“Afandining gapi to‘g‘ri…”

Kompaniyadagilar “ob-havochi”mas

Afandining telefoni jiringladi. Kelgan xatni o‘qib bo‘lgach, u xotiniga aytdi:

– “Toqqa chiqaylik, toqqa chiqaylik deysan”, mana, shu oyning 24-29 sanalarida tog‘li hududlarda qor ko‘chishi mumkin ekan.

– E, dadasi, qiziq-qiziq gaplarni aytasiz-a?! Bugun sana o‘ttizinchi-ku!

– E, o‘rgildim sendan. Mobil kompaniyadagilar “ob-havo”chimidiki, ma’lumotni vaqtida yetkazib bersa!?

Saxiyligimni bilib qo‘ysin

Dasturxonga palovxonto‘ra tortilgandi hamki, eshik taqilladi.

– Jim, televizorni o‘chir, – dedi afandi ko‘rsatgich barmog‘ini labiga bosib. – Hoyna-hoy, qo‘shni qarzini so‘rab chiqqandir.

– Hovlining emas, xonaning eshigi taqillayaptiku, dadasi, – dedi xotini hayratomuz ohangda.

Bu gapdan qaddini g‘oz qilgancha, afandi xotiniga baqirdi:

– Odam faqat o‘zi yemay bundoq boshqalarga ham ul-bul ulashib turishi kerak. Bor, eshakning yemini ber. U ham saxiyligimni bilib qo‘ysin!

Qulog‘i tom bitib qopti

O‘choq boshida kuymalanib yotgan xotiniga Afandi hasratini to‘kdi.

– Eshmatning o‘g‘lini aytaman-da! Yosh holidan qulog‘i tom bitib qopti.

– Yo‘g‘-e, baqirtirib qo‘shiq eshitishidan bir balosi borligini sezgandim-a, – dedi xotini boshini sarak-sarak qilib. – Yoshgina bola… Do‘xtirlarga ko‘rinsa bo‘lmasmikan-a!

– Ko‘ringan shekilli. Ixchamgina, zamonaviy apparatidan o‘rnatib olgan. Ammo ta’sir qilmabdi. Ko‘p qo‘shiq eshitgani uchun miyasiga o‘rnashib qolgan. Yaqiniga borsam, qulog‘idan musiqa ovozi yangrayapti.

Bu yerda to‘xtash mumkinmas

Afandi yangi Matizida xotini bilan shaharga otlandi. Mahalla guzari oldidan to‘xtamay o‘tib ketdi.

– Dadasi, guzar oldida to‘xtamay chakki qildingiz-da. Do‘stlaringiz, qolaversa oqsoqol ham bor ekan. Endi nima deyishadi?!

– Shu, ayol kishi jim o‘tirsa-da. Yo‘l patrul xizmati xodimlariga hujjatimni topshirib, kulguga qolishimni xohlaysanmi?

– E, qishloqning o‘rtasida ular nima qiladi? – dedi Afandining xotini ranjigannamo ohangda.

– Bormi, yo‘qmi, qoidaga rioya etish kerak. Oqsoqolda ham, do‘stlarimda ham mashina yo‘q. U yerda to‘xtash mumkin emasligini ular bilishmaydi.

Dadam faqat sizni bilarkan, de

– Dada, tovuq oldin paydo bo‘lganmi, tuxum, – Afandidan so‘radi o‘g‘li.

– Qaydam, men tug‘ilganda ikkisi ham bor edi. Yaxshisi, o‘qituvchingdan so‘rab ko‘r.

– O‘qituvchim “Otangdan so‘ra, u Afandi. Har baloni biladi”, dedi.

– Yo‘g‘-e, shunday dedimi?! Unda o‘qituvchingga dadam faqat sizni bilarkan, deb qo‘y.

Yana o‘qing:  Askarlar uyga qaytdi

Mahorat ham shunchalik bo‘ladimi?!

– Dadasi, dadasi, – dedi darvozadan kirish bilan Afandining xotini bo‘g‘ziga tiqilgan nafasini ichiga yutib. – “Kimsan Abdirayimday mashhur hofiz she’rimni qo‘shiq qildi”, degandingiz. Bundan yigirma yil oldin chiqqan kitobda o‘sha she’r bor ekan.

– Qani, menga ber-chi! Voy ablahlarey. Ular shunchalik mahoratli bo‘lib ketishibdiki, o‘sha paytda ko‘nglimdan o‘tkazganimni shartta o‘g‘irlab, kitobga ham chiqarishgan ekan. Shuni aytadilar-da, bugungi ishni ertaga qo‘yma, deb.

Bahodir BAHROM

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: