Antibiotiklar
Undan noto‘g‘ri foydalanish hayot uchun xavflidir
Avvalo, yaqin o‘tmishda bo‘lgan bir voqeani bayon qilmoqchi edim. Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi Do‘rmon qishlog‘ida yashaydigan ayolning farzandi og‘rib qoladi. Uning tana harorati ko‘tarilib, a’zoi badani qaqshab og‘riydi. Tomog‘i yallig‘lanib, bemor bola o‘zini behol his etadi. Bunday alomatlar klinik belgilari bir-biriga o‘xshash gripp va O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalar) da kuzatiladi. Ularning bir-biridan farqi ushbu kasalliklarni keltirib chiqaruvchi viruslardadir.
Yana mavzuga qaytsak, qaynonaning: “Biz olti-ettita farzand ko‘rib do‘xtir nimaligini bilmadik…” – degan iddaosidan so‘ng kelin farzandini shifoxonaga olib borishga andisha qildi. Kelin o‘qimishli bo‘lsa ham qaynonasining yuzidan o‘ta olmaydi. Qanday qilib bo‘lsa ham ingrab yotgan jigarbandini shifoxonaga olib borish yo‘lini qidiradi. Yolg‘iz ishongani turmush o‘rtog‘iga yolvoradi. U ayolidan onasining gapini ikki qilmaslikni talab qiladi. Kunlar o‘tib, bemor bolaning ahvoli yanada og‘irlashadi. Ahvol nihoyatda tang bo‘lgach, qaynona shifoxonaga bolani olib borishga ruxsat beradi. Shifokorlar imkon qadar barcha muolajalarni qiladilar. Jonlantirish bo‘limida bolaning hayotini saqlab qolishga harchand urinmasin, ularning harakatlari zoye ketdi. Vaqt o‘tgan edi. Ota farzandining jonsiz jasadini shifoxonadan ko‘zlarida yosh bilan olib ketdi…
Ba’zi tibbiy savodxonligi haminqadar odamlar bolaning tana harorati ko‘tarilsa, uning organizmi baquvvat, 5-6 kunda o‘z-o‘zidan tuzalib ketadi, deganlarini ko‘p eshitganmiz. Ma’lumki, bola xastalansa hatto, bola sog‘lig‘iga men jiddiy yondoshaman, deb o‘ylaydigan onalar ham “bemor bolamga biron antibiotik yoki uning issig‘ini tushiradigan dori bersam darrov tuzaladi”, – deydi. Lekin har qanday kasallikda birdek antibiotik berish mumkinmi? Bu muammo haqida fikrlashib olsak, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh onalar uchun foydadan xoli bo‘lmas edi. Farzandlarimiz sog‘lom bo‘lsa, kelajak avlodning barkamolligi ta’minlanishi shubhasizdir.
Bakteriyali infeksiyalarni davolashda antibiotiklarning foydali ta’siri beqiyos. Lekin 80 foiz organizmdagi yallig‘lanish o‘choqlari viruslar tufayli paydo bo‘ladi. Ma’lumki, antibiotiklar viruslarni qirmaydi. Bu nazarda tutilmagani bois, bakteriya asosidagi (pnevmoniya, sinusit, otit kabi) kasalliklar surunkali tus oladi. Bemor ilk kunlardan shifokorga murojaat qilsa, bu qanday kasallik boshlanganini mutaxassis tez aniqlay oladi.
Zamonaviy tibbiyotda shamollash degan terminning o‘zi yo‘q. Immunitet susayib, organizm turli bakteriyali va virusli infeksiyalarga chalinsa (gripp, O‘RVI-o‘tkir respirator virusli infeksiyalar) ularning belgilari o‘xshash bo‘lgani uchun xalq orasida shamollash deb yuritiladi. Agar organizmda immunitet kuchli bo‘lsa va bemor bola yaxshi parvarish qilinsa bu xastallik 7-10 kunda asoratsiz o‘tishi mumkin. Mabodo organizmning immun tizimi susayib ketgan bo‘lsa ushbu kasallik asoratli kechadi.
Shamollashga bakteriyalar sabab bo‘lgan holda-chi? Bakteriyalar viruslar tufayli nimjon bo‘lgan organizmga kirsa-chi? Bu holda, eng avvalo, jiddiy tarzda antibiotikli muolaja zarur. Bemor organizmida bakteriyali infeksiya bor-yo‘qligini, aniqlash zarur. Ushbu muammoni esa albatta shifokorgina hal qila oladi.
Ona nimalarga e’tibor berishi zarur?
Bolaning o‘pkalari, nafas yo‘llarini onalar tegishli tarzda tekshira olmaydilar. Unda yetilib kelayotgan pnevmoniya zotiljam, sinusit (gaymorit, frontit), yiringli otit (quloqning yallig‘lanishi) kabi kasalliklarning belgilarini onalar aniqlay olmaydilar. Aytaylik, bola bir necha kun shamollab, so‘ng tuzaldi. Biroq, sal o‘tmay, uning harorati yuqoriga ko‘tarilib ketdi. Aynan shunday paytda ona bolaga o‘ta e’tiborli bo‘lishi kerak. Chunki, bu hol bakteriyali asoratdir. Albatta, shifokor tavsiyalariga ko‘ra antibiotiklar qo‘llash zarur bo‘ladi.
Diagnostikasi.
An’anaviy tibbiyotda bemorlarning qon va ajralmalari ( balg‘am, peshob, najas)larning bakteriologik ekmasi orqali antibiotikka sezgirlik aniqlanadi. Bu kasallik haqida ma’lumotni qon va peshob tahlili beradi. Lekin afsuski, bakteriyalar ham fan bilan barobar o‘sish va rivojlanishda davom etmoqda. Eng ishonchli diagnostikani shifokorning bilimi va tajribasi beradi. Kasallik bakteriyali infeksiya bilan bog‘liq bo‘lsa, tezda shifokorning ko‘rigi zarur. Chunki, aniq tahlillar uchun bir necha kun kutish kerak bo‘ladi. Bakteriyalarning soniya sayin ko‘payishini hisobga olsak, nima uchun zudlik bilan shifokorga uchrashish kerakligi oydinlashadi.
Antibiotik qay hollarda samara bermaydi?
Antibiotiklar viruslarni o‘ldirmaydi. Ko‘p hollarda o‘tkir respirator virusli infeksiyalarni viruslar chaqiradi. Shifokor antibiotik tavsiya qildi, deylik. Bilamizki, antibiotiklar disbakterioz, allergiya, balki undan yomon asoratlarni chaqirishi mumkin. Faqat shifokorgina farzandingizda bakteriyali infeksiya bor-yo‘qligini aniqlay oladi.
Agar shifokor antibiotik tavsiya qilgan bo‘lsa, uning maslahatlariga albatta rioya qilish kerak. Muolajalarni ko‘rsatilgan soatlarda amalga oshirish muhim. Aks holda chala davolangan bolaning tanasidagi infeksiyalar qaytadan “bosh ko‘tarishi” tayin. Shuningdek, bemor bolada tayinlangan shu antibiotikning ta’sir qilmaslik holati paydo bo‘ladi. Qayta-qayta qo‘llanilgan bir guruhga mansub antibiotikka organizmning bog‘liqlik holati kelib chiqishi ham mumkin.
Samaraga erishish yo‘llari
Ba’zi onalar o‘z dugonalari yoki qarindoshlarining nimalar bilan davolanganlari haqida gapirishni yaxshi ko‘radilar. O‘zlari bilib-bilmay boshqalarga tavsiyalar berishadi va har bir organizmning individual (o‘ziga xos) ekanligi haqida ma’lumotga ega bo‘lishmasada bemor bolaga haroratni tushuruvchi va turli boshqa dori vositalarini pala-partish ichirishga harakat qiladilar. Antibiotik belgilangan taqdirda ona shifokordan nima uchun aynan shu dorini tayinlaganini so‘rab bilgani ma’qul. Biron antibiotik belgilandimi, uni barcha qoidalariga ko‘ra qabul qilishga intilish kerak. Yana e’tibor bering: bola tuzuk bo‘lib qoldi, deya belgilangan kundan oldin muolajani aslo to‘xtatmang!
Zero, farzandlarni sog‘lom etib voyaga yetkazish vazifasiga oilaning barcha a’zolari, qolaversa, hammamiz mas’ulmiz.
Munira ZUPAROVA,
Chilonzor tibbiyot kolleji o‘qituvchisi