Bahorning bir kuni yilga tatir

Keyingi yillarda xalqimiz ma’naviyatini yanada yuksaltirish, aholi o‘rtasida mehr-oqibat, xayr-saxovat, insonparvarlik va bunyodkorlik kabi fazilatlarni keng targ‘ib qilish tizimli yo‘lga qo‘yildi. Ayniqsa, bezavol qadriyatlarimizdan hisoblangan hashar istiqlol tufayli yangicha ma’no-mazmun kasb etib, umummilliy an’anaga aylandi.

Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga muvofiq, joriy yilning 15 mart kuni yurtimizda umumxalq xayriya hashari uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Erta tongdan boshlangan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarida yurtdoshlarimiz birdamlikda shaharu qishloqlar, mahalla-ko‘y, guzarlar, yo‘llar, maydonlar, bog‘u rog‘lar, tabarruk qadamjolar, ziyoratgoh hamda qabristonlarni tozalashga kirishdilar.

– Navro‘z umumxalq bayramini munosib nishonlash, “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash hamda respublikamizning sanitariya holatini yanada yaxshilash maqsadida tashkil etilgan tadbirda 12,5 million nafarga yaqin yurtdoshlarimiz faol ishtirok etdi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika bosh­qaruvi Tashkiliy-nazorat bo‘limi boshlig‘i, Umumxalq xayriya hasharini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhi kotibi Uchqun Mahmudov. – Ularning 8 million nafardan ziyodi yoshlar ekani quvonarli holdir. Ozodalikni yuksak qadrlaydigan yurtdoshlarimiz hashar davomida 28,5 ming gektardan ziyod maydonni obodonlashtirishga muvaffaq bo‘ldilar. O‘n to‘qqiz ming kilometrdan ortiq masofadagi ariq-zovurlar tozalanib, 9,5 mingga yaqin ziyoratgoh va qabristonlar tartibga keltirildi. Yigirma million tupga yaqin daraxtlarga shakl berilib, oqlandi. 12 mingta maxsus texnika vositalari yordamida 45 ming tonnadan ziyod maishiy chiqindilar maxsus joylarga tashib chiqarildi.

Shuningdek, hashar kuni 9 million tupga yaqin manzarali va 7 mil­lion tupdan ziyod mevali daraxt hamda 10 million tupdan ortiq gul ko‘chatlari o‘tqazildi.

Yurtimizda bayramlar arafasida yangi qurilgan zamonaviy mahalla guzarlari, bolalar sport maydonchalari, sog‘lomlashtirish markazlari va boshqa turli ijtimoiy soha ob’yektlarining foydalanishga topshirilayotgani ayyomga munosib tuxfa bo‘lmoqda. Misol uchun, hashar kuni Andijon viloyati Shahrixon tumani “Vaxim” mahallasi, Far­g‘ona tumanidagi Beruniy nomli, Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi “Guliston” mahallasi hududida futbol maydonchasi foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidagi 17-sonli mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, Amudaryo tumanidagi “Do‘stlik” mahallasi hududida joylashgan bolalar maydonchasi kapital ta’mirlanib, hashar kuni ishga tushirildi.

Xayrli ishlar mamlakatimiz poytaxtida ham izchil davom ettirilmoqda.

Yana o‘qing:  BEBAHO MEROS (ALISHER NAVOIY)

– Mahallamizda yirik sport majmuasi barpo etilmoqda, – deydi Hamza tumani “Katta Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Komil Ziyomuhamedov. – Navro‘z arafasida foydalanishga topshiriladigan ushbu inshootning so‘nggi pardozlash ishlarida hasharchilar ham faol ishtirok etayotir. Mazkur majmuada ochiq va yopiq stadion, sport zali bor. Kelgusida bu yerda sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

An’anaga ko‘ra, galdagi xayriya hasharida yakka-yolg‘iz keksalar, nogironlar, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalarga mehr-muruvvat yordamlari ko‘rsatilib, ularning hovli-joylarini ta’mirlashda yoshlar faol qatnashdilar.

– Shu kuni yurtimizdagi muhtoj oilalar, keksalar, nogironlarning 310 ming kvadrat metrdan ziyod hajmdagi turarjoylari ta’mirlab berildi, – deydi U.Mahmudov. – Ehtiyojmand fuqarolarga 3,5 milliard so‘mdan ortiq moddiy yordam ko‘rsatildi. Ushbu maqsadlarga Fond tomonidan 125 million so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi.

Shu kuni Farg‘ona shahridagi “Simtepa”, “Shakarqishloq”, Qo‘shtepa tumanidagi “Obod­lik”, Jizzax shahridagi Bobur nomli, Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi “Yangi hayot” mahallalari hududida foydalanishga topshirilgan savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari aholiga manzur bo‘ldi.

Yurtimiz mahallalarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari “Har bir yoshga bir nihol” loyihasi doirasida qizg‘in davom etmoqda.

Feruza TURSUNOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: