MURUVVAT KARVONI

“Salomatlik” poyezdi Navoiy viloyatida safarda bo‘ldi

Insoniyat yaralibdiki, kishilar bir-biri bilan muloqotga kirishib, o‘zaro mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlashga intilgan. Yaxshilik, ezgulik xislatlarini o‘zida jo aylagan. Do‘stlik, hamjihatlik bilan umrguzaronlik qilgan. O‘zbek xalqi ham tarixan shakllanish jarayonida bag‘rikenglik, birdamlik, totuvlik va mehr muruvvat tuyg‘ularini muqaddas qadriyat sifatida e’zozlagan. Bemorlar holidan xabar olish, nochorlarga yordam qo‘lini cho‘zish elimizning azaliy odatlaridan bo‘lib kelgan.

Istiqlol yillarida esa aholi turmush tarzini yaxshilash borasida samarali ishlar amalga oshirilayotir. Xususan, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, oila institutini mustahkamlash, ma’nan va jismonan sog‘lom avlodni kamol toptirish maqsadida samarali ishlar yo‘lga qo‘yildi. Qolaversa, boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarni qo‘llab quvvatlash, ularning salomatligini ta’minlash mamlakatimiz davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Uzoq yillardan buyon yurtimizning chekka va olis hududlari aholisini qamrab olayotgan “Salomatlik” poyezdi loyihasi fikrimizning yaqqol isbotidir.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi hamkorligida tashkillashtirilayotgan “Salomatlik” poyezdi bu gal Navoiy viloyatida bo‘ldi. Yurtimizning hududiy jihatdan chekka va ekologik noqulay joylarida istiqomat qiluvchi aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida 22-30 mart kunlari Toshkent – Tinchlik – Konimex – Mustaqillik – Buzouboy – Uchquduq II – Toshkent yo‘nalishida “Salomatlik” poyezdi safarga chiqdi.

Manzilli yuklar debochasi

Ta’kidlash joiz, “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq etish borasida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi keng qamrovli ishlarni amalga oshirmoqda. “Salomatlik” poyezdi ham ushbu ezgu ishlarning uzviy davomidir. Tibbiy ko‘rik va insonparvarlik yordamlarini tarqatish davomida 2 ming 654 nafar fuqaroga hamda Navoiy viloyatining 46 ta tashkilot va muassasalariga 62 million 600 ming so‘mlik va 695,5 ming AQSH dollari miqdoridagi oziq-ovqat, kiyim-kechak, turli mavzudagi bukletlar, dori-darmon hamda sanitariya-gigiyena vositalaridan iborat insonparvarlik yordami ko‘rsatilgani fikrimizning tasdig‘idir.

Ushbu muruvvat yuklarini shakillantirishda “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi, “Diva-teks”, “Braibanti technology”, “Jahon invest plast”, “Diyor biznes” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, “Nestle-Uzbekistan”, “Remidi”, qo‘shma korxonalari, AQSHning “Ameri Cares”, “Toms Shoes” tashkilotlari yaqindan ko‘mak berdi.

Yana o‘qing:  Giyohvand vositalarning tarqatilishiga qarshi kurash oyligi o‘tkaziladi

Endi xastalikdan Holi

El g‘amidagi jonkuyar shifokorlarning olis safarda hormay-tolmay kishilarga xizmat qilayotganini ko‘rib, diling yayraydi. Mahalliy aholi uy yumushlaridan bo‘shab bir zumga “Tuman markazida tibbiy ko‘rikdan o‘tib kelay”, deya uyidan chiqishi mumkinmi? Shahargacha bir necha yuzlab kilometrlik masofa borligini inobatga olsak, bu savol sizni o‘ylantirib qo‘ysa ajab emas. Shu o‘rinda buyuk bobomiz Abu Ali ibn Sinoning “Onasi vujudidayoq go‘dakni qil ehtiyot, unga biror ofat yetmay, tug‘ulsin u barhayot” degan satrlari xayolimizga keladi.

Prezidentimiz Islom Karimovning 1998 yil 10 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ana shunday holatlarni bartaraf etishga hamda tashkil etilgan bu kabi loyihalar chekka hududlarda ham aholiga xizmat ko‘rsatadigan sog‘liqni saqlash tizimi, shu jumladan, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha yaxlit tizimni shakllantirishda muhim omil bo‘ldi.

Hududiy jihatdan chekka va ekologik sharoiti noqulay joylarda istiqomat qiluvchi aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishda ham zamonaviy asbob-uskunalar yordamida tekshiruvlarni o‘tkazish yurtimizda inson va uning manfaati eng oliy qadriyat ekanidan dalolat beradi. Shu bois, tibbiy ko‘rik davomida aniq laboratoriya tahlillari hamda zamonaviy tekshiruv usullariga tayangan holda tashxis qo‘yiladi. Jumladan, ushbu “Salomatlik” poyezdi doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 1 ming 937 nafar fuqaro chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, shifokorlar tomonidan kasallik aniqlangan bemorlarga sog‘lomlashtirish yuzasidan tavsiya va maslahatlar berildi.

Mutaxassislar tomonidan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yordamida tekshiruvlar o‘tkazilib, aniq laborator tahlillarga va zamonaviy tekshirish usullariga tayangan holda tashxislar qo‘yildi. Jumladan, 348 nafar fuqaro EKG tekshiruvi, 875 nafar fuqaroga 2 ming 625 ta UTT tekshiruvi hamda 1 ming 99 nafar fuqaroga 3 ming 297 ta laboratoriya tekshiruvlari (qon va peshobning umumiy tahlili, surtmalarning tahlili, eritrotsit, leykotsit, SOE tekshiruvlari va qondagi gemoglobin miqdori aniqlandi) o‘tkazildi. Xususan, ayrim bolalarda endokrin tizimi kasalliklari (endemik buqoq), kamqonlik, allergik xastaliklar va moddalar almashinuvining buzilishi (raxit) aniqlandi.

– O‘z sog‘lig‘imdan shubhalansam, albatta, tuman yoki shahar markaziga borib ko‘rikdan o‘taman. Chekka hududda istiqomat qilishimizni inobatga olsak, bu menga biroz qiyinchilik tug‘dirardi, – deydi “Buzouboy” ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Gulzira To‘linbayeva. – O‘tgan yili “Salomatlik” poyezdi shifokorlari tomonidan kerakli tavsiya hamda yo‘llanma olganim uchun tayanch harakat tizimidagi og‘riqlardan butkul forig‘ bo‘ldim. Bu safar farzandimni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgani olib keldim. Ushbu poyezd shifokorlaridan benihoya minnatdormiz.

Yana o‘qing:  TO‘YIB UXLAMASLIK INFARKTGA SABAB BO‘LADI

Bu kabi insonlar ko‘p yillardan buyon ona va bola salomatligini muhofaza qilayotgan tibbiyot xodimlarining yordami hamda qo‘llab quvvatlashlaridan mamnun.

– Poyezdimizda ko‘rik uchun zarur bo‘lgan barcha asbob-uskunalar mavjud. Aholi salomatligi, ayniqsa, ona va bola sog‘ligini mustahkamlash uchun qo‘limizdan kelgan barcha yordamlarni bermoqdamiz, – deydi O‘zbekiston temir yo‘llari DAK sog‘liqni saqlash xizmati bosh pediatri Shahlo Ahmadjonova. – Tibbiy ko‘rik davomida katta yoshdagi fuqarolar o‘rtasida turli xastaliklar, ya’ni yurak-qon tomir, asab va endokrin, nafas olish tizimi, tayanch harakat tizimi xastaliklari aniqlandi. Bemor bolalar va o‘smirlarga ambulator sharoitda, shuningdek, tuman va viloyat miqyosidagi shifoxonalarda statsionar davolanish uchun yo‘llanmalar berildi.

Tibbiy ko‘rik “O‘zbekiston temir yo‘llari” DAKning “Salomatlik” tibbiy sanitariya yordam poyezd shifokorlari, fondning Navoiy viloyat hududiy filiali tibbiy ijtimoiy patronaj brigadasi mutaxassislari va Navoiy viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi shifokorlari tomonidan amalga oshirildi.

O‘zgalar dardiga kamarbastalik – oliy saodat

Muruvvat yuklarining birinchi manzili “Tinchlik” temir yo‘l bekati bo‘ldi. U yerda Navoiy shahri, Navbahor, Nurota, Karmana, Xatirchi, Qiziltepa tumanlari aholisiga insonparvarlik yordamlari topshirildi. Mehr-muruvvat “karvoni”ning debochasi bo‘lmish ushbu bekat, Tinchlik qo‘rg‘oni, Konimex, Tomdi, Uchquduq tumanlari va Zarafshon shahrining chekka va olis manzillariga ulandi.

Safarimiz davomida fond vakillari va shifokorlar hamkorligida Navoiy shahridagi pedagogika kolleji o‘quvchilari bilan aholi tibbiy madaniyatini shakllantirish, “Ona va bola” skriningi tekshiruvlarining mohiyatini tushuntirish maqsadida davra suhbati o‘tkazildi. Unda o‘smir qizlar uchun “Erta nikoh qurishning salbiy oqibatlari haqida bilasizmi?” “Qarindoshga quda bo‘lmang” kabi bir necha turdagi bukletlar tarqatilib, o‘zaro fikr almashildi.

– Safar davomida ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalar, nogiron va boquvchisini yo‘qotgan kishilarga (3 ming 440 nafar fuqaroga) manzilli tarzda oziq-ovqat mahsulotlari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, dori-darmon va sanitariya-gigiyena vositalaridan iborat insonparvarlik yordamlari yetkazib berildi, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi “Onalik va bolalikni muhofaza qilish” bo‘limi boshlig‘i Jumabek Nurov. – Shu bilan bir qatorda fondning Navoiy viloyati filiali tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi orqali markaziy va bolalar shifoxonalari, tug‘ruq majmualari hamda bolalar maxsus maktab-internatlariga xayriya yordamlari ko‘rsatildi.

Yana o‘qing:  Yosh iste’molchi – ziyrak, bilimdon, intiluvchan

Dori-darmon, sanitariya-gigiyena vositalari, tibbiyot jihozlaridan iborat yuklar temir yo‘l bekati tibbiyot punktlari, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, qishloq vrachlik punktlari, tuman tibbiyot birlashmalariga qarashli markazlar hamda fondning tayanch maskanlariga topshirildi. Shuningdek, 60 ta nogironlik aravachasi nogironlar va boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarga manzilli yetkazilib berildi.

Ushbu insonparvarlik yuklarini fondning Navoiy viloyati mintaqaviy tayanch maskanlari va “Mahalla” xayriya jamoat fondi shahar va tuman bo‘linmalari vakillari bilan hamkorlikda tashkil qilindi.

* * *

Safarimiz poyoniga yetib, poyezdimiz azim Toshkent sari otlandi.

Biz hali bu manzillarga, albatta, qaytamiz. O‘shanda ham chehrasida mamnuniyat balqib turgan, har tomonlama sog‘lom va keng fikrli insonlar bizni yorug‘ yuz bilan kutib oladi. Atrofimiz durkun ulg‘ayayotgan jajji avlodning sho‘x qiyqiriqlariga to‘lib toshadi. Zero, “Salomatlik” poyezdining o‘z oldiga qo‘ygan asosiy maqsadi ham aslida shudir.

Navro‘z NORBOBOYEV,

Toshkent – Navoiy – Toshkent.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: