Bola ham niholga o‘xshaydi

Telefon jiringladi. Nasiba opa go‘shakni ko‘tardi. Odatiy salom-alikdan so‘ng, ayol maqsadga o‘tdi.

O‘g‘lim betob edi. Shuning uchun bugun tushlikdan so‘ng qabulingizga bormoqchi edik.

– Bajonidil…

Telefon orqali notanish ayolga kerakli muolajalarni tavsiya qilgan shifokor – pediatr Nasiba opa go‘shakni qo‘yar ekan, uning farzandi sog‘lig‘i haqida o‘yladi chamamda, menga yuzlanib, “Bola misoli gul. Shuning uchun onalar bola parvarishini to‘g‘ri, qat’iy tartibda olib borishi lozim. Betob bo‘lgan hollarda esa alohida parvarish va ko‘proq shifobaxsh damlamalar bilan uning immunitetini oshirish kerak”, dedi va yana tibbiy hujjatlarni varaqlay boshladi.

Toshkent pediatriya tibbiyot institutida 30 yildan ortiq vaqt mobaynida bolalarga shifo ulashib kelayotgan Nasiba Kazakxanovaning deyarli har bir kuni shunday murojaatlar bilan boshlanadi. Uning faoliyati bilan yaqindan tanishar ekanman, huzuriga kelgan xasta go‘dak tezda shifo topishi uchun bor mehrini berib, tajribasi va fidoyiligini namoyish etishiga guvoh bo‘ldim. Ehtimol, shuning uchundir shifoxonada, tanish bilishlar davrasida Nasiba Kazakxanova degan nom jaranglasa, barchaning chehrasida mamnuniyat, unga nisbatan chuqur hurmat aks etadi.

– Bolaligimdan biologiya faniga juda qiziqardim. Turli mevali daraxtlar va gullarni parvarish qilish, menga zavq bag‘ishlardi, – deydi u yoshlik damlarini xotirlarkan. – Hamma joy obod va ozoda bo‘lsa, ko‘nglim ravshan tortardi. O‘zim ham shunga harakat qilardim. Bir bog‘ning gullab-yashnashi uchun faqat bog‘bonning ter to‘kishi kam-ku, axir. Shu nuqtai nazardan qarasak, inson hayoti ham tabiat, o‘simliklar bilan juda uyg‘unlashgan. Bola ham niholga o‘xshaydi. Uning parvarishiga barcha mas’ul. Avvalo, ota-ona, qo‘ni-qo‘shni va albatta, biz shifokorlar go‘dakka bor mehrimizni berishimiz, uni avaylashimiz, ko‘z qorachig‘imizdek asrashimiz zarur. Ehtimol, shu his meni Toshkent pediatriya tibbiyot institutiga yetaklab kelgandir.

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida istiqomat qilgan Shokirxo‘ja Xafizov oilasidagi barcha farzandlarini ilmli, mehnatsevar bo‘lib, voyaga yetishiga alohida e’tibor qaratgan. Shuning uchun aka-opalari izidan qolmay kenja farzand Nasiba ham 1972 yilda Toshkent pediatriya tibbiyot institutiga o‘qishga kirdi. Bu dargohni muvaffaqiyatli bitirgach, faoliyatini shu yerda davom ettirdi.

Ba’zi hollarda Nasiba opa qabuliga shoshilinch holatda jiddiy xastalik bilan og‘rigan bolalar ham keltiriladi. Ana shunday lahzalarda qo‘li yengil Nasiba opa hayot va dard o‘rtasida turgan posbon singari bebaho umrga yo‘l ko‘rsatguvchi najot farishtasiga aylanadi. Buning ortida iroda, tajriba toblanib borishi tayin. Shunday vaqtlarda shifokorlik kasbining mashaqqatlari yuzaga chiqadi.

Yana o‘qing:  Sog‘lom avlod tarbiyachilariga ehtirom ramzi

– Kasbni sevsangiz, uning mashaqqatini ham his qilmaysiz, – deydi shifokor. Umringizni o‘zingiz sevgan kasb bilan bog‘lash baxt emasmi?! Axir umr yo‘llarida o‘z iqbolini topolmay yurganlar ham bor-ku?

Nasiba opa turmush o‘rtog‘i Shuhrat aka bilan bola tarbiyasiga ham jiddiy e’tibor qaratishgan. Bu e’tibor farzandlari Kamolaxon, Nodiraxon, Latofatxonni el koriga yaraydigan, fidoyi inson bo‘lib kamol topishiga zamin bo‘ldi.

Bejiz ayolni baxt ibtidosi, farovonlik ijodkori, hayot ilhomchisiga mengzashmagan. Ana shunday ayollar orasida Nasiba Kazakxanovaning nomi ham sharaf bilan tilga olinsa ne ajab. Nasiba opa hayoti davomida sabr, fidoyilik, mehnatsevarlik kabi sifatlarni ustoz bilib yashadi. Zero, bunday ayollar baxt va faqat baxtga munosibdirlar.

Ma’rifat TOLIPOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: