Tutqanoq xurujlari (epilepsiya) qanday kasallik?

Hurmatli tahririyat a’zolari!

Cinglim 18 yoshda. U tez-tez tutqanoq holatiga tushib qoladi. Bu xastalik birinchi marta 2009 yil 31 dekabrda xuruj qilgan edi. Hozir esa har 6 oyda kuzatilmoqda. Oxirgi marta 17 fevral kuni yuz berdi. Davolasa bo‘ladimi? Mutaxassislar bu haqida nima deydi?

Otabek DAMINOV,

Samarqand viloyati, Pastdarg‘om tumani


Epilepsiya – bu ruhiy kasallik emas, hamda u yuqumli hisoblanmaydi. “Epilepsiya” tashxisi insonga tutqanoq xurujining soni ikkitadan kam bo‘lmagan holdagina qo‘yiladi. Bunday tashxisning aniq qo‘yilishi, organizmda epileptik tutqanoqlarni keltirib chiqaruvchi boshqa kasalliklar aniqlanmaganligiga ham bog‘liqdir. Epilepsiya – tutqanoq xurujlari tez-tez bo‘lib turadigan holatdir.

O‘n olti yoshgacha bo‘lgan mingta boladan taxminan yettitasi shu kasallik bilan xastalangan. Katta yoshdagi insonlarga kelsak, ularning ikki yuztasidan bittasida shu dard kuzatiladi.

Ko‘p hollarda tutqanoq xurujlari endi tug‘ilgan chaqaloqlarda tana harorati yuqori bo‘lganda kuzatiladi. Lekin bu xurujlarning kuzatilishi insonda keyinchalik epilepsiya kasalligini keltirib chiqaradi degani emas. Bunday kasallik har qanday yoshdagi odamda bo‘lishi mumkin. Lekin bu xastalikka ko‘proq o‘smir yoshidagi insonlar ro‘baro‘ bo‘ladilar.

Epilepsiya kasalligi bilan xastalangan bemorlarning yetmish besh foizini yigirma yoshgacha bo‘lgan bemorlar tashkil etadi. Yigirma yoshdan oshgan bemorlarda esa tutqanoq xurujlarining kuzatilishi asosan turli xildagi jarohatlarga yoki insult(bosh miya qon tomirlarida qon aylanishining buzulishi)ga bog‘liq bo‘ladi.

Epilepsiyaning kelib chiqishini tushuntirib beradigan bir umumiy sabab mavjud emas. Epilepsiya – nasliy kasallik emas, ammo qarindoshlari shu xastalik bilan kasallangan ba’zi bir oilalarda bu kasallikning uchrash ehtimoli yuqori. Bemorlarning 40 foizida yaqin qarindoshlari shu kasallikka chalingan bo‘ladi. Tutqanoq xurujlarining bir necha xil turi mavjud. Ularning og‘irligi ham turlicha kechadi.

Tutqanoqning kelib chiqishida bosh miyaning yarmi shikastlangan bo‘lsa, parsial yoki fokal hisoblanadi. Agar bosh miyaning hamma qismi xastalansa, unda bu xuruj generallashgan xuruj deb ataladi. Yana aralash xurujlar ham bor: ular oldin bosh miyaning yarmidan boshlanib, so‘ng butun miyani koplaydi.

Afsuski, yetmish foiz hollarda kasallikni keltirib chiqaruvchi sabablar mavhumligicha qolib ketmokda.

Kasallikni keltirib chiqaruvchi quyidagi sabablar tez-tez uchrab turadi: bosh miya jarohati, insult, bosh miya o‘smasi, tug‘ruq jarayonida kislorod va qon-tomir yetishmovchiligi, miya tuzilishining buzilishi (malformatsiyalar), meningit, virus va parazitar kasalliklar, miya abssessi (yiringlashi).

Yana o‘qing:  Quloq pardasining teshilishi tiklanadimi?

Kasallikka tashxis qo‘yish uchun shifokor bemordagi kasallikni hamda irsiy xastalik sabablarini tekshiradi. Aniq tashxis qo‘yish juda murakkab. Buning uchun shifokor ko‘p bosqichli tekshiruvni amalga oshirishi lozim. Kasallikning belgilarini tekshiradi. Tutqanoq xurujining uchrash sonini aniqlaydi. Xuruj batafsil ta’riflanadi. Bu esa uning kechish jarayonini aniqlashga yordam beradi. Chunki, xurujni boshdan kechirgan odam hech narsani eslay olmaydi. So‘ng, elektroensefalografiya (EEG) qilinishi lozim. Bu orqali bosh miya faoliyati tekshiriladi. Bundan tashqari, kompyuter tomografiya va magnit-rezonans tomografiya kabi tekshirish usullari ham qo‘llanilishi mumkin.

Agar kasallik to‘g‘ri davolansa, sakson foiz hollarda bunday odamlar tutqanoq xurujisiz va faolligi chegaralanmagan holda yashaydilar.

Ko‘pgina insonlarga tutqanoq xurujining oldini olish maqsadida umri davomida tutqanoqqa qarshi (antiepileptik) preparatlarni ichish tavsiya qilinadi. Ba’zi hollarda, agar bemorda bir necha yil davomida kasallik xuruji qaytalanmasa, o‘tkazilgan EEG ko‘rsatkichlari me’yorda bo‘lsa, shifokor tutqanoqqa qarshi preparatni bekor qilishi mumkin. Epilepsiyaning xavfli taraflaridan biri shundaki, katta tutqanoq xuruji paytida bo‘g‘ilib qolish (bemorning yuzi bilan yostiqqa yotib qolsa, va hokazo holatlarda) yoki bo‘lmasa yiqilib tushish natijasida qattiq jarohat olishi, bu esa o‘limgacha olib kelishi mumkin. Undan tashqari, katta tutqanoq xurujlari qisqa vaqt oralig‘ida rivojlanishi mumkin. Bu esa o‘z navbatida xasta kishida nafas olishning to‘xtashiga olib keladi.

Generallashgan (markazlashgan) toniko-klonik (a’zoi badanning tirishib qolishi) xurujlarga kelsak, ularing og‘ir kechishi o‘lim bilan tugashi mumkin. Bunday xurujlar kuzatiladigan bemorlar doimo yaqinlari nazoratida bo‘lishlari kerak.

Epilepsiya bilan xastalangan insonlar duch keladigan muammo – bu atrofdagi boshqa odamlarni xuruj paytida qo‘rqitib yuborishidir. Bolalarda esa bu holat, sinfdoshlari, do‘stlarining chetlashishi bilan kuzatiladi. Undan tashqari bu xastalik sababli bolajonlar sport o‘yinlari va musobaqalarda ishtirok etish imkoniyatidan mahrum bo‘ladilar. Antiepileptik davoni to‘g‘ri tanlanganligiga qaramasdan, bolalarda darslarni o‘zlashtirishda qiyinchiliklar paydo bo‘lishi mumkin. Ba’zi insonlarni qaysidir ish faoliyat turidan cheklashga to‘g‘ri keladi. Masalan: avtomobil boshqaruvidan. Epilepsiyaning og‘ir turida inson o‘zining ruhiy holatini nazorat qilib borishi lozim. Chunki, ruhiy holat epilepsiya kasalligini ajralmas qismi hisobllanadi.

Agar hozirda davolash tadbirlari tug‘ri yo‘nalishda olib borilsa, bemorda tutqanoq xurujlari kuzatilmaydi. U hamma qatori birday sog‘lom hayot tarzini olib borish imkoniga ega bo‘ladi. Davolashdan maqsad, tutqanoq xurujlarini butunlay yo‘qolishiga qaratilgan bo‘lishi kerak. Hozirgi vaqtda bu kasallikni bir nechta preparatlar bilan davolash yo‘lga qo‘yilgan. Ularning ba’zilari miyaning faqatgina bir qismiga, ya’ni epilepsiyaning ma’lum bir turiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Dorining asoratlari bemorlarda turli xil namoyon bo‘ladi. Shuning uchun bunday preparatlarni qabul qilish jarayonida shifokor tavsiyasiga amal qilish zarur.

Yana o‘qing:  Bolalarda o‘sish gormoni nimaga bog‘liq?

Epilepsiya kasalligi mavjud ayollar homiladorlikdan oldin va keyin vrach ko‘rigidan o‘tishlari shart. Homiladorlik paytida antiepileptik preparatlarni birdaniga to‘xtatib qo‘yish qat’iyan taqiqlanadi.

Agar dori vositalari bilan davolash yordam bermasa, boshqa usulga o‘tish mumkin. Miyaning shikastlangan qismini jarrohlik operatsiyasi yordamida olib tashlash zarur. Lekin buning uchun maxsus tibbiy uskunalar yordamida o‘tkaziladigan yuqori texnologiyali tekshiruv usullari, hamda umuman boshqa analizlar o‘tkazilishi lozim.

Tutqanoq tutayotgan bemorlarga xuruj paytida qanday yordam berishimiz mumkin? Demak, xasta kishi birdaniga yiqilib qo‘l va oyoqlarini noaniq harakatlantirayotgan bo‘lsa, boshini orqaga tashlayotgan bo‘lsa, ko‘z qorachiqlariga e’tibor bering. Agar ular kengaygan bo‘lsa, demak bu epilepsiya xuruji tutganidan dalolat beradi.

Birinchi navbatda atrofdagi bemorni ustiga tushib ketishi mumkin bo‘lgan o‘tkir va qattiq buyumlarni chetga surib tashlang. Keyin bemorni qorniga o‘giring va boshining tagiga bironta yumshoq buyum qo‘ying, bu jarohatning oldini oladi. Agar bu paytda bemorda qusish kuzatilsa uning boshini yonga buring, bu qusiq nafas yo‘liga ketishining oldini oladi.

Bemor tilini tishlab olmasligi uchun uning tishlari orasiga qattiq narsa qo‘yiladi. Agar bu buyum ro‘molchaga o‘ralgan qoshiq bo‘lsa maqsadga muvofiqdir. Epileptik xuruj paytida bemorga suv bermang, hamda uni majburan ushlab turishga harakat qilmang. Atrofdagi odamlardan shifokorni chaqirishlarini iltimos qiling.

Yo.Majidova,

tibbiyot fanlari doktori, professor,

S.Tursunxo‘jayeva,

tibbiyot fanlari nomzodi, “Spektra nevrologiya” klinikasi bosh shifokori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: