DILLARNI TUTASHTIRGAN MANZILLAR

Yurtboshimizning “Savob ishni har kim, har kuni qilishi kerak”, degan purma’no so‘zlari bugun aslo dolzarbligini yo‘qotgan emas. Bu so‘zlarni o‘zlari uchun dasturilamal qilgan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi va uning hududiy bo‘limlari mana bir necha yildirki, aholini ijtimoiy muhofaza qilish borasida juda ko‘plab ibratli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Jamg‘arma Janubiy Koreya, Germaniya, AQSH kabi dunyoning rivojlangan davlatlari bilan hamkorlikda ko‘plab bemor bolalarni, kam ta’minlangan oilalar farzandlarini chet ellardagi nufuzli kasalxonalarda bepul davolatishdan tortib, mamlakatimizning chekka hududlaridagi aholiga tibbiy maslahatlar va kerakli dori-darmonlar yetkazib berishdek ezgu ishlarni amalga oshirmoqda.

Ana shunday loyihalardan biri bo‘lgan “Salomatlik” poyezdi ko‘p yillardan buyon mamlakatimizning chekka hududlaridagi aholi qatlamini chuqur tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, ularni dori-darmonlar bilan ta’minlash borasida samarali faoliyat olib bormoqda.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan “Salomatlik” poyezdining navbatdagi manzili 2012 yilning 6 oktyabridan 16 oktyabriga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasining olis hududlarida istiqomat qiluvchi aholiga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish hamda kam ta’minlangan oilalarga insonparvarlik yordamlarini yetkazib berish maqsadida, Toshkent – Qoraqalpog‘iston – Jasliq – Toshkent yo‘nalishida tashkil etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasing eng chekka, Qozog‘iston Respublikasi bilan chegaradosh cho‘l hududida joylashgan (Toshkent shahridan 1600 km uzoqlikda) Qo‘ng‘irot tumanidagi “Qoraqalpog‘iston” va “Jasliq” hududlarida istiqomat qiluvchi aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ijtimoiy muhofazaga muhtoj bo‘lgan oilalarga manzilli muruvvat yordami ko‘rsatildi.

Tibbiy ko‘rik “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasining “Salomatlik” tibbiy-sanitariya yordam poyezdi shifokorlari, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialining Tibbiy ijtimoiy patronaj brigadasi mutaxassislari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining malakali shifokorlari tomonidan amalga oshirildi.

– “Salomatlik” poyezdi mutaxassislari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 1837 nafar aholi chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, – deydi jamg‘armaning “Onalik va bolalikni muhofaza qilish” bo‘limi boshlig‘i Jumabek Nurov. – Tibbiy ko‘rik davomida 734 nafar ayollar, ulardan 552 nafari tug‘ish yoshidagi ayollar, 472 nafari bolalar hamda 571 nafar erkaklar, ulardan 116 nafari keksa yoshdagi insonlar, 28 nafari nogironlarni qamrab oldi.

Yana o‘qing:  Afv etilgan yoshlar bilan uchrashuv

Ma’lumki, chekka, ekologik sharoiti noqulay bo‘lgan hududlarda yashovchi aholiga malakali mutaxassislar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatishda zamonaviy tibbiy asbob-uskunlar ko‘magida tekshiruvlarni o‘tkazish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, tibbiy ko‘rik davomida aniq laborator tahlillarga va zamonaviy tekshirish usullariga tayangan holda tashxislar qo‘yildi. Jumladan, 210 nafar aholi EKG tekshiruvi, 1035 ta ultratovush tekshiruvi va 875 nafar aholiga 2625 ta laborator tekshiruvlari o‘tkazildi.

Shuningdek, 86 nafar tug‘ish yoshidagi ayollarga istalmagan homiladorlikning oldini olish uchun turli kontratseptiv vositalaridan foydalanish bo‘yicha maslahatlar berildi.

O‘tkazilgan tibbiy ko‘rik natijalari, jumladan, UTT, flyurografiya va EKG tekshiruvi xulosalariga ko‘ra ambulatoriya va shifoxona sharoitida sog‘lomlashtirilishi lozim bo‘lgan bemorlar ro‘yxati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli hududiy tibbiyot muassasalariga topshirildi.

“Salomatlik” poyezdi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik davomida kasalligi aniqlangan aholi vakillariga ayniqsa, onalar va bolalar, nogironlar hamda muhtoj oilalarga shu joyning o‘zida zaruriy dori-darmonlar, sanitariya-gigiyena vositalari tarqatildi. Shuningdek, aholining tibbiy savodxonligini oshirish, ular orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, reproduktiv salomatlikni shakllantirish, “Ona va bola” skriningi tekshiruvlarining mohiyatini tushuntirish bo‘yicha shifokorlar tomonidan suhbatlar o‘tkazildi. “Sog‘lom oilani shakllantirish”, “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” mavzuidagi tadbirlar, kamqonlikning oldini olish, bo‘qoq kasalligining oldini olish bo‘yicha o‘tkazilgan davra suhbatlari aholi o‘rtasida katta qiziqishga sabab bo‘ldi. “Jasliq” va “Qoraqalpog‘iston” qo‘rg‘oni aholisi orasida, umumta’lim maktablarida, 2 ta temir yo‘l stansiyasi hamda ovul fuqarolar yig‘inlarida aholi uchun 6 ta davra suhbatlari tashkil etildi.

– Tibbiyot xodimlari tomonidan “Jasliq” va “Qoraqalpog‘iston” qo‘rg‘onlarida ovul fuqarolar yig‘ini vakillari ishtirokida 194 nafar yosh oilalar va bir yoshgacha farzandi bo‘lgan onalar orasida xayriya tadbiri o‘tkazildi. Tadbir davomida aholiga “Shaxsiy gigiyena”, “Qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh nima uchun xavfli?”, “Skrining tekshiruvini bilasizmi?”, “Turmush qurishda qizlar uchun kerakli maslahatlar» mavzularida bukletlar tarqatildi, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi bosh mutaxassisi Abbos Ergashev.

“Salomatlik” poyezdi mutaxassislari, jamg‘armaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi shifokorlari bilan hamkorlikda Qo‘ng‘irot tumanining ekologik jihatdan noqulay hududida istiqomat qiluvchi aholiga, ayniqsa, ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ularni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida, nogironlar, boquvchisini yo‘qotgan va ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi qatlamlaridan jami 2358 nafar aholiga shundan 300 ta oilaga manzilli tarzda oziq-ovqat mahsulotlari va 2058 nafar aholiga dori-darmon, uy-ro‘zg‘or anjomlari va sanitariya-gigiyena vositalari, poyafzal, kiyim-kechak va boshqa turdagi insonparvarlik yordamlari topshirildi.

Yana o‘qing:  Sog‘liqni saqlashda metrologik ta’minot

Shuningdek, 2358 nafar aholiga va 21 ta tashkilot va maxsus muassasalarga 942,6 ming AQSH dollari va 45,7 mln. so‘m miqdoridagi oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon, tibbiy jihozlar, vitaminga boyitilgan, quritilgan sabzavot aralashmasi, sanitariya-gigiyena vositalari, uy-ro‘zg‘or anjomlari, poyafzal va boshqa turdagi insonparvarlik yordami yetkazib berildi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mamlakatimizda inson salomatligi, aholining ijtimoiy muhofozasi borasidagi ezgu ishlar tobora yuksalib borioqda. Zero, bu yurtda inson – aziz va uning hamisha qadri baland bo‘ladi.

Farhod TOLIPOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: