Sog‘lom tishlar – sog‘lom tabassum
Tishlar og‘riganda uy sharoitida turli xil dori vositalaridan foydalanamiz. Ular tish uchun bezarar bo‘lib, vaqtincha og‘riq qoldirishi mumkin. Shu kabi holatlarda zudlik bilan vrach stomatolog huzuriga borib, o‘z vaqtida davolash muolajasini olish lozim.
Tarkibiga tabiiy giyohlar qo‘shilgan tish pastalari tishlarni oz bo‘lsa-da kasalliklardan himoya qiladi hamda milk kasalliklarida foyda beradi. Milklar kasallanmasligi uchun tishlar orasiga toshlar yig‘ilib qolmasligiga ahamiyat berish lozim. Tishlarni o‘z vaqtida davolash esa buning kelgusida og‘ir oqibatlarga olib kelishini oldini oladi.
Og‘iz bo‘shlig‘ini haftada 1-2 marta mavrak (shalfey), moychechak (romashka) damlamasi bilan chayib turilsa, turli milk kasalliklari bartaraf etiladi. Shu jumladan, kalsiyga boy bo‘lgan mahsulotlardan har kuni iste’mol qilish tishlarni baquvvat va uzoq yillar davomida sog‘lom xizmat qilishini ta’minlaydi.
Milklarni mustahkamlash uchun ularni ichki va tashqi tomondan barmoqlar (bosh va ko‘rsatkich barmoqlar) bilan ushlab, bir daqiqa davomida massaj qilib turish mumkin. Tishlarni tozalayotganda milklar hadeb qonayversa stomatolog vrachga murojaat qilish kerak. Sababi, milklarning qonashi milk kasalliklaridan darak beradi. Buni esa o‘z vaqtida davolash zarur.
Bolalar ham tish va og‘iz bo‘shlig‘i parvarishiga muhtoj bo‘ladi. Sut tishlarini ham doimiy tishlar kabi parvarish qilinadi. Bola 2 yoshga to‘lgach, ovqatdan so‘ng og‘zini chayqashga, 3 yoshida uni kichikroq va yumshoq tish cho‘tkadan foydalanishga o‘rgatish kerak.
Dastlab bola tish pastasi ishlatmay quruq cho‘tkadan foydalanishi lozim. So‘ngra tish pastasini cho‘tkasiga surtib berish kerak. Bolalar uchun mo‘ljallangan maxsus tish cho‘tkalari va tish pastalari dorixonalarida sotiladi. Ular aynan bolaning tishi uchun maxsus tayyorlangan bo‘lib, bezarardir.
Tish protezlari, ya’ni olinadigan va olinmaydigan, ko‘priksimon protezlarga ham alohida e’tibor talab etiladi. Har qanday protez tagida ham ovqat qoldiqlari qoladi. Olinadigan protezdan ovqat qoldiqlarini tish pastasi va cho‘tka bilan ketkazish oson (oldin protezni og‘iz bo‘shlig‘idan chiqarib olinadi). Protezlarni kechasi olib qo‘yish va cho‘tka bilan tozalash zarur.
Quyma protezlar tagidagi ovqat qoldiqlarining anchagina qismi og‘izni chayqab tashlaganda chiqib ketadi, lekin bir qismi metallning ichki yuzasiga yopishib qoladi. Olinadigan protezlar tufayli og‘izda yoqimsiz sezgilar paydo bo‘lsa hamda protezlarning turi va eski-yangiligidan qat’iy nazar biroz noqulay bo‘lsa, darhol vrachga murojaat qilish zarur.
Stomatolog Ma’rufjon YARMUHAMMEDOV tavsiyalari asosida Nargiza UGLAMOVA tayyorladi