Chaqaloqqa dabdaba kerakmi?

Yaqinda bir dugonamning farzandli bo‘lganini eshitib, xabar olgani tug‘ruqxonaga bordim. Darvozaga yaqinlashgach, manzildan adashdimmikin, deb taraddudlanib qoldim: kiraverishda zarbof to‘nlar kiyib saf tortgan musiqachilar zo‘r berib karnay-surnay chalmoqda. Bu holatning tasodifan guvohi bo‘lganlar to‘yxonaga kelib qolmadimmikin, deb o‘ylashlari mumkin.

Ichkaridan chaqaloq ko‘targan kelin-kuyov musiqa sadolari ostida chiqib kelishdi. Eng qizig‘i tug‘ruqxona darvozasi oldiga yasatilgan ot arava keltirishib, chaqaloq bilan onani sayr qildirishdi, suratga olishdi. Nihoyat kuyov tomondan ikkita, kelin tomondan ikkita mashinadan “kutib oluvchilar” jamoasi tushib, yosh ota-onani tabriklash “marosimi”ni o‘tkazishdi. So‘ngra avtoulovlar birin-ketin quloqni qomatga keltiruvchi signallarni chalib qatorlashib yo‘lga tushdi. Ana tantanayu, mana dabdaba!

Tug‘ruqxonada tug‘ruq og‘ir o‘tgan ayollar, tug‘ishdan oldin davolanishi kerak bo‘lgan bemorlar bor. Bu yerda tez-tez takrorlanadigan bunday shovqin-suronlar ularga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Dugonamning aytishicha, yangi tug‘ilgan qiz chaqaloqlarni kelin ko‘ylakda, o‘g‘il bolalarni kuyov libosida olib chiqish urf bo‘layotganmish. Bu ham yetmagandek chaqaloqlarning bo‘yniga tilla zanjirli so‘rg‘ich taqib chiqarishayotgan emish. Bu o‘zini ko‘z-ko‘z qilishdan o‘zga narsa emas. Bachkana odatlarni ko‘rgan ba’zi odamlarning ensasi qotsa, ba’zilarning ko‘nglidan “Falonchi tug‘ruqxonadan xotinini hammaning havasini keltirib olib chiqdi”, “Chaqaloqqa tilla zanjirli so‘rg‘ich taqdi, biz ham shunday qilamiz” degan kaltabin havas o‘tadi.

Yangi tuqqan ayol go‘dagi bilan chillali hisoblanadi. Ayni shu kunlarda onaning ham chaqaloqning ham sog‘lig‘iga jiddiy e’tibor qaratish lozim. Bizda esa uyida “qovurdoq”qa kelgan mehmonlar kutib turishadi. Qizning onasi qovurdoq bahona tog‘oralar “karvoni”ni qalashtiradi. Bir yo‘la “sarpolar namoyishi” ham o‘tkaziladi. Endi tug‘ilgan chaqaloqqa 5 yoshga to‘lguncha yetgulik kiyim-kechagiyu, beshik, aravacha, belanchagidan tortib o‘yinchoqlarigacha muhayyo qilishadi. Buning ustiga nevarali qizning urug‘-aymog‘igacha boshdan oyoq sarpo ulashiladi. Qizini kuzatib, qarzlaridan qutilishga ham ulgurmagan ota-ona bir yil o‘tar-o‘tmas yana chiqim qilishga majbur. Axir urf-odat shunday. Hali oldinda beshik to‘yi, xatna to‘ylariniku aytmasa ham bo‘ladi.

Ota-bobolarimizdan bizgacha yetib kelgan urf-odat va marosimlarda o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Ammo yuqoridagi kabi yangi “urf”lardan biron ma’no anglaysizmi? Yo‘q. Barchasining zamirida dabdabaga o‘chligu, manmanlik yotibdi. Zero manmanlik va kibr-havo hech kimni saodatga yetaklagan emas.

Yana o‘qing:  “Afandining gapi to‘g‘ri...”

Saodat QAHHOROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: