari qatnashdi. Ko‘rik-tanlovda qizlarning markazda olgan bilimlari yaqqol namoyon bo‘ldi.
Gulora ISMOILOVA,
Xorazm viloyati