HAVAS
Sharofat opa qiziga yangi ko‘ylak olib bermoqchi bo‘ldi. Ular shaharga yo‘l olar ekan tirband avtobusda o‘tirgan o‘spirin yigit darhol o‘rnidan turib Sharofat opaga joy berdi. – Rahmat o‘g‘lim, umringdan baraka top,– onaxonning alqashidan biroz o‘ng‘aysizlagan yigit, “arzimaydi”, deb qo‘ydi. – Qizim mana bu pulni chiptachiga berasan,– onasining uzatgan pulini olgan Nigora odamlar orasidan alanglab chiptachini qidirdi. Chipta sotayotgan yigit kelib Nigoradan 700 so‘m pul so‘rab, negadir Sharofat opani ko‘rmasdan o‘tib ketdi. Avtobusdan tushayotganlarida – Yo‘l haqimizni berdingmi qizim,– deya so‘ragan Sharofat opaga Nigora yelka qisib chiptachi mendan yetti yuz so‘m pul oldi, boshqa so‘ramadi,– deb javob berdi. – Voy, men uchun bermabsan-ku, mana bu pulni uzatib yuboringlar, avtobusdan tushayotgan odamlarga halaqit bermaslik uchun o‘zini chetga oldi onasi. Yo‘lda ketayotganlarida Nigora onasining birdan xomush tortib qolganini ko‘rib labini tishladi. Onasining unga ko‘ylak olib berayotganida ham, uyga qaytish uchun avtobus bekatiga kelganlarida ham chiroyi ochilmaganini ko‘rib, – Oyijon bilmabman, meni kechiring, dedi astagina shivirlab.
– Qizim har bir kasbning o‘z mashaqqati bo‘ladi, agar yo‘l pulini to‘lamaganimizda shofyor amakingni haqiga xiyonat qilgan bo‘lardik. Xatoingni tushunganing yaxshi, boshqa bunday qilmagin,deya qizining sochlarini silab qo‘ydi Sharofat opa. Boshini quyi solgan Nigora ich-ichidan oyisiga havas qilib borardi.
Farida MELIBOYEVA,
Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi 43-maktabning 7-sinf o‘quvchisi