Asli bu so‘z tanda jon erur…

Bodomning oppoq gullari uzra bolarilar g‘ujg‘on o‘ynagan bir paytda o‘rik kurtak ochadi. Borliq o‘zining yashil yelkanini ko‘tarib, o‘lkamizga bahorni boshlab keladi. Tabiat uyg‘onib, yasharish va yangilanish fasli qalbimizga o‘zgacha ruh va bir dunyo zavqlarni baxsh etadi. Shunday paytda insoniy tuyg‘ular – mehr-muhabbat, oqibat, o‘zaro hamjihatlik yangi pog‘onaga ko‘tariladi. Ko‘ngilda dengizdek mavjlanayotgan kechinmalar qog‘ozga tusha boshlaydi. Ha, bahor nafaqat go‘zallik, yangilanish va yasharish, balki ilhom faslidir. Xalqimizning sevimli shoirasi Sharifa Salimova bahor haqida gapirar ekan, bu davr insondagi yoshlik shijoati, yaratuvchanlik va obodonchilik hissini yuksaltirishi bilan o‘zgacha tarovat kasb etishini ta’kidlaydi.

Darhaqiqat, bahorning o‘zgacha xislatlari talaygina. U o‘zbek ayoli siymosidan o‘ziga oro bergandek, go‘yo. Jonajon Vatanimiz uzra bahorning hushhavosi kezib yurgan orombaxsh lahzalarda shoira bilan zamonaviy adabiyotning bugungi maqsad va vazifalari, uning yoshlar ma’naviyatidagi ahamiyati, ayni paytda xotin-qizlarning ijtimoiy mavqei, ularning yurt taqdiri, uning kelajagida tutgan o‘rni haqida suhbatlashdik.

– Adabiyot qanchalik keng qamrovli bo‘lmasin, uning ildizi iste’doddan iborat. Siz ham o‘zbek she’riyatining taniqli vakilasiga aylanib ulgurdingiz. Bizni ko‘proq 20-25 yoshli Sharifa Salimova va u bilan tengqur ijodkorlar hamda bugungi 20-25 yoshli avlod o‘rtasidagi tafovut, yutuq va kamchiliklar qiziqtiradi.

– Zamon rivojlanishda ekan, insonlarning ongi, dunyoqarashi ham o‘zgarib boradi. Bu esa o‘z navbatida ijodkorning o‘z ustida ishlashini talab qiladi. Yoshlik davrimni eslasam ruhim zirqiraydi. U paytlar istiqlol degan so‘z yo‘q edi. Kishilar ham bir xil hayot tarziga o‘rganib bo‘lgan, umri bir xil, o‘zgarishsiz davom etardi. Lekin o‘sha paytda qo‘liga qalam olgan yosh borki, ko‘ksida ajdodlarimizning munavvar orzu va maqsadlari jo‘sh urardi. O‘sha davr adabiyoti, she’riyatining mavzusi ham ozodlikka erishish umidi bilan chambarchas edi. Endi bugungi yoshlarni ko‘ring. Ular mustaqil yurt farzandlari, tinch-osoyishta zamonda erkin ijod qilishmoqda. Ularda qaramlik kayfiyati yo‘q. Dunyoqarashi teran, dadil, fikrida sobit turadigan, mustaqillik qon-qoniga singib ketgan bir avlod-da. Eng muhimi, ular soni anchayin ko‘p. Bundan quvonmay bo‘ladimi?! Ijodiy faoliyatimni boshlagan kezlarda “Yoshlik” jurnalida ham ishlaganman. Shu sabab bo‘lib, ko‘pgina ustozlarning yo‘l-yo‘riqlari, maslahatlaridan bahramand bo‘lganman. Bu imkoniyatni ham o‘zim yaratganman. Bugun yosh ijodkorlarga davlat siyosati darajasiga e’tibor qaratilyapti. Birgina Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining ta’sis etilishi qancha iqtidorli qizlarimizni kashf etib berdi. Bu g‘amxo‘rlik, albatta, o‘zining mevasini beradi. Shuningdek, bugun yosh ijodkorlarning ko‘zgusi hisoblangan “Yoshlik” jurnalining salohiyati ham, auditoriyasi ham kengaygan. Chunki davr talabi, yaratilgan imkoniyatlar tufayli chuqur tafakkurli, bilimli, izlanuvchan yoshlar yetishib kelyapti. Ularga havasim keladi. Hozirgi dorilomon davrda inson qancha fikrlasa, qanday janrda qalam tebratsa, ijod qilsa, kuylasa, maydon yetarli. Faqat bugungi yoshlar ranglarni ajratib, tanlab olsalar kifoya. Bir shoira yozganidek, “Yozaman deganga ozmi, bu ranglar…”

Yana o‘qing:  Ko‘klam mushoirasi

– Hozirgi navqiron avlodning salohiyati, kitobxonlik, ularning adabiyotimiz rivojiga qo‘shayotgan hissasi sizni qoniqtiradimi?

Mamlakatimizda yosh avlodning bilim olishi, izlanishi, ijod qilishi uchun barcha imkoniyat va shart-sharoitlarning yaratilgani, ayniqsa, Milliy kutubxonamizning yangidan bunyod etilgani bugungi yosh avlodning kitobxonlikka, mutolaa madaniyatiga bo‘lgan talab va istak hamda ishtiyoqlarini oshirgani, shubhasiz.

Yoshlar zukko, izlanuvchan va tirishqoq. Buni go‘zal va betakror ijodlari bilan o‘zini namoyon etayotgan shoiralar Xosiyat Rustamova, Go‘zalbegim, Oydinniso va boshqalar misolida ham ko‘rish mumkin. Ulug‘ ijodkor ustozlar, adabiyotshunoslarning saboqlariyu o‘gitlari bilan adabiyot olamiga kirib kelayotgan, bo‘ylayotgan, qo‘liga qalam olib, mumtoz adabiyotimiz sarchashmalaridan bahramad bo‘layotgan umidli yoshlarning yorug‘ kelajak sari tetik odimlashlarida mutolaa madaniyatining o‘rni juda katta.

Chunki kitob nafaqat ma’naviyatni, ruhiyatni boyitadi, tariximizni chuqur bilishga, o‘rganishga imkoniyatlar ochadi, ezgulik va yaxshilikka yetaklaydi. Insonning ma’naviyati boy bo‘lsagina, u moddiy boylikka ham erishadi.

– Bahor va ayol bir-biriga uyg‘un. Ushbu nafis fasl 8 mart – Xotin-qizlar bayrami bilan boshlanishida ham ajib hikmat bor. Demak, tiriklik ayollardan boshlanadi. Ana shunday damlarda ko‘nglingizda nimalar tug‘yon uradi?

– Eng asosiysi, istiqlol tufayli millatimizning o‘zligi, dini va tili o‘z in’ikosini topdi. Ayniqsa, ayollarimizning jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy mavqei oshdi. Xotin-qizlar jamiyatning faol a’zosiga, oilaning chirog‘iga, farzandlarni kelajakka yo‘llovchi tarbiyachiciga, turmush va hayotimizning haqiqiy yaratuvchisiga aylandi.

Ana shunday damlarda onaizorimning (rahmatli)mukarram chehrasi, uning ona Vatanimga mengzalgan siymosi, qabariq qo‘llaridagi bo‘rtib turgan tomirlar daraxt ildizlari kabi Vatanga tutashib ketganini ko‘raman va his qilaman.

O‘zbekning bahoriday bahor qayda bor,

Yalpiziday sodda, o‘ziday sodda.

O‘zbek ayoliday ayol qayda bor,

Ko‘zga tik boqolmay burilib ketgan.

U hech qachon “sevdim” deb aytolmaydi,

Asli bu so‘z tanda jon erur zotan,

Tars yorilgan qadoq qo‘llarida

Ayol muhabbatin o‘qiydi Vatan!

Maryam AHMEDOVA suhbatlashdi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: