Erta nikoh – xatarli rishta

– Juda ajoyib to‘y bo‘ldi-da, onasi. Hammaning havasi keldi.

– Ha, nimasini aytasiz! Qizimiz ham, ovsini ham juda chiroyli kelin bo‘ldi. Ammo, dadasi, qizimizni sal erta uzatmadikmikan? Hali yosh, ko‘p narsani o‘rganishi kerak edi.

– E, xotin kalta o‘ylaysan-da. Qadimgilar “Tengi chiqsa, tekin bergin” degan. Qizim yosh deb o‘tirsang, shunday joydan quruq qolardik. Qancha o‘rganish kerak bo‘lsa, qaynonasidan o‘rganib olaveradi.

– Bilmadim dadasi, ishqilib eri bilan bir-birini tushunishsin-da. Ikkisi ham yosh….

Er xotinning o‘zaro suhbati shu zaylda yakuniga yetdi.

Kunlar bir-birini quvlagancha oylar ham o‘tib bordi. O‘tgan vaqt davomida Sayyora goh eridan, goh qaynonasidan shikoyat qilib, bir necha marta uyiga arazlab keldi. Ammo, haqiqiy mojaro Sayyoraning ovsini farzandli bo‘lgandan keyin boshlandi. Qaynonasi, hatto eri ham har kuni uni tanqid qilar, farzand ko‘rolmayotganlari uchun uni ayblardi. Onasi Sayyorani tibbiy ko‘rikka olib borgandan so‘ng masalaning mohiyati oydinlashgandek bo‘ldi. Shifokorlar qizining ona bo‘lishga jismonan tayyor emasligini aytishdi. Ularning ta’kidlashicha, Sayyora ona bo‘lishi uchun kamida ikki yil vaqt kerak…

Ammo, ish ajrimgacha borib yetdi. Oila atalmish muqaddas qo‘rg‘onga darz ketdi. Bunga sabab nima? Aybdor kim? Qizining baxtini o‘ylab, uni yosh bo‘lishiga qaramay turmushga bergan ota-onami yoki hali oilaviy hayotga ham jisman, ham ma’nan tayyor bo‘lmay turib, oila qurishga rozilik bergan yoshlarmi?

Bugungi kunda yurtimizda yoshlar salomatligi, qizlarni turmushga tayyorlash, erta va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning zararli oqibatlari haqida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Ana shunday ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish, oila qo‘rg‘onining mustahkam bo‘lishi yo‘lidagi islohotlar o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatayotir. Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, yuqoridagi singari shoshma-shosharlik oqibatida yuzaga kelayotgan ko‘ngilsizliklar ham uchrab turibdi.

Xalqimizda “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, degan maqol bor. Shunday ekan bolalarimiz salomatligiga barchamiz mas’ulmiz. Zero, bolaning begonasi bo‘lmaydi. Sog‘lom farzand esa sog‘lom onadan dunyoga keladi.

Darhaqiqat, erta nikoh – 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarning turmush qurishlari hisoblanib, statistik ma’lumotlarga ko‘ra bunday oilalarning aksariyati hayotining ikkinchi yoki uchinchi yillaridayoq barbod bo‘ladi. Erta nikoh va uning oqibatlari bugungi kunda o‘ta dolzarb muammo hisoblanadi.

Yana o‘qing:  SIL NASL SURMAYDI

Har yili butun dunyoda milllionlab voyaga yetmagan qizlar erta oila qurmoqdalar. BMTning (UNISEF) bolalar fondi millionlab bolalarning ko‘z yoshlariga sabab bo‘layotgan bunday erta turmushlarga chek qo‘yishni talab qilmoqda. UNISEF tashkiloti ma’ruzasida bayon etilishcha, bir qator mamlakatlarda 18 yoshdan kichik qizlarning erta turmush qurishiga ulardagi milliy-etnik urf-odatlar, kambag‘allik va erta homiladorlik majbur qilmoqda.

Eng achinarlisi, erta turmush o‘z navbatida erta homiladorlikka olib kelib, bu tibbiyot nuqtai nazaridan yosh organizm hayotiga hamda uning organizmida rivojlanayotgan homila shakllanishida yuqori xavf keltirib chiqaradi.

– Erta nikoh qurishning salbiy oqibatlari nimalarda namoyon bo‘ladi? Bu birinchi navbatda yosh kelinchakda homiladorlikning asoratli kechishida ko‘rinadi, – deydi biz bilan suhbatda Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi rahbari Mahmuda Kattaxo‘jayeva. – Kamqonlik, homila tushish xavfi, surunkali kasalliklarning avj olishi, vaqtidan oldingi tug‘ruq, homiladorlik va tug‘ruq asoratlari ayolni nogironlikka yoki nobud bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Tug‘ruq vaqtida chaqaloqning tug‘ma nuqsonlar bilan tug‘ilishi yoki nobud bo‘lishi, gestoz (shishlar, arterial bosimning oshishi) kabi holatlar erta homiladorlik vaqtida ko‘p kuzatiladi. Shu sababdan bizga maslahatga kelgan yoshlarga erta nikohning xavfli asoratlarini tushuntirish bilan birga, ularga nikohdan oldingi tibbiy ko‘rikning naqadar muhim ekanligini ham ta’kidlaymiz.

Erta homiladorlik nafaqat yosh ayolning salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, balki ayolning ta’lim olishida, jamiyatdagi o‘z o‘rnini topishida to‘siq bo‘lib qolmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, agar yosh ona jismonan, ma’nan hamda ruhan onalik ma’suliyatiga tayyor bo‘lmasa, bu haqda qanday qilib fikr yuritishi mumkin?! Shu bilan birga, o‘rta ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan qizlar orasida onalik, erta homiladorlik va uning asoratlari, ayollarning jamiyatdagi tutgan o‘rni to‘g‘risida to‘laqonli ish olib borilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Shuningdek, jamiyatimizda uchrab turadigan qarindoshlar orasida qayd etiladigan nikohlar ham o‘zining salbiy tomonlarini ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonda qarindoshlar o‘rtasida qayd etiladigan nikohlarning foizi barcha nikohlarning 4,2-8,2 foizini tashkil etadi. Qarindosh bo‘lmagan ota-onalardan tug‘ilgan bolalar orasida 2,5 foiz tug‘ma nuqsonli, 3 foiz aqli zaif bolalar tug‘ilishi qayd etilsa, qarindoshlar orasida qayd etilgan oilalarda ushbu holatlarning kuzatilishi ikki barobarga ortadi. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: Nima uchun o‘zaro qarindosh bo‘lgan ota-onalar sog‘lom bo‘lganida ham, ularning naslida irsiy kasalliklarning bo‘lish xavfi yuqori?

Yana o‘qing:  Yozning sevimli mahsuloti: ertaki tarvuzdan zaharlanmay desangiz...

Ma’lumki, har bir inson o‘z genining yarmini onadan olsa, ikkinchi yarmini otasidan oladi. Ba’zi irsiy kasalliklar genlardagi “yashirin” (retsessiv) zararlanish o‘choqlari oqibatida yuzaga keladi. Shunday “yashirin” zararlanish o‘choqlari mavjud genga ega qarindoshlarning o‘zaro nikohi natijasida ushbu kasallik belgilarining yuzaga chiqish imkoniyatlari ortadi va nogiron farzand dunyoga keladi. Hozirgi davrda, organizmda mavjud bo‘lgan genlardagi o‘zgarishlarning barchasini ham o‘z vaqtida aniqlash va davolash imkoni yo‘q, shu sababli farzandlaringizni sog‘-salomat dunyoga kelishi va barkamol voyaga yetishini istasangiz qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish va ularga to‘g‘ri tushuntirish ishlarini olib borish lozim.

– Respublika aholi reproduktiv salomatlik markazi tomonidan aholi hamda yoshlar o‘rtasida reproduktiv salomatlik tamoyillari va uni muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, tibbiy madaniyatni oshirish borasida hamda balog‘atga yetmasdan turmush qurish va qarindosh-urug‘lar o‘rtasida nikohning oldini olish maqsadida mahalla, maktab, kollej, litsey va oliy o‘quv yurtlarida targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borilmokda, – deydi Mahmuda Kattaxo‘jayeva. – Buning uchun Respublika aholi reproduktiv salomatlik markazi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi hamda O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining mutasaddi xodimlari birgalikda umumiy dastur ishlab chiqishgan. Ushbu dasturga asosan Respublika aholi reproduktiv salomatlik markazi xodimlari tomonidan mahalla, litsey, kollej, oliy o‘quv yurtlarida yig‘ilishlar, davra suhbatlari tashkil qilinib, ma’ruzalar o‘tkazilmoqda. Dasturda maktab, kollej va oliy uquv yurtlarida o‘qilishi uchun alohida ma’ruzalar ishlab chiqilgan. Tayyorlangan ma’ruzalar barcha viloyatlardagi Respublika aholi reproduktiv salomatlik markazining filiallariga kompakt diskda tarqatilgan.

Mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab, barkamol avlodni voyaga yetkazish Yurtboshimizning doimiy e’tiborida bo‘lgan. Jumladan, yurtimizda amalga oshirilgan bir qancha dasturlar – “Ona va bola skriningi” (1998 yil), “Sog‘lom avlod” (2000 yil), “Ona va bola” (2001 yil) va boshqalar, hozirgi kunda o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Natijada, bugunga kelib, xalqimiz salomatligi, jumladan ayollar reproduktiv salomatligini mustahkamlashda qator yutuqlarga erishildi.

Sog‘lom farzandni tarbiyalash, har bir ota-onaning orzusidir. Shunday ekan hali o‘zi bola bo‘lgan farzandlarimizni turmushga berish yoxud uylantirish natijasida ularga nafaqat jismoniy, balki ma’naviy jihatdan ham juda katta zarar yetkazib qo‘yishimiz mumkin. Zero, 2008 yil davlatimizda “Bolalar huquqlarini kafolatlash” haqida qonun qabul qilingan va ushbu qonunning birinchi bobida 18 yoshgacha bo‘lgan shaxs bola hisoblanadi, deb belgilangan. Shunday qilib, 16-18 yoshda turmush qurayotgan va ona bo‘layotgan o‘smir qizlar davlatimiz qonunlari bo‘yicha ham hali bola hisoblanadi.

Yana o‘qing:  KARIYES PROFILAKTIKASIDA MUHIM ChORA

Shuni ta’kidlash joizki, erta turmush qurish ko‘pincha, abortga, farzandsizlikka, bolaning oy kuni yetmay tug‘ilishiga sabab bo‘ladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘pchilik holatlarda yosh turmush qurgan ayollar, 25-26 yoshga borib ko‘p tug‘uvchi ayollar guruhiga kiritilyapti. Bu esa o‘z navbatida ularning va oilasining salomatligini zaiflashishiga sabab bo‘lishi mumkin. Tibbiy nuqtai nazardan esa ayollar uchun farzand ko‘rishning eng maqbul davri 20-30 yosh oralig‘i hisoblanadi.

– Voyaga yetmagan o‘smirlarda homiladorlik davrida homilaning tushishi, barvaqt tug‘ruqlar 20 foizga ko‘proq uchraydi, kamqonlik va ayniqsa, gipertenziv sindromini rivojlanishi bilan, tug‘ruqlar esa aksariyat holatlarda, qon ketish va jarrohlik usullar bilan tug‘dirishga olib keladi, – deydi 4-shahar tug‘ruq kompleksi shifokori Rayhona Xadjayeva. – Bunda vazni past, asfiksiyada tug‘iladigan go‘daklarning soni ortib boradi. O‘smir yoshidagi onalar o‘limi holatlari esa, 20-30 yoshlilarga nisbatan 5 barobarga va go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichlarining 2 barobarga ko‘payishi aniqlangan.

Psixologlar va olimlarning fikricha, turmush qurish uchun eng maqbul yosh: qiz bolalar uchun 22-25 yosh, o‘g‘il bolalar uchun esa 24-30 yosh. Bu yoshga borib inson shaxs sifatida shakllanib bo‘ladi. Bu yoshda inson turmush qurish masalasiga mas’uliyat bilan qaraydi.

Farhod TOLIPOV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: