Oltin me’yor qoidasi

kompyuterdan foydalanishga ham taalluqli

Kompyuter bugun xalq xo‘jaligining barcha sohalariga, shuningdek, har bir oilaga kirib keldi. Uning yordamida biz qisqa vaqtda minglab ma’lumotlarni olamiz, saqlaymiz va zarur paytda tahlil qilamiz. Mehnat faoliyatimizni kompyutersiz ko‘z oldimizga keltira olmaymiz. Farzandlarimizga ularning o‘qish jarayoniga yordam beradi, qolaversa, eng ko‘p tarqalgan ovunchog‘iga ham aylanib qoldi.

Kompyuter texnikasiga internetning kirib kelishi uning foydalanish doirasini yana bir-necha barobarga oshirdi. Tanganing ikki tomoni bo‘lganidek, agar biz kompyuterdan oqilona foydalanmasak, u tufayli sog‘lig‘imiz masalasida yuzaga keladigan ayrim muammolar ham yo‘q emas. To‘g‘ri, uning organizmga salbiy ta’sirlari hali oxirigacha o‘rganilmagan. Ammo, undan noto‘g‘ri foydalanish, ya’ni uzoq vaqt qolib ketish sababli yuzaga kelayotgan muammolar bugun fanda isbotlangan. Birinchi muammo bu – uning atrofida yuzaga keladigan elektromagnit nurlanishlar sanaladi. Qolaversa, ko‘rish a’zolari, mushaklar va bo‘g‘inlarga salbiy ta’siri, uyqusizlik, asab buzilishi va jarohatlar, nafas yo‘llarida yuzaga keladigan ayrim muammolar shular jumlasiga kiradi.

ELYeKTROMAGNIT NURLANISH

Uy sharoitidagi elektr toki bilan ishlaydigan ko‘plab jihozlar, aytaylik sovutgich, chang yutgich, dazmol va hokazolar juda kam miqdorda elektromagnit to‘lqinlarni chiqarsa, mikroto‘lqinli pech, televizor, kompyuter monitorlari nisbatan yuqori darajadagi nurlarni yuzaga keltiradi. Eng yomoni ham shundaki, elektromagnit to‘lqinlarni ko‘rish, eshitish, hidlash, tutib ko‘rish, mazasini sezish amalda mumkin emas. Lekin u biz yashayotgan xonada mavjud bo‘ladi. Kompyuterlardan taraladigan elektromagnit to‘lqinlar asab tizimining buzilishiga, immunitetning pasa­yishiga, yurak qon-tomir tizimi faoliyatining o‘zgarishiga, homilaga va homiladorlik jarayonlariga salbiy ta’sir qilishi adabiyotlarda keltirilmoqda. Rossiyalik olimlarning bergan ma’lumotlariga qaraganda, kuniga 2-6 soat kompyuter monitori oldida ishlovchi ayollarda asab tizimida funksional o‘zgarishlar nazorat guruhida nisbatan 4,6 marta ko‘p qayd etilgan. Amerikalik olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra, haftasiga 20 soatdan ko‘p monitor oldida ishlagan homilador ayollarda bolasining nobul bo‘lishi xavfi boshqa yo‘nalishdagi ishlarga nisbatan ikki barobar yuqori bo‘lishi kuzatilgan.

Shved tadqiqotchilarining ma’lumotlariga qaraganda, bu holat 1,5 marotaba, har xil tug‘ma yetishmovchiliklar (nuqsonlar) bilan tug‘ilishlar 2,5 barobar yuqori ekanligi qayd etiladi. Shu boisdan uyda ham kundalik hayotimizda elektromagnit nurlantiruvchi jihozlardan imkoni boricha uzoqroq masofada bo‘lishga harakat qilishimiz kerak. Ayniqsa, bolalarni televizor va kompyuter monitorlaridan uzoqroqda o‘tqazish lozim bo‘ladi.

Elektromagnit to‘lqinlarning odam organizmga salbiy ta’siri to‘g‘risidagi fikrlar bugun ko‘plab bahs va munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, uning ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta’sirini hech kim inkor qilmaydi. To‘g‘ri ko‘rish bilan, yaqindan katta yorug‘lik mavjud kompyuter monitori oldida o‘tirishdan birinchi galda ko‘z charchaydi. Ayniqsa, bolalarda bu holat tez sodir bo‘ladi. Ko‘ringki, bolangiz uzoq vaqtini kompyuter oldida o‘tkazsa, birinchi galda u bo‘shashgan va jahldor, tajang bo‘lib qoladi, ko‘z mushaklari charchaydi. Oldiniga bu o‘zgarishga bola oddiy bir yoqimsiz holat sifatida qarashi mumkin. Ammo keyinchalik oftalmolog yordami va maslahati zarur bo‘ladi va ushbu holatni ko‘zoynak yordamida hal etish mumkin. Bunday xastalikni shifokorlar tez davolaydilar. Ammo, bola yana kompyuter monitori oldida uzoq muddat o‘tirishni davom ettiraversa, ko‘z muguz pardasida o‘zgarishlar paydo bo‘ladi. Ko‘rish jarayoni buziladi va bola u predmetlarning chetlarini noaniq ko‘radi. Birinchi navbatda ko‘zning muguz pardasi, ya’ni ko‘zning eng ustki tiniq pardasi zararlanadi. Oqibatda, bu ko‘rish jarayonini izdan chiqaradi va ko‘r bo‘lib qolishgacha olib kelishi mumkin. Ko‘rish xuddi terlagan oyna orqali ko‘rganga o‘xshab qoladi.

Yana o‘qing:  MAQSAD – TINCHLIK VA OSOYISHTALIKNI SAQLASH

Kompyuter oldida uzoq muddat o‘tirish bolalarda, shuningdek, kattalarda ham osteoxondroz va umurt­qa pog‘onasining qiyshayishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, qo‘l mushaklari va bo‘g‘inlarida, bilak va barmoqlarida, yelkada og‘riqlar paydo bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, umurtqa pog‘onasining qiyshayishi, osteoxondroz keyinchalik ichki a’zolarda funksional o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Bunday holatlar ayniqsa stul me’yordan baland yoki past bo‘lganda, kompyuter monitorini noqulay joylashtirilganda va eng asosiysi, tanaffussiz ishlaganda kuzatiladi.

Kompyuterda ishlash ba’zida uning nosozligi va har xil viruslarning tushishi, dasturlarning buzilib ketishi, xotirada saqlab ko‘ygan ma’lumotlarning o‘chib ketishi kishi asabini buzadi. Internet bilan ishlashda ko‘ngildagidek tezlikning bo‘lmasligi, undan har xil to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarning olinishi, asabiy jarohatlarga, charchashga, ruhiy zo‘riqishlariga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, bolalarda kompyuterda turli o‘yinlarni o‘ynashda tezkorlik, topqirlik, tez javob reaksiyasi talab qilinadi va bolalarda asabiy zo‘riqishlar yuzaga kelishi mumkin. Bu o‘z navbatida bolaning charchashiga va holdan toyishga olib keladi. Qayd qilganimizdek, uzoq vaqt kompyuter bilan ishlash o‘z navbatida nafas yo‘llarimizga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ko‘p holarda bu allergik ko‘rinishda bo‘ladi. Nega deganda kompyuter o‘z atrofida elektrostatik maydon hosil qiladi va har xil chang zarrachalarini o‘ziga yig‘adi. Bu changlar o‘pkaga o‘rnashib qolishi mumkin. Bundan tashqari kompyuter uzoq muddat ishlaganda qiziydi va tashqi muhitga zararli havoni chiqaradi. Ayniqsa kompyuter yangi bo‘lsa. Shuningdek, kompyuter havo namligini kamaytiradi. Mana shu qayd etilgan har qaysi omil alohida yoki birgalikda inson organizmiga, shu jumladan, o‘pkaga yomon ta’sir etadi.

Ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda atigi 20 foiz kompyuterlar joylashgan xonalar ish o‘rinlari hozirgi zamon xavfsizlik talabiga javob berarkan. Shunday ekan, biz yuqorida keltirilgan kompyuter texnikalaridan noto‘g‘ri foydalanish jarayonida yuzaga keladigan uning salbiy omillaridan qanday qilib saqlanishimiz kerak bo‘ladi?

Tavsiya etamiz

Osteoxondroz va umurtqa pog‘onasi qiyshayishining oldini olish uchun:

– Kompyuter monitorini oldingizga to‘g‘ri joylang. Monitorning yuqori qirg‘og‘ini ko‘zingizning to‘g‘risida yoki sal balandda joylashtiring. Shunda siz monitorga tik va to‘g‘ri qaraysiz va bo‘yin osteoxondrozining oldini olasiz.

– Siz o‘tirgan stul yoki kresloda tirsakni qo‘yib o‘tirish uchun suyanchig‘i bo‘lishi kerak. Oyoqlaringiz polda erkin va mustahkam turishi kerak. Agar kompyuterdan bo‘yi turlicha balandlikka ega bo‘lgan kishilar foydalanadigan bo‘lsa, stul yoki kresloning balandligi boshqariladigan bo‘lishi kerak. Bular birinchidan gavdani to‘g‘ri tutishga, qo‘llarning dam olishiga yordam beradi va oyoqlarda qon aylanishining yaxshilanishini ta’minlaydi.

Yana o‘qing:  Boqiy navolar

– Kompyuterda noqulay holatda uzoq muddat davomida o‘tirishdan saqlaning. Pastga egilganda to‘g‘ri egiling, aks holda umurt­qa pog‘onasi orasidagi disklarning ezilishiga olib keladi.

– “Kompyuter sichqoncha”si va klaviatura bilan ishlashda harflarni yengil va katta kuch ishlatmasdan bosing. Qo‘l panjasini stol ustiga yoki maxsus qurilma ustiga qo‘yib yozing, bu o‘z navbatida qo‘lning erkin holatda bo‘lishini ta’minlaydi. Kompyuterda uzoq muddat o‘tirib ishlaydigan kishilarga doimiy ravishda davolovchi badantarbiya mashqlari bilan shug‘ullanish, turnikda tortilish, yurish tavsiya etiladi. Qancha ko‘p mashq qilsangiz shuncha yaxshi samara beradi. Mashq jarayonida ko‘proq ko‘lingizni silkiting, barmoqlaringizni musht qilib tugib yana yozdiring (10 marta), mushtingizni o‘z markazida aylantiring, qo‘l kafti bilan ikkinchi qo‘l barmoqlarini bosing. Ushbu mashqlar bilan siz qo‘l va barmoqlaringizda qon aylanishini yaxshilaysiz. Kompyuterning nafas olish yo‘llariga salbiy ta’siridan saqlanish uchun quyidagilar tavsiya etiladi:

– Imkon darajasida tez-tez xonani ho‘llab tozalang va shamollatib turing.

– Xonaning namligini ko‘tarish uchun xonaga og‘zi ochiq idishda suv yoki dekorativ sun’iy akvarium, sharshara qo‘yish xona nam­ligini oshiradi va havoni tabiiy ionlashtiradi.

– Yangi xarid qilingan kompyuterni birinchi bor ishlatgandan keyin uni bir necha soatga o‘chirib qo‘ying. Sababi plastikdan ishlangan yangi monitor birinchi marta ishlaganda qizishi natijasida tashqi muhitga juda katta miqdorda organizm uchun zararli modda chiqaradi.

Asabingizni asrang

Kompyuter bilan ishlashda asab tizimini himoya qilish uchun quyidagilarni amalga oshirish kerak:

Kompyuter xotirasiga ma’lumotlarni tizimli holda shunday joylashtiring-ki, uni hech qanday qiyinchiliksiz, asabiylashmasdan toping. “Sichqoncha” ni tez-tez tozalab turing. Shunda uning sezgirligi oshadi va xohlagan joyingizga strelkani tez olib borasiz. Internetda bitta bergan topshirig‘ingizni uzoq vaqt kutib o‘tirmang, tayyorini o‘qib, tanishavering. Sifatli internet tarmog‘idan foydalaning. Kompyuteringizga har xil viruslar tushishining oldini oling. Sababi bajargan ishlaringiz, xotiradagi ma’lumotlar yo‘qolib asabingiz buziladi va ishingizda unum bo‘lmaydi.

Kompyuter bilan uzoq muddat ishlashda, ayniqsa, bolalarda ko‘proq ko‘rish a’zolari zararlanadi va ayrim hollarda ko‘zoynak taqishgacha olib kelishi mumkin. Xo‘sh, buning oldini olish uchun nimalarga rioya qilishimiz zarur?

Monitor 45 sm uzoqliqda joylashgan bo‘lishi va uning yuqori chekkasi sizning qarash nuqtangizdan sal pastda, ya’ni siz to‘g‘ri qaraganingizda monitorning yuqori chetini ko‘rishingiz kerak. Xonaning juda ham yorug‘ bo‘lishi monitorga tushib ekrandagi ma’lumotlarning ko‘rinishini qiyinlashtiradi. Ammo juda kuchsiz ham bo‘lmasligi kerak. Sababi siz xonadagi boshqa predmetlarni ko‘rishingizni, qog‘ozdan matn o‘qishingizni qiyinlashtiradi. Agar bir vaqtda qog‘ozdan ham matn o‘qib ko‘chirayotgan bo‘lsangiz kitob va monitor bir xil balandlikda bo‘lishini ta’minlang. Yo‘q bo‘lsa, maxsus kitob uchun moslama tuzatish zarur. Tez-tez ekranni tozalab turing. Imkon darajasida kompyuterda bir soat ishlagandan so‘ng 10-15 daqiqa ko‘zingizga dam bering. Buning uchun

Yana o‘qing:  “Ozod yurt bolalari” tanlovi yakunlandi

– 10 soniyaga ko‘zingizni yumib o‘tiring;

– 5-10 coniya davomida tez-tez ko‘zingizni yumib-oching;

– Ko‘z olmasi bilan aylanma harakat qiling;

– Bir necha marta bir nuqtaga tikiling va uzoq – bulutlarga ham qarash bilan mashqni almashtiring.

Ko‘zning ko‘zg‘aluvchanligining oldini olish uchun damlangan choy xalta (paket)ning sovutilganini ko‘zingizga 10 daqiqa qo‘yib yoting.

Kompyuter bilan ishlash jarayonida elektromagnit to‘lqinlar zararidan saqlanish uchun quyidagilarga amal qiling:

– Imkoniyati boricha suyuq kristall monitorli kompyuter xarid qiling. Uning sertifikatiga e’tibor bering.

– Tizimli blok va monitorni mumkin qadar o‘zingizdan uzoqroq joylashtiring.

– Ishlamagan paytda iloji bo‘lsa kompyuterni o‘chirib qo‘ying va albatta uxlovchi rejimi (tartibidan) unumli foydalaning. Monitorni imkon darajasida asosan ofislarda devor burchagiga qaratib qo‘yilsa elektromagnit to‘lqinlarni devor ko‘proq o‘ziga yutadi.

– Ta’kidlaganimizdek tez-tez tanaffus qilib ishlang.

– Kompyuteringiz, shuningdek xarid qilgan bo‘lsangiz himoya ekrani ham maxsus simlar va qisqichlar orqali yerga ulanishi kerak.

Ibodulla ABDULLAYEV,

tibbiyot fanlari doktori, professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: