Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!
O‘zbekiston davlat konservatoriyasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari, Xalq ta’limi vazirliklari, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida “Navro‘z sadolari” xalq cholg‘ulari orkestrlari va ko‘p ovozli ansambllarning VII respublika festivali bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan ellik sakkizta jamoa qatnashib, umumiy ishtirokchilar soni ming nafardan oshdi. Bu yilgi festivalning avvalgilaridan farqi, unda maktabgacha ta’lim muassasalari bolalar ansambllari ham ishtirok etdi.
Festival davomida musiqiy cholg‘ular ko‘rgazmasi tashkil etildi, ansambl va orkestrlarning konsert dasturlari bo‘lib o‘tdi. Bolalar folklori, raqs san’ati, bolalar va o‘smirlar xor jamoalarining ijrochilik mahorati, cholg‘u sozlar ansambllarining chiqishlari tomoshabinlarga manzur bo‘ldi.
Tanlovda turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarga diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘z muxbirimiz
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Navro‘z bayrami uyushqoqlik bilan o‘tkazildi.
Xususan, geografiya fakultetidagi tadbirda “Geograf o‘lkashunos” to‘garagi a’zolari hamda ushbu fakultetning birinchi bosqich iqtidorli talabalarining chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, fakultetlararo bo‘lib o‘tgan bellashuvda geografiya fakulteti talabalarining sahna ko‘rinishlari alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi. Taniqli san’atkorlarning chiqishlari, talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan sport musobaqalari ham bayramga o‘zgacha shukuh baxsh etdi.
Dilshoda ABDULLAYEVA,
O‘zMU talabasi
Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan Angren shahridagi 34-sonli ixtisoslashtirilgan maktab internatida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Angren shahar tayanch maskani bilan hamkorlikda rasmlar ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
– Ko‘zlarida mehr porlab turgan bolalarni ko‘rib beixtiyor to‘lqinlanib ketaman, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Angren shahar tayanch maskani direktori Sakina Pashakulova. – Negaki, bu yosh musavvirlar tabiatni o‘zining beg‘ubor nigohlari bilan tasavvur qiladilar.
O‘quvchilar tomonidan chizilgan rasmlar “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Angren shahar tayanch maskani vakillari tomonidan munosib baholanib, jajji iste’dod egalariga fond tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bektosh ISMOILOV
Yaqinda Termiz shahridagi 12-sonli “Mehribonlik uyi”da Navro‘z ayyomiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtdan kelgan taniqli san’atkorlar hamda Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi ekspertlari ishtirok etgan tadbir “Mehribonlik uyi”da tarbiyalanayotgan o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Navro‘z – azal-azaldan, tabiat uyg‘onishi, sharqona yangi yil debochasi, ma’naviyatimizning uzviy qismiga aylanib ulgurgan eng qadimiy, asl milliy bayram ekanini ta’kidladi.
Ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Z.Mamatqulova