Chet tillarni o‘rgatish takomillashtirilmoqda
Prezidentimizning 2012 yil 10 dekabrda qabul qilingan “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2013-2014 o‘quv yilidan e’tiboran chet tillarni, asosan, ingliz tilini o‘rgatish umumta’lim maktablarining birinchi sinfidan o‘yin tarzida va og‘zaki nutq shaklida, ikkinchi sinfdan esa alifbo, o‘qish va grammatikani bosqichma-bosqich o‘qitishdan boshlandi.
Farg‘ona viloyati umumta’lim maktablarida chet tillarni o‘rgatish bo‘yicha zamonaviy pedagogik texnologiyalardan samarali foydalangan holda bilim berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Viloyatdagi 888 umumta’lim maktabida 2 ming 159 sinf xonasi tashkil etilib, belgilangan talablar asosida jihozlandi, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Zikrillo Teshaboyev. – Chet tillarni o‘qitishga 1 ming 688 nafar pedagog jalb etilgan.
Chet tili darsini tashkil qilish bo‘yicha ilg‘or ta’lim muassasalarining ish tajribasi ommalashtirilmoqda. Ushbu maktablarda o‘tilayotgan darslarni onlayn tizimi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri viloyat pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tinglovchilari kuzatishi imkoniyati yaratilgani, ayniqsa, e’tiborlidir. Shuningdek, 23 nafar tajribali murabbiy tanlab olinib, shahar va tumanlarda muntazam seminarlar tashkil etilmoqda.
Oltiariq tumani maktabgacha ta’lim muassasalarida bolajonlarga chet tilidan saboqlarni ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida berish yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Poloson qishlog‘idagi 6-maktabgacha ta’lim muassasasida chet tili o‘quv xonasi tashkil qilinib, turli ilg‘or elektron texnologiyalar va jihozlar bilan ta’minlangan. Mashg‘ulotlar shu yoshdagi bolalar ruhiyati va qiziqishiga mos dasturlar asosida tashkil qilingan. Interfaol usullar, masalan, qo‘shiq, rasm, turli o‘yin va quvnoq multfilmlar vositasida dars o‘tilayotgani bolajonlarning chet tilini katta qiziqish bilan tez o‘zlashtirishida muhim omil bo‘layotir.
M.SULAYMONOV,
O‘zA muxbiri